Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1146-modda
Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berish
Meros ochilgan joydagi notarius merosxoʻrning iltimosiga koʻra unga merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berishi shart. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma meros ochilgan kundan eʼtiboran olti oy oʻtganidan keyin beriladi. Qonun boʻyicha meros olinganida ham, vasiyatnoma boʻyicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni soʻrab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxoʻrlar yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlsa, guvohnoma yuqorida koʻrsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1147-modda
Merosdan voz kechish huquqi
Merosxoʻr meros ochilgan kundan eʼtiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish merosxoʻr tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan boʻlsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 1148-modda
Merosdan voz kechish huquqining cheklanishi
Agar merosxoʻr vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan merosdan voz kechishga haqli. Merosxoʻr ulushning ortishi huquqi boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qatʼi nazar, voz kechishga haqli. Merosxoʻr merosdan voz kechganida vasiyatnoma boʻyicha yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlar jumlasidan boʻlmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini koʻrsatishga haqli. Ushbu moddada nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qoʻyib voz kechilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1149-modda
Vasiyat majburiyatini qabul qilib olishdan voz kechish huquqi
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi vasiyat majburiyatidan voz kechishga haqli. Qisman voz kechishga, izohotlar bilan, shartlar qoʻyib yoki boshqa shaxsning foydasiga voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu moddada nazarda tutilgan huquq ayni bir paytning oʻzida ham merosxoʻr, ham vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi hisoblangan shaxsning merosdan voz kechish huquqiga bogʻliq boʻlmaydi. Agar vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi ushbu moddada nazarda tutilgan huquqdan foydalangan boʻlsa, zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxoʻr bu majburiyatni bajarishdan ozod boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 115-modda
Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik
Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan holdagina uning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1150-modda
Merosning taqsimlanishi
Merosni qabul qilib olgan qonun boʻyicha merosxoʻrlardan istalgan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli. Merosni taqsimlash merosxoʻrlarning kelishuviga koʻra oʻzlariga tegishli ulushlarga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud tartibida amalga oshiriladi. Ushbu moddaning qoidalari barcha meros yoki uning bir qismi merosxoʻrlarga ulushlarda muayyan mol-mulk koʻrsatilmasdan vasiyat qilingan hollarda merosni vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlashga nisbatan qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1151-modda
Hozir boʻlmagan merosxoʻrlarning huquqlari
Agar merosxoʻrlar orasida turgan joyi nomaʼlum shaxslar boʻlsa, qolgan merosxoʻrlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni koʻrishlari shart. Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir boʻlmagan merosxoʻr merosdan voz kechmagan boʻlsa, qolgan merosxoʻrlar merosni taqsimlash niyatlari toʻgʻrisida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir boʻlmagan merosxoʻr xabar qilingan paytdan eʼtiboran uch oy ichida qolgan merosxoʻrlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi toʻgʻrisida xabardor qilmasa, qolgan merosxoʻrlar hozir boʻlmagan merosxoʻrga tegishli boʻlgan ulushni ajratib, oʻzaro kelishuvga koʻra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar. Agar hozir boʻlmagan merosxoʻrning turgan joyi meros ochilgan kundan eʼtiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmasa, qolgan merosxoʻrlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari boʻyicha amalga oshirishga haqlidirlar. Homila boʻlgan, biroq hali tugʻilmagan merosxoʻr boʻlsa, merosni taqsimlash bunday merosxoʻr tugʻilganidan keyingina amalga oshirilishi mumkin. Agar homila holida boʻlgan, biroq hali tugʻilmagan merosxoʻr tirik tugʻilsa, qolgan merosxoʻrlar unga tegishli boʻlgan meros ulushini ajratgan holdagina merosni taqsimlashni amalga oshirishga haqlidirlar. Meros taqsimotida chaqaloqning manfaatlarini himoya qilish uchun vasiylik va homiylik organining vakili taklif etilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1152-modda
Korxonaga vorislik
Agar meros tarkibiga kiradigan korxonaning merosni qabul qilib olgan barcha merosxoʻrlari kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, bunday meros natura holida taqsimlanmaydi va merosxoʻrlarga tegishli boʻlgan ulushlarga muvofiq ularning umumiy ulushli mulkiga aylanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1153-modda
Ayrim merosxoʻrlarning meros tarkibiga kiradigan mol-mulkka nisbatan imtiyozli huquqi
Meros ochilgunga qadar uch yil mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxoʻrlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek uy-joy ashyolari va roʻzgʻor buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladilar. Meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega boʻlgan merosxoʻrlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan umumiy mulk boʻlgan mol-mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladilar. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan imtiyozli huquqlar amalga oshirilganda meros taqsimotida qatnashayotgan boshqa merosxoʻrlarning mulkiy manfaatlariga rioya etilishi lozim. Agar mazkur huquqlarni amalga oshirish natijasida merosni hosil qiluvchi mol-mulk boshqa merosxoʻrlarga tegishli ulushlarni berish uchun yetarli boʻlmasa, imtiyozli huquqni amalga oshirayotgan merosxoʻr ularga tegishli pul yoki mol-mulk tovonini toʻlashi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1154-modda
Meros ulushlarining ortishi
Merosxoʻr merosdan voz kechgan yoxud ushbu Kodeksning 1119-moddasida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha merosxoʻrlar orasidan chiqib ketgan taqdirda merosning unga tegadigan qismi vorislikka chaqirilgan qonun boʻyicha merosxoʻrlarga oʻtadi va ular oʻrtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Agar meros qoldiruvchi barcha mol-mulkni oʻzi tayinlagan merosxoʻrlarga vasiyat qilgan boʻlsa, merosning merosdan voz kechgan yoki merosxoʻrlar qatoridan chiqib ketgan merosxoʻrga tegishli boʻlgan qismi qolgan vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlarga oʻtadi va, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ular oʻrtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar: agar voz kechgan yoki merosxoʻrlar qatoridan chiqib ketgan merosxoʻr oʻrniga boshqa merosxoʻr tayinlangan; merosxoʻr merosdan muayyan shaxs foydasiga voz kechgan; qonun boʻyicha vorislikda merosxoʻrning voz kechishi yoki merosxoʻrlar qatoridan chiqib ketishi vorislikka keyingi navbatdagi merosxoʻrlarni chaqirishga sabab boʻlgan hollarda qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1155-modda
Meros hisobidan toʻlanishi lozim boʻlgan xarajatlar
Meros vorislar oʻrtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan taʼminlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1156-modda
Kreditorlarning meros qoldiruvchining qarzlarini undirib olishi
Meros qoldiruvchining kreditorlari vasiyatnomani ijro etuvchiga (merosni boshqaruvchiga) yoki merosxoʻrlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan oʻz talablarini qoʻyishga haqlidirlar. Bu holda merosxoʻrlarning har biri oʻziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1157-modda
Egasiz qolgan mol-mulk
Agar qonun boʻyicha ham, vasiyatnoma boʻyicha ham merosxoʻrlar boʻlmasa yoxud merosxoʻrlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega boʻlmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan boʻlsa, meros mol-mulk egasiz deb hisoblanadi. Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasi boʻyicha meros ochilgan kundan eʼtiboran uch yil oʻtganidan keyin sudning qarori asosida egasiz deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qoʻriqlash va boshqarish bilan bogʻliq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, koʻrsatilgan muddat oʻtishidan oldin egasiz deb topilishi mumkin. Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga oʻtadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat mulkiga oʻtadi. Egasiz mol-mulkni qoʻriqlash va boshqarish ushbu Kodeksning 1144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 1158-modda
Chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik- huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqni belgilash
Chet el fuqarolari yoki chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi yoxud chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq ushbu Kodeks, boshqa qonunlar, xalqaro shartnomalar va eʼtirof etilgan xalqaro taomillar asosida, shuningdek taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi. Taraflarning huquqni tanlashga doir kelishuvi ochiq ifodalangan boʻlishi yoki bevosita shartnoma talablaridan va ishning koʻrib chiqilayotgan barcha holatlaridan kelib chiqishi lozim. Agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqni aniqlashning imkoni boʻlmasa, chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan eng uzviy bogʻlangan huquq qoʻllanadi. Chet el huquq normasi ommaviy-huquqiy xususiyatga ega boʻlganligiga asoslanibgina uni qoʻllashni cheklash mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 1159-modda
Huquqiy baho berish
Yuridik tushunchalarga sud yoki boshqa davlat organi tomonidan huquqiy baho berilishida, agar qonunda boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, bunday yuridik tushunchalarni nizo koʻrib chiqilayotgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining huquqiga muvofiq sharhlashga asoslanadi. Agar yuridik tushunchalar nizo koʻrib chiqilayotgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining huquqiga nomaʼlum boʻlsa yoki boshqa nom yoxud boshqa mazmun bilan maʼlum boʻlsa va Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha talqin etish orqali aniqlanishi mumkin boʻlmasa, ularga huquqiy baho berishda chet davlat huquqi ham qoʻllanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 116-modda
Qonunchilikning talablariga muvofiq boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligi
Qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1160-modda
Chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash
Chet el huquqini qoʻllanishda sud yoki boshqa davlat organi uning normalari mazmunini bu normalarning tegishli xorijiy davlatda rasmiy talqin etilishi, qoʻllanish amaliyoti va doktrinasiga muvofiq aniqlaydi. Sud yoki boshqa davlat organi chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirishlar soʻrab Adliya vazirligiga va boshqa milliy vakolatli organlar hamda muassasalarga, shu jumladan chet eldagi organlar va muassasalarga murojaat etishi yoxud ekspertlarni jalb qilishi mumkin. Ishda ishtirok etayotgan shaxslar oʻz talablari yoki eʼtirozlarini asoslash uchun oʻzlari vaj keltirayotgan chet el huquqi normalarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishga va bu normalarning mazmunini aniqlashda sudga yoki boshqa davlat organlariga boshqacha tarzda yordamlashishga haqlidirlar. Agar ushbu moddaga muvofiq koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramay, chet el huquqi normalarining mazmuni oqilona muddatlarda aniqlanmasa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1161-modda
Qarshi tomon va uchinchi mamlakat huquqiga havola etish
Ushbu boʻlim qoidalariga muvofiq, chet el huquqiga har qanday havola etish tegishli mamlakatning kollizion huquqiga emas, balki moddiy huquqiga havola etish deb qaralishi lozim, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Chet el huquqi ushbu Kodeksning 1168-moddasiga, 1169-moddasining birinchi, uchinchi va beshinchi qismlariga, 1171 va 1174-moddalariga muvofiq qoʻllanilgan hollarda qarshi tomon sifatida Oʻzbekiston Respublikasi huquqiga va uchinchi mamlakat huquqiga havola etish qabul qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1162-modda
Qonunni chetlab oʻtish oqibatlari
Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining ushbu boʻlimning qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqqa doir qoidalarini chetlab oʻtib, tegishli munosabatlarni boshqa huquqqa boʻysundirishga qaratilgan kelishuvlari va boshqa harakatlari haqiqiy emas. Bunday holda tegishli davlatning ushbu boʻlimga muvofiq tatbiq etilishi lozim boʻlgan huquqi qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1163-modda
Huquqni oʻzarolik asosida qoʻllash
Sud yoki boshqa davlat organi oʻzi koʻrib chiqayotganiga oʻxshash munosabatlarga nisbatan tegishli chet davlatda Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllanishi yoki qoʻllanmasligidan qatʼi nazar, ana shu chet davlatning huquqini qoʻllayveradi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunida chet el huquqini oʻzarolik asosida qoʻllash nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Agar chet el huquqini qoʻllash oʻzarolikka bogʻliq boʻlsa, boshqacha holat isbotlanmaganligi sababli u mavjud deb taxmin qilinadi.