Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma
Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan boʻlishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin.
Vasiyat qiluvchining soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida toʻliq oʻqib chiqishi lozim.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan oʻqiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan oʻqib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan oʻqiy olmaganligining sabablari koʻrsatiladi.
Vasiyat qiluvchining xohishiga koʻra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.
Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida oʻz qoʻli bilan yozishi va imzolashi lozim. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar oʻz familiyalari, ismlari, otalarining ismini va doimiy turar joylarini koʻrsatgan holda xatjildga imzo qoʻyadilar. Guvohlar imzo qoʻygan xatjild guvohlar va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlash ustxatini yozib qoʻyadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish