Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1074-modda
Turdosh huquqlar obyektlari
Turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 1075-modda
Turdosh huquqlar subyektlari
Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir. Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan koʻrsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning eʼtiboriga yetkazishga boʻlgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 1076-modda
Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari
Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga boʻlgan mutlaq huquqlar egalari oʻz huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin boʻlib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan har bir gʻilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat boʻladi: aylana ichidagi lotincha “P” harfi; mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi (nomi); fonogramma birinchi marta chop etilgan yil. Nomi yoki ismi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan gʻilofda odatiy tarzda koʻrsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan boʻlsa, fonogrammani tayyorlovchi deb eʼtirof etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1077-modda
Ijrochining huquqlari
Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir: ismiga boʻlgan huquq; ijroni ijrochining shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday tarzda buzib koʻrsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi; ijrodan har qanday shaklda foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga boʻlgan huquq. Ijrochining ijrodan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi: ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi); ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi); ijro yozuvini barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi); ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga boʻlgan mulk huquqidan qatʼi nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi); ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi); ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki koʻrsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan boʻlsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi); ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan boʻlsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi). Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga ijrochining roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi. Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirigʻini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1062-moddasi qoidalari qoʻllaniladi. Ijrochilar oʻz huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak. Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1078-modda
Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari
Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir. Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi: fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi); fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi); fonogrammani barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi); fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga boʻlgan mulk huquqidan qatʼi nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi); fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga boʻlgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi); fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi); fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi). Fonogrammani tayyorlovchi oʻz fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega. Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi. Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma boʻyicha boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qoʻllaniladi. Fonogrammalarni tayyorlovchilar oʻz huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak. Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1079-modda
Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari
Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotga oʻz koʻrsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mutlaq huquqlar tegishlidir. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning oʻz koʻrsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi: koʻrsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi); koʻrsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi); koʻrsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi); koʻrsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi); kirish pulli joylarda koʻrsatuv yoki eshittirishni barchaning eʼtibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning eʼtibori uchun yuborish huquqi); koʻrsatuv yoki eshittirishni retranslyatsiya qilish (retranslyatsiya huquqi); koʻrsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning eʼtibori uchun yuborish yoxud koʻrsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (koʻrsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi). Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot oʻz koʻrsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma boʻyicha boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qoʻllaniladi. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar oʻz huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, koʻrsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 108-modda
Bitimning oddiy yozma shakli
Notarial tasdiqlanishi talab etiladigan bitimlardan tashqari, quyidagi bitimlar oddiy yozma shaklda tuziladi: 1) yuridik shaxslarning oʻzaro va fuqarolar bilan bitimlari; 2) fuqarolar oʻrtasidagi belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa — bitim summasidan qatʼi nazar, boshqa bitimlar. Ushbu Kodeksning 106-moddasiga muvofiq ogʻzaki tuzilishi mumkin boʻlgan bitimlar uchun oddiy yozma shaklga rioya etish talab qilinmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1082-modda
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga boʻlgan huquq patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qoʻyiladigan, patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda vakolatli davlat organining bunday hujjat berish tartibi qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1083-modda
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish huquqi
Patent bilan muhofazalangan ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan oʻz xohishicha foydalanishdagi alohida huquq, shu jumladan muhofazalangan yechimlarni qoʻllangan holda mahsulot ishlab chiqarish, patent bilan muhofazalangan texnologik jarayonlarni oʻz ishlab chiqarishida qoʻllash, muhofazalangan yechimga ega boʻlgan mahsulotlarni sotish yoki sotishga taklif etish, tegishli mahsulotlarni chetdan keltirish huquqi patent egasiga tegishlidir. Patent egasidan boshqa shaxslar uning ruxsatisiz ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanishga haqli emas, bunday foydalanish ushbu Kodeks yoki boshqa qonunga muvofiq patent egasining huquqlarini buzish hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno. Patentlangan ixtironi, foydali model yoki sanoat namunasini qoʻllangan holda mahsulotni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllanish, chetdan olib kelish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlash, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllanish yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul vositasidagina tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlash patent egasi alohida huquqining buzilishi hisoblanadi. Boshqacha holat isbotlangunga qadar mahsulot patentlangan usul bilan tayyorlangan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1084-modda
Patentga boʻlgan huquqni tasarruf etish
Patent olish huquqi, talabnomani roʻyxatdan oʻtkazishdan kelib chiqadigan huquqlar, patentga egalik huquqi va patentdan kelib chiqadigan huquqlar boshqa shaxsga toʻliq yoki qisman berilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1085-modda
Mualliflik huquqi
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga mualliflik huquqi va maxsus nom berish huquqi ixtiro, foydali model, sanoat namunasining muallifiga tegishlidir. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga boʻlgan mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy huquqlar patentga asoslangan huquqlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi muallifini qonun maxsus huquqlar, imtiyozlar va ijtimoiy tusdagi afzalliklar bilan taʼmin etishi mumkin. Talabnomada muallif tariqasida koʻrsatilgan shaxs boshqacha holat isbotlangunga qadar muallif hisoblanadi. Huquq yuzaga kelishidan avval mavjud boʻlgan faktlar va holatlargina dalil tariqasida jalb etilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1086-modda
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasining hammualliflari
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi hammualliflarining oʻzaro munosabatlari ular oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilab qoʻyiladi. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini yaratishga noijodiy yordam berish (texnikaviy, tashkiliy yoki matematik yordam, huquqlarni rasmiylashtirishga koʻmaklashish va hokazolar) hammualliflikka sabab boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1087-modda
Xizmat ixtirolari, foydali modellari, sanoat namunalari
Xodim oʻz xizmat majburiyatlarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish vaqtida yaratgan ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga (xizmat ixtirosiga) patent olish huquqi, basharti bu ular oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchiga tegishli boʻladi. Xizmat ixtirosi, foydali modeli, sanoat namunasi uchun muallifga toʻlanadigan mukofot puli miqdori, toʻlov sharti va tartibi u bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilab qoʻyiladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda qarorni sud chiqaradi. Basharti muallif va ish beruvchining xizmat ixtirosi, foydali modeli yoki sanoat namunasini yaratishga qoʻshgan hissasini aniq belgilashning iloji boʻlmasa, ish beruvchi olgan yoki oladigan foydaning yarmisiga boʻlgan huquq muallifniki deb eʼtirof etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1088-modda
Patentga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaning shakli
Patentga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi (patentni berish toʻgʻrisidagi) shartnoma yozma shaklda tuzilishi va vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki roʻyxatdan oʻtkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1089-modda
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish ruxsatnomasining (litsenziya- sining) shakli
Litsenziya shartnomasi va qoʻshimcha litsenziya shartnomasi yozma shaklda tuziladi va vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki roʻyxatdan oʻtkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 109-modda
Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik oqibatlari
Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning koʻrsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi. Taraflar bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlashga haqlidirlar. Qonunda yoki taraflarning kelishuvida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan hollarda bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.
- FuqarolikCIVIL · 1090-modda
Patentni buzganlik uchun javobgarlik
Patentni buzish patent egasining talabi bilan toʻxtatilishi, qoidabuzar esa patent egasiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shart. Patent egasi zararlarning qoplanishi oʻrniga qoidabuzardan qonunda belgilangan miqdorda va tartibda tovon toʻlashini talab qilishga haqlidir.
- FuqarolikCIVIL · 1091-modda
Oʻsimliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish
Oʻsimliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga (seleksiya yutuqlariga) boʻlgan huquqlar patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi. Seleksiya yutugʻiga patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda bunday patentni berish tartibi qonun bilan belgilab qoʻyiladi. Seleksiya yutuqlariga boʻlgan huquqlar hamda bu huquqlarni muhofaza qilish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan, basharti ushbu bobning qoidalari va qonunda oʻzgacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning tegishincha 1084 –– 1090-moddalari qoidalari tadbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1092-modda
Seleksiya yutugʻi muallifining haq olish huquqi
Seleksiya yutugʻining patent egasi boʻlmagan muallifi seleksiya yutugʻidan foydalanganlik uchun patentning amal qilish muddati davomida patent egasidan haq olish huquqiga ega. Seleksiya yutugʻi muallifiga toʻlanadigan haq miqdori va toʻlov shartlari u bilan patent egasi oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1093-modda
Patent egasining huquqi
Seleksiya yutugʻi patentining egasi seleksiya yutugʻidan qonunda belgilab qoʻyilgan doirada foydalanish boʻyicha alohida huquqqa egadir.