Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1049-modda
Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari
Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb eʼtirof etilmaydi. Biroq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega boʻladilar. Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda oʻz ismi yoki nomini koʻrsatishga yoxud ismi yoki nomi koʻrsatilishini talab qilishga haqlidir. Ensiklopediyalar, ensiklopedik lugʻatlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli toʻplamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir oʻz ismi yoki nomini koʻrsatishga yoxud ismi yoki nomi koʻrsatilishini talab qilishga haqlidir. Bunday nashrlarga kiritilgan asarlarning mualliflari, agar mualliflik shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, umuman nashrdan qatʼi nazar, oʻz asarlaridan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlarini saqlab qoladilar.
- FuqarolikCIVIL · 105-modda
Bitimlarning shakli
Bitimlar ogʻzaki yoki yozma (oddiy yoki notarial tasdiqlangan) shaklda tuziladi. Sukut saqlash qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda bitim tuzishga boʻlgan xohish-irodaning ifodasi hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1050-modda
Mualliflik huquqining himoya belgilari
Alohida mualliflik huquqining egasi oʻz huquqlaridan xabardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin: aylana ichiga olingan lotincha “S” harfi; alohida mualliflik huquqlari egasining ismi (nomi); asar birinchi marta eʼlon qilingan yil. Mualliflik huquqining himoya belgisida koʻrsatilgan shaxs, basharti boshqa hol isbotlanmagan boʻlsa, huquq egasi hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1051-modda
Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari
Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir: asar muallifi deb eʼtirof etilish huquqi (mualliflik huquqi); asardan muallifning haqiqiy ismi, taxallusini koʻrsatgan holda yoxud ismini koʻrsatmasdan, yaʼni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismiga boʻlgan huquq); asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga boʻlgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi; asarni, shu jumladan uning nomini muallifning shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday tarzda buzib koʻrsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obroʻsini himoya qilish huquqi). Muallif asarni oshkor qilish toʻgʻrisida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli koʻrgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrnini qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan boʻlsa, muallif uni chaqirib olganligi toʻgʻrisida ommaga maʼlum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini oʻz hisobidan muomaladan olib qoʻyishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning oʻziga, nomiga va muallifning ismi koʻrsatilishiga biron-bir oʻzgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, soʻzboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qatʼi nazar, unga tegishli boʻlib, asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga oʻtkazilgan taqdirda ham uning oʻzida saqlanib qoladi. Muallifning oʻz shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish toʻgʻrisida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 1056-modda
Muallifning mulkiy huquqlari
Muallifga asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir. Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular boʻlmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Muallifning asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi: asarni takrorlash (takrorlash huquqi); asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi); asarni barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi); asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi); tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi); asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan barchaning eʼtibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi); asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi); asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi); asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi); asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan barchaning eʼtibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi); asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi); asarni barchaning eʼtiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning eʼtiboriga takroran yuborish huquqi). Muallif oʻz asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqiga) ega. Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga muallifning roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi. Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qoʻllash asardan mualliflik huquqi maʼnosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1058-modda
Mualliflik huquqlarining cheklanishi
Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Kodeksning 1059—1062-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga oʻrinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1059-modda
Asarlarni muallifning roziligisiz va haq toʻlanmagan holda shaxsiy maqsadlarda takrorlash
Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq toʻlanmagan holda takrorlashga yoʻl qoʻyiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari: binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga; maʼlumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga; qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga; kitoblarni (toʻlaligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 106-modda
Bitimning ogʻzaki shakli
Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida yozma shakl belgilab qoʻyilmagan, jumladan u tuzilayotgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan bitim ogʻzaki tuzilishi mumkin. Shaxsning xatti-harakatidan uning bitim tuzishga boʻlgan xohish-irodasi bilinib turgan holda ham bunday bitim tuzilgan hisoblanadi. Jeton, patta yoki odatda qabul qilingan boshqa belgi berish yoʻli bilan tasdiqlangan bitim, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ogʻzaki shaklda tuzilgan bitim hisoblanadi. Yozma shaklda tuzilgan shartnomani bajarishga qaratilgan bitimlar, agar qonunchilik va shartnomaga zid boʻlmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq ogʻzaki tuzilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1060-modda
Asarlarni omma oldida erkin ijro etish
Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq toʻlanmagan holda omma oldida ijro etishga yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1061-modda
Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, maʼmuriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish
Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, maʼmuriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini koʻzlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq toʻlanmagan holda foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1062-modda
Xizmat asariga boʻlgan mualliflik huquqi
Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirigʻini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) boʻlgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi. Xizmat asaridan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi oʻrtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ish beruvchiga tegishlidir. Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq miqdori va uni toʻlash tartibi muallif bilan ish beruvchi oʻrtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qatʼi nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan eʼtiboran oʻn yil oʻtganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va haq olish huquqini toʻliq hajmda qoʻlga kiritadi. Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi. Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda oʻz nomini koʻrsatishga yoxud uni koʻrsatishni talab qilishga haqlidir. Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yoʻsinida ushbu Kodeks 1049-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lugʻatlar, davriy va davomli ilmiy ishlar toʻplamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1063-modda
Mualliflik huquqining amal qilish sohasi
Ushbu Kodeksga muvofiq mualliflik huquqi: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy turar joyiga ega boʻlgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga; mualliflarning fuqaroligi va doimiy turar joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga; Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi. Agar asar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan soʻng oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi hududida chop etilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos boʻlib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir boʻlgan boʻlsa, oʻsha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1065-modda
Mualliflik huquqining amal qilish muddati
Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Hammualliflikda yaratilgan asarga boʻlgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr koʻrgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi. Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar koʻrsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi oʻz shaxsini maʼlum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga oʻrin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlar qoʻllaniladi. Muallifning vafotidan keyin birinchi marta eʼlon qilingan asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar eʼlon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi. Mualliflik huquqi, mualliflik ismiga boʻlgan huquq va muallif obroʻsini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi. Asarga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak. Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning oʻta boshlashi uchun asos boʻladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan eʼtiboran boshlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1066-modda
Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi
Asarlarga boʻlgan mualliflik huquqining amal qilish muddatini tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi. Ijtimoiy mulk boʻlgan asarlardan har qanday shaxs haq toʻlamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 1067-modda
Mualliflik shartnomasi
Ushbu Kodeks 1056-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yoʻli bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollar bundan mustasno. Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq boʻlmagan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar oʻtkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi. Mutlaq boʻlmagan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi. Mualliflik shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mutlaq boʻlmagan huquqlar hisoblanadi. Asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq emas. Moddiy obyektga boʻlgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga boʻlgan biron-bir mualliflik huquqining oʻz-oʻzidan boshqa shaxsga oʻtkazilishiga sabab boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1068-modda
Mualliflik shartnomasining shartlari
Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak: asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida oʻtkaziladigan aniq huquqlar); asardan foydalanishning har bir usuli uchun toʻlanadigan haq miqdori va (yoki) toʻlanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni toʻlash tartibi hamda muddatlari. Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin. Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga oʻtkazilishi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil oʻtganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan boʻlsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin. Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan huquqning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi. Boshqa shaxsga oʻtkazilishi mualliflik shartnomasida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga oʻtkazilmagan deb hisoblanadi. Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali maʼlum boʻlmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti boʻlishi mumkin emas. Toʻlanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning oʻziga xos jihatlari bilan bogʻliq holda amalga oshirish mumkin boʻlmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq toʻlash qatʼiy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng koʻp adadi belgilab qoʻyilishi shart. Mualliflik shartnomasi boʻyicha oʻtkazilgan huquqlar bunday shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga toʻliq yoki qisman oʻtkazilishi mumkin. Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid boʻlgan shartlari haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 1069-modda
Mualliflik shartnomasining shakli
Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 107-modda
Bitimning yozma shakli
Yozma shaklda tuzilgan bitimni, agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak. Agar qonunchilikka yoki ishtirokchilardan birining talablariga zid boʻlmasa, bitim tuzish chogʻida imzodan faksimile usulida nusxa koʻchirish vositalaridan foydalanilishiga yoʻl qoʻyiladi. Ikki taraflama bitimlar har birini berayotgan taraf imzolaydigan hujjatlarni oʻzaro ayirboshlash yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Xatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki subyektlarni va ular xohish-irodasining mazmunini ifodalaydigan boshqa hujjatlarni oʻzaro ayirboshlash, agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtiriladi. Qonunchilikda va taraflarning kelishuvida bitim shakli mos kelishi shart boʻlgan qoʻshimcha talablar (muayyan shakldagi blankada tuzilishi, muhr bosib (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi va boshqalar) belgilab qoʻyilishi va bu talablarga rioya etmaslik oqibatlari nazarda tutilishi mumkin. Agar fuqaro jismoniy kamchiligi, kasalligi yoki savodsizligi tufayli bitimni shaxsan oʻzi imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan bitimni boshqa fuqaro imzolashi mumkin. Boshqa fuqaroning imzosi notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan guvohlantirilib, bitim tuzuvchi uni shaxsan oʻzi imzolay olmasligining sabablari koʻrsatilishi shart. Yozma shaklda tuzilgan bitimni bajargan taraf ikkinchi tarafdan ijroni tasdiqlovchi hujjat talab qilishga haqli. Ogʻzaki tadbirkorlik bitimini bajargan taraf ham ana shunday huquqqa ega, tuzilgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan bitimlar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 1070-modda
Mualliflik shartnomasi boʻyicha javobgarlik
Mualliflik shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni umuman yoki tegishli darajada bajarmagan taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararning oʻrnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 1073-modda
Mualliflik munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish
Mualliflik munosabatlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadi.