Muallifning mulkiy huquqlari
Muallifga asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular boʻlmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.
Muallifning asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:
asarni takrorlash (takrorlash huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi);
asarni barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);
tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);
asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan barchaning eʼtibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);
asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);
asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);
asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);
asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan barchaning eʼtibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);
asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);
asarni barchaning eʼtiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning eʼtiboriga takroran yuborish huquqi).
Muallif oʻz asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqiga) ega.
Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga muallifning roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.
Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qoʻllash asardan mualliflik huquqi maʼnosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish