Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1030-modda
Qaytarib berilmaydigan asossiz orttirilgan boylik
Quyidagilar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi: ijro etish muddati toʻlgunga qadar majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk, agar majburiyatda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa; daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk; ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablagʻlari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar boʻlmaganda; mavjud boʻlmagan majburiyatni bajarish uchun berilgan pul summalari va boshqa mol-mulk, agar qoʻlga kirituvchi mol-mulkni qaytarishni talab qilayotgan shaxsning majburiyat yoʻqligini bilganligini yoxud mol-mulkni xayriya maqsadlarida berganligini isbotlasa.
- FuqarolikCIVIL · 1031-modda
Intellektual mulk obyektlari
Intellektual mulk obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) intellektual faoliyat natijalari: fan, adabiyot va sanʼat asarlari; ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari; elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalari; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari; seleksiya yutuqlari; oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau); 2) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar: firma nomlari; tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari); geografik koʻrsatkichlar; tovarlar chiqarilgan joy nomi; 3) ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar.
- FuqarolikCIVIL · 1032-modda
Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish
Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi tufayli yoxud ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolat berilgan davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza berilishi natijasida yuzaga keladi. Oshkor etilmagan axborotga huquqiy muhofaza berish shartlari qonun bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1033-modda
Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar
Intellektual faoliyat natijalarining mualliflari ana shu natijalarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega boʻladilar. Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga uning mulkiy huquqlaridan qatʼi nazar, tegishli boʻladi va uning intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan mulkiy huquqlari boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda uning oʻzida saqlanib qoladi. Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (bundan buyon matnda — xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar)ga nisbatan huquq egalariga bu vositalar borasida mulkiy huquqlar tegishli boʻladi. Mualliflik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi deb eʼtirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli boʻladi. Mualliflik huquqi boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi va berilmaydi. Agar natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʻlsa, ular hammualliflar hisoblanadilar. Intellektual mulkning ayrim obyektlariga nisbatan qonunda asarning toʻlaligicha hammualliflari deb hisoblanadigan shaxslar doirasi cheklab qoʻyilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1034-modda
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar
Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obyektidan oʻz xohishiga koʻra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli boʻladi. Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli boʻlgan intellektual mulk obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga toʻliq yoki qisman oʻtkazishga, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va, agar bu ushbu Kodeks va boshqa qonunlarning qoidalariga zid boʻlmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli. Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yoʻli bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishga va ularni tugatishga (bekor qilishga) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Mutlaq huquqlarni cheklash bunday cheklash intellektual mulk obyektidan normal foydalanilishiga oʻrinsiz ziyon yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1035-modda
Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishi
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar, agar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, huquq egasi tomonidan shartnoma boʻyicha boshqa shaxsga toʻliq yoki qisman oʻtkazilishi mumkin, shuningdek bu mutlaq huquqlar meros boʻlib va yuridik shaxs — huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik tartibida oʻtadi. Mulkiy huquqlarning shartnoma boʻyicha oʻtkazilishi yoxud ularning universal huquqiy vorislik tartibida oʻtishi mualliflik huquqining va boshqa begonalashtirilmaydigan hamda oʻzgaga oʻtkazilmaydigan mutlaq huquqlarning oʻtkazilishiga yoki cheklanishiga sabab boʻlmaydi. Bunday huquqlarning oʻtkazilishi yoki cheklanishi toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Shartnoma boʻyicha oʻtkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qoʻyilishi lozim. Shartnomada boshqa shaxsga oʻtkaziladigan huquq sifatida koʻrsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan boʻlsa, oʻtkazilmagan deb hisoblanadi. Mutlaq huquqni uning amal qilish davrida cheklangan vaqtga boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan litsenziya shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1036-modda
Litsenziya shartnomasi
Litsenziya shartnomasi boʻyicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega boʻlgan taraf (litsenziar) boshqa tarafga (litsenziatga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi. Litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish chegaralari va muddatlarini aniqlashi lozim. Litsenziya shartnomasi pullik hisoblanadi. Litsenziya shartnomasi litsenziatga quyidagilarni berishni nazarda tutishi mumkin: intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy nomutlaq litsenziya) foydalanish huquqini; intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saqlanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyani berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini; qonunda yoʻl qoʻyiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni. Agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi shartnoma sublitsenziya shartnomasi hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli. Qoʻshimcha litsenziatning harakatlari uchun, agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1037-modda
Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma
Muallif intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha kelgusida asar, ixtiro yoki boshqa intellektual faoliyat natijasini yaratish va oʻzining ish beruvchisi boʻlmagan buyurtmachiga bu natijadan foydalanish uchun mutlaq huquqlar berish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnoma yaratilishi lozim boʻlgan intellektual faoliyat natijasining xususiyatini, shuningdek undan foydalanish maqsadlari yoxud usullarini belgilashi lozim. Muallif zimmasiga ushbu muallif kelgusida yaratadigan har qanday intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish uchun mutlaq huquqlarni birorta shaxsga berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaning muallifning kelgusida muayyan turdagi yoxud muayyan sohadagi intellektual faoliyat natijalarini yaratishini cheklaydigan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 1038-modda
Mutlaq huquq va mulk huquqi
Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquq bunday natija yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita ifodalangan moddiy obyektga nisbatan mulk huquqidan qatʼi nazar mavjud boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1039-modda
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlar muddatsiz amal qiladi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilishi undan muayyan vaqt mobaynida foydalanilmasligi oqibatida bekor qilinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 104-modda
Shartli bitimlar
Agar taraflar huquq va burchlarning kelib chiqishini yuz berishi yoki bermasligi nomaʼlum boʻlgan holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bitim kechiktirish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Agar taraflar huquq va burchlarning bekor boʻlishini yuz berishi yoki bermasligi nomaʼlum holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bunday bitim bekor boʻlish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi. Agar shartning yuz berishiga uning yuz berishidan manfaatdor boʻlmagan taraf insofsizlik bilan qarshilik koʻrsatgan boʻlsa, bu shart yuz bergan deb hisoblanadi. Agar shartning yuz berishiga ushbu shartning yuz berishidan manfaatdor boʻlgan taraf insofsizlik bilan yordamlashgan boʻlsa, bu shart sodir boʻlmagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1040-modda
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullar bilan amalga oshiriladi. Mutlaq huquqlarni himoya qilish shuningdek: mutlaq huquqlar qaysi moddiy obyektlar yordamida buzilgan boʻlsa, oʻsha moddiy obyektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy obyektlarni olib qoʻyish orqali; yoʻl qoʻyilgan buzish haqidagi maʼlumotni majburiy suratda eʼlon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish orqali; qonunda nazarda tutilgan boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin. Intellektual faoliyat natijalarini va xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalarni yaratish hamda ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma buzilganda majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1041-modda
Mualliflik huquqi obyekti
Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi boʻlmish fan, adabiyot va sanʼat asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi. Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda boʻlgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi: yozma (qoʻlyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo); ogʻzaki (omma oldida soʻzlash, omma oldida ijro etish va hokazo); ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo); tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo); hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo); boshqa shakllardagi. Mualliflik huquqi gʻoyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1042-modda
Mualliflik huquqi obyektlarining turlari
Mualliflik huquqi obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi: adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, oʻquv, publitsistik va boshqa asarlar); dramatik va ssenariy asarlar; matnli va matnsiz musiqa asarlari; musiqali-dramatik asarlar; xoreografiya asarlari va pantomimalar; audiovizual asarlar; rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy sanʼat asarlari; manzarali-amaliy va sahna bezagi sanʼati asarlari; arxitektura, shaharsozlik va bogʻ-park barpo etish sanʼati asarlari; fotografiya asarlari va fotografiyaga oʻxshash usullarda yaratilgan asarlar; joʻgʻrofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, joʻgʻrofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar; barcha turdagi elektron-hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar, shu jumladan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari; ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilab qoʻyilgan talablarga javob beruvchi boshqa asarlar.
- FuqarolikCIVIL · 1043-modda
Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar
Ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan: asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin boʻlgan qismlari (shu jumladan uning nomi); hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va sanʼat asarlarining boshqa qayta ishlanmalari); toʻplamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, maʼlumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga koʻra ijodiy mehnat natijasi boʻlgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi. Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos boʻlgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1044-modda
Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar
Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi: rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari; rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar); xalq ijodiyoti asarlari; oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar; insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun moʻljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.
- FuqarolikCIVIL · 1045-modda
Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga boʻlgan huquqlar
Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga boʻlgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalarini ishlab chiqqan shaxslar, basharti bunday loyihani ishlab chiqish toʻgʻrisida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlanmagan boʻlsa, oʻzlari yaratgan loyihalarni eʼlon qilishga haqlidirlar. Loyihani eʼlon qilishda uni ishlab chiqqan shaxslar oʻz ismlarini koʻrsatishga haqlidirlar. Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan eʼlon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan boʻlsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin. Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chogʻida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga koʻra loyihaga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritilishi mumkin. Vakolatli organ loyihani maʼqullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini koʻrsatmagan holda foydalanish mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1046-modda
Asar muallifi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi
Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʻlsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb eʼtirof etiladi. Fan, adabiyot va sanʼat asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti boʻyicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida koʻrsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan boʻlsa, asar muallifi hisoblanadi. Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi yoki nomi koʻrsatilgan noshir, agar boshqa dalillar boʻlmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini taʼminlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi oʻz shaxsini oshkor etguniga va oʻzining muallif ekanligini maʼlum qilguniga qadar amalda boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1047-modda
Hammualliflik
Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga boʻlgan mualliflik huquqi, mazkur asar boʻlinmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qatʼi nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli boʻladi. Basharti asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bogʻliq boʻlmagan holda foydalanish mumkin boʻlsa, bu mustaqil mazmunga ega boʻlgan qism deb eʼtirof etiladi. Hammualliflarning har biri, basharti ularning oʻrtasidagi kelishuvda oʻzgacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, asarning oʻzi yaratgan, mustaqil mazmunga ega boʻlgan qismidan oʻz xohishiga koʻra foydalanishga haqlidir. Hammualliflar oʻrtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda asarga boʻlgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular oʻrtasida teng taqsimlanadi. Basharti hammualliflarning asari boʻlinmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar boʻlmay turib taqiqlab qoʻyishga hammualliflardan hech biri haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 1048-modda
Hosila asarga boʻlgan mualliflik huquqi
Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va sanʼat asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga boʻlgan mualliflik huquqi tegishlidir. Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, oʻzi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi. Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos boʻlgan asarni boshqa shaxslar ham oʻzlari qayta ishlashlariga toʻsqinlik qilmaydi.