Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1012-modda
Zararni qoplash miqdorining oʻzgarishi
Mehnat qobiliyatini qisman yoʻqotgan jabrlanuvchi zararni toʻlash majburiyati yuklangan shaxsdan istalgan vaqtda, agar uning mehnat qobiliyati sogʻligʻiga yetkazilgan shikast tufayli oʻziga zararni undirish belgilangan paytda boʻlganidagiga nisbatan yomonlashsa, qoplash miqdorini tegishlicha koʻpaytirishni talab qilishga haqli. Jabrlanuvchining sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs, agar jabrlanuvchining mehnat qobiliyati zararni undirish belgilangan paytda boʻlgandagiga nisbatan oshgan boʻlsa, qoplash miqdorini tegishlicha kamaytirishni talab qilishga haqli. Jabrlanuvchi, agar zararning oʻrnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan fuqaroning mulkiy ahvoli yaxshilangan boʻlsa, qoplash miqdori esa ushbu Kodeks 1004-moddasining beshinchi qismiga muvofiq kamaytirilgan boʻlsa, zararni toʻlash miqdorini koʻpaytirishni talab qilishga haqli. Sud zarar yetkazgan fuqaroning talabiga binoan, agar uning mulkiy ahvoli nogironligi yoxud pensiya yoshiga yetganligi sababli zararning oʻrnini qoplash belgilangan paytdagiga nisbatan yomonlashgan boʻlsa, zararning oʻrnini qoplash miqdorini kamaytirishi mumkin, zarar qasddan yetkazilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 1013-modda
Turmush qiymatining oshib borishi va qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishi munosabati bilan zararni qoplashning koʻpayishi
Qonunchilikda belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdori oshirilganida boy berilgan ish haqi (daromad)ni, jabrlanuvchining sogʻligʻiga putur yetkazilishi va uning vafoti munosabati bilan belgilangan boshqa toʻlovlarni qoplash summalari qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 1014-modda
Zararning oʻrnini qoplash toʻlovlari
Jabrlanuvchining mehnat qobiliyati pasayishi yoki uning vafot etganligi bilan bogʻliq zararni qoplash har oylik toʻlovlar bilan amalga oshiriladi. Uzrli sabablar boʻlgan taqdirda sud zarar yetkazuvchining imkoniyatlarini hisobga olib, undirish huquqiga ega boʻlgan fuqaroning talabi bilan unga tegishli toʻlovlarni bir yoʻla, lekin uch yildan oshmagan vaqt uchun toʻlashni belgilashi mumkin. Kelgusi vaqt uchun qoʻshimcha xarajatlarni undirish tibbiy ekspertiza xulosasi asosida aniqlanadigan muddatlarda, shuningdek tegishli xizmatlar va mol-mulk (yoʻllanma sotib olish, yoʻl haqini toʻlash, maxsus transport vositalari haqini toʻlash va hokazo) qiymatini oldindan toʻlash zaruriyati tugʻilganda amalga oshirilishi mumkin. Jabrlanuvchi qonunga muvofiq majburiyatning bekor qilinishini yoki muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli boʻlgan hollarda, bunday talab vaqti-vaqti bilan toʻlab turiladigan tegishli toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan qanoatlantiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 1015-modda
Yuridik shaxs bekor qilingan taqdirda zararning qoplanishi
Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs qayta tuzilgan taqdirda, tegishli toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning huquqiy vorisi zimmasida boʻladi. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabnoma ham unga taqdim etiladi. Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlgan, qishloq xoʻjaligi tovar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda mablagʻ boʻlmagan yoxud yetarli boʻlmagan taqdirda, undirilishi lozim boʻlgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan toʻlanadi. Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham mazkur summalar davlat tomonidan toʻlanadi. Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, tegishli toʻlovlar ularni qonunchilikda belgilangan qoidalarga koʻra jabrlanuvchiga toʻlash uchun kapitallashtirilishi lozim. Tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki yoʻqligi yoki yetarli emasligi sababli toʻlovlarni kapitallashtirish mumkin boʻlmagan hollarda, belgilangan summalar jabrlanuvchiga davlat tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1016-modda
Dafn etish xarajatlarining qoplanishi
Jabrlanuvchi vafot etganligi tufayli koʻrilgan zarar uchun javobgar shaxslar dafn etish uchun zarur boʻlgan xarajatlar oʻrnini bu xarajatlarni qilgan shaxsga toʻlashlari shart. Bu xarajatlarni qilgan fuqarolar tomonidan olingan dafn etish nafaqasi zararning oʻrnini qoplash hisobiga kiritilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1017-modda
Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash asoslari
Tovarning (ishning, xizmatning) konstruktiv, retsepturaviy yoki boshqa nuqsonlari oqibatida, shuningdek tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi maʼlumot notoʻgʻri yoki yetarli emasligi oqibatida fuqaroning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxsning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi (ijrochi) tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida boʻlgani yoki boʻlmaganidan qatʼi nazar, qoplanishi lozim. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni (ishning bajarilishi, xizmatning koʻrsatilishi) tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun emas, balki isteʼmol maqsadlari uchun sotib olingan hollardagina qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1018-modda
Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslar
Tovarning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar jabrlanuvchining tanloviga koʻra tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi tomonidan qoplanishi lozim. Ishning (xizmatning) nuqsoni oqibatida yetkazilgan zarar ishni bajargan yoki xizmatni koʻrsatgan shaxs (ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisida toʻliq yoki ishonchli maʼlumot bermaganlik oqibatida yetkazilgan zarar ushbu moddaning qoidalariga muvofiq qoplanishi lozim. Muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish natijasida fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashda muvofiqlikni baholash organi tovarni (ishni, xizmatni) sotuvchi, tayyorlovchi (ijrochi) bilan birga solidar javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1019-modda
Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari natijasida yetkazilgan zararni qoplash muddatlari
Tovarning (ishning, xizmatning) nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar, agar u tovarning (ishning, xizmatning) belgilangan yaroqlilik muddatlari mobaynida yetkazilgan boʻlsa, qoplanishi lozim, mabodo yaroqlilik muddati belgilanmagan boʻlsa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, xizmat qabul qilib olingan) kundan boshlab oʻn yil mobaynida qoplanishi lozim. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlardan tashqari zarar quyidagi hollarda qoplanishi lozim, agar: qonun talablari buzilib yaroqlilik muddati belgilanmagan boʻlsa; tovarni sotib olgan, ishni bajartirgan yoki xizmatdan foydalangan shaxs yaroqlilik muddati tugaganidan keyin zarur boʻlgan harakatlarni qilishi toʻgʻrisida va koʻrsatilgan harakatlar bajarilmagan taqdirda kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisida ogohlantirilmagan boʻlsa.
- FuqarolikCIVIL · 102-modda
Bitim turlari
Bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki koʻp taraflama (shartnomalar) boʻlishi mumkin. Bitim tuzish uchun qonunchilikka yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va yetarli boʻlsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi. Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan koʻp taraf (koʻp taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan boʻlishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 1020-modda
Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilish asoslari
Tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi, ishning (xizmatning) ijrochisi, zarar yengib boʻlmas kuch taʼsirida yoki isteʼmolchi tovarlarni saqlash yoki ulardan (ishning natijalaridan, xizmatlardan) foydalanish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzishi oqibatida yetkazilganligini isbotlagan hollarda javobgarlikdan ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1021-modda
Umumiy qoidalar
Maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qatʼi nazar, quyidagi hollarda qoplanadi, agar: zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa; zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof tarzda qoʻllanish, qonunga xilof tarzda maʼmuriy jazo qoʻllanish va qonunga xilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan boʻlsa; zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ-eʼtiborini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa; qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
- FuqarolikCIVIL · 1022-modda
Maʼnaviy zararni qoplash usuli va miqdori
Maʼnaviy zarar pul bilan qoplanadi. Maʼnaviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari eʼtiborga olinishi lozim. Jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyati maʼnaviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi. Maʼnaviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qatʼi nazar qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1023-modda
Asossiz orttirilgan boylikni qaytarish majburiyati
Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaxs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qoʻlga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart, ushbu Kodeksning 1030-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan majburiyat, shuningdek mol-mulkni egallab olish yoki tejab qolish asosi keyinchalik bekor boʻlganda ham yuzaga keladi. Ushbu bobning qoidalari asossiz boylik orttirish qoʻlga kirituvchining, jabrlanuvchining oʻzining, uchinchi shaxslarning xulq-atvori natijasi boʻlganligidan yoki ularning irodasidan tashqari sodir boʻlganligidan qatʼi nazar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1024-modda
Asossiz orttirilgan boylikni qaytarish toʻgʻrisidagi talablarning fuqarolik huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi boshqa talablar bilan oʻzaro bogʻlanishi
Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa va tegishli munosabatlarning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bobning qoidalari, shuningdek: haqiqiy boʻlmagan bitim boʻyicha bajarilgan narsani qaytarish toʻgʻrisidagi; mulkdor tomonidan mol-mulkni birovning qonunga xilof tarzdagi egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi; majburiyatidagi bir tarafning boshqa tarafga ana shu majburiyatlar munosabati bilan qaytarish toʻgʻrisidagi; zararni, shu jumladan boylik orttirgan shaxsning insofsizlik bilan qilgan xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablarga nisbatan qoʻllanilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1025-modda
Asossiz orttirilgan boylikni asl holida qaytarish
Qoʻlga kirituvchining asossiz orttirilgan boyligini tashkil etuvchi mol-mulk jabrlanuvchiga asl holida qaytarilishi lozim. Qoʻlga kirituvchi jabrlanuvchining oldida har qanday, shu jumladan u orttirilgan boylikning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan keyin asossiz qoʻlga kiritilgan yoki tejab qolingan mol-mulkning tasodifiy yetishmovchiligi yoki yomonlashuvi uchun javobgar boʻladi. Bu paytgacha u qasd va qoʻpol ehtiyotsizlik uchungina javobgardir.
- FuqarolikCIVIL · 1026-modda
Asossiz orttirilgan boylikning qiymatini toʻlash
Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni asl holida qaytarishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, qoʻlga kirituvchi jabrlanuvchiga bu mol-mulkning qoʻlga kiritish paytidagi haqiqiy qiymatini toʻlashi, shuningdek agar qoʻlga kirituvchi orttirilgan boylikning asossizligini bilganidan keyin darhol uning qiymatini toʻlamagan boʻlsa, mol-mulk qiymatining keyingi oʻzgarishi tufayli koʻrilgan zararni toʻlashi lozim. Egallab olish niyatisiz oʻzganing mol-mulkidan yoki oʻzganing xizmatlaridan vaqtincha asossiz foydalangan shaxs jabrlanuvchiga bunday foydalanish natijasida tejalgan narsani foydalanish tugallangan paytda va oʻsha joyda mavjud narx boʻyicha toʻlashi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1027-modda
Huquqni boshqa shaxsga asossiz berish oqibatlari
Oʻziga tegishli huquqni talabnomadan voz kechish yoʻli bilan yoki boshqacha tarzda boshqa shaxsga mavjud boʻlmagan yoki haqiqiy boʻlmagan majburiyat asosida bergan shaxs avvalgi holatni tiklashni, shu jumladan berilgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar oʻziga qaytarilishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 1028-modda
Jabrlanuvchiga olinmagan daromadlarni toʻlash
Mol-mulkni asossiz olgan yoki tejab qolgan shaxs boylikning asossiz orttirilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan vaqtdan boshlab ana shu mol-mulkdan chiqarib olgan yoki chiqarib olishi lozim boʻlgan barcha daromadlarni jabrlanuvchiga qaytarishi yoki toʻlashi shart. Asossiz orttirilgan pul summasiga, qoʻlga kirituvchi pul mablagʻlarini olish yoki tejab qolishning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan vaqtdan boshlab, oʻzganing mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1029-modda
Qaytarilishi lozim boʻlgan mol-mulkka qilingan xarajatlarni toʻlash
Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulk qaytarilganida yoxud uning qiymati toʻlanganida qoʻlga kirituvchi daromadlarni qaytarishi shart boʻlgan vaqtdan boshlab mol-mulkni saqlab turish va asrash uchun qilingan zarur xarajatlarni oʻzi olgan nafni eʼtiborga olgan holda toʻlashni jabrlanuvchidan talab qilishga haqli. Qoʻlga kirituvchi qaytarilishi lozim boʻlgan mol-mulkni bila turib bermay turgan hollarda xarajatlarni undirish huquqi yoʻqoladi.
- FuqarolikCIVIL · 103-modda
Bir taraflama bitimlarni huquqiy tartibga solish
Bir taraflama bitim uni tuzgan shaxs uchun burchlar keltirib chiqaradi. U boshqa shaxslar uchun qonun hujjatlarida yoki bu shaxslar bilan kelishuvda belgilangan hollardagina burchlar keltirib chiqarishi mumkin. Bir taraflama bitimlarga nisbatan, basharti qonunchilikka, bitimning tabiati va mohiyatiga zid boʻlmasa, majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning III boʻlimi) tegishincha qoʻllaniladi.