Yuridik shaxs bekor qilingan taqdirda zararning qoplanishi
Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs qayta tuzilgan taqdirda, tegishli toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning huquqiy vorisi zimmasida boʻladi. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabnoma ham unga taqdim etiladi.
Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlgan, qishloq xoʻjaligi tovar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda mablagʻ boʻlmagan yoxud yetarli boʻlmagan taqdirda, undirilishi lozim boʻlgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan toʻlanadi. Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham mazkur summalar davlat tomonidan toʻlanadi.
Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, tegishli toʻlovlar ularni qonunchilikda belgilangan qoidalarga koʻra jabrlanuvchiga toʻlash uchun kapitallashtirilishi lozim.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki yoʻqligi yoki yetarli emasligi sababli toʻlovlarni kapitallashtirish mumkin boʻlmagan hollarda, belgilangan summalar jabrlanuvchiga davlat tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish