Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 1068-modda

Mualliflik shartnomasining shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida oʻtkaziladigan aniq huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun toʻlanadigan haq miqdori va (yoki) toʻlanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni toʻlash tartibi hamda muddatlari.

Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga oʻtkazilishi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil oʻtganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan boʻlsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan huquqning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Boshqa shaxsga oʻtkazilishi mualliflik shartnomasida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga oʻtkazilmagan deb hisoblanadi.

Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali maʼlum boʻlmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti boʻlishi mumkin emas.

Toʻlanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning oʻziga xos jihatlari bilan bogʻliq holda amalga oshirish mumkin boʻlmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq toʻlash qatʼiy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng koʻp adadi belgilab qoʻyilishi shart.

Mualliflik shartnomasi boʻyicha oʻtkazilgan huquqlar bunday shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga toʻliq yoki qisman oʻtkazilishi mumkin.

Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.

Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid boʻlgan shartlari haqiqiy emas.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.