Mualliflik shartnomasi
Ushbu Kodeks 1056-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yoʻli bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollar bundan mustasno.
Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq boʻlmagan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.
Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar oʻtkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.
Mutlaq boʻlmagan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.
Mualliflik shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mutlaq boʻlmagan huquqlar hisoblanadi.
Asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq emas.
Moddiy obyektga boʻlgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga boʻlgan biron-bir mualliflik huquqining oʻz-oʻzidan boshqa shaxsga oʻtkazilishiga sabab boʻlmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish