Ijrochining huquqlari
Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:
ismiga boʻlgan huquq;
ijroni ijrochining shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday tarzda buzib koʻrsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;
ijrodan har qanday shaklda foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga boʻlgan huquq.
Ijrochining ijrodan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:
ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);
ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi);
ijro yozuvini barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi);
ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga boʻlgan mulk huquqidan qatʼi nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);
ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);
ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki koʻrsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan boʻlsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);
ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan boʻlsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).
Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga ijrochining roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi.
Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirigʻini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1062-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
Ijrochilar oʻz huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.
Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish