Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 1078-modda

Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning eʼtiboriga yetkazish (barchaning eʼtiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga boʻlgan mulk huquqidan qatʼi nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga boʻlgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi oʻz fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan boʻlsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq toʻlanmagan holda yoʻl qoʻyiladi.

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma boʻyicha boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qoʻllaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar oʻz huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.