Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 335-modda
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish ishlarini tugallash
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq jarima toʻla-toʻkis undirib olingach, uning ijro etilganligi haqida belgi qoʻyilib, shu qarorni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga qaytariladi. Majburiy ijroga qaratilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ijro etilganidan soʻng davlat ijrochisi ijro ishini yuritishni tamomlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi va uning bir nusxasini uni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga yuboradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 336-modda
Narsani haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish
Haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror asosida olib qoʻyilgan narsalar belgilangan tartibda shartnoma-vositachilik asosida yoxud auksion shaklidagi kimoshdi savdosida realizatsiya qilinadi. Qurolni va uning oʻq-dorilarini haqini toʻlab olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror ichki ishlar organlari tomonidan ijro etiladi. Haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyilgan narsani sotishdan tushgan pullar ushbu Kodeksning 26-moddasiga muvofiq olib qoʻyilgan narsalarni sotish xarajatlarini chegirib qolib, shu narsalarning sobiq egasiga topshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 337-modda
Narsani musodara qilish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita shunday ashyo boʻlgan narsani musodara qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlarining davlat ijrochilari tomonidan ijro etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 338-modda
Musodara qilingan narsani sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa boʻlgan musodara qilingan narsani sotish va yoʻq qilib tashlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 339-modda
Narsani musodara qilish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish boʻyicha ish yuritishning tugallanishi
Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilish toʻgʻrisidagi qaror ijro etilganidan soʻng davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tamomlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi va uning bir nusxasini uni chiqargan jinoyat ishlari boʻyicha sudga yuboradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 34-modda
Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish
Bitta shaxs ikki yoki undan ortiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, maʼmuriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qoʻllaniladi. Basharti shaxs bir necha maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan boʻlib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning oʻzida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, bu shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan uzil-kesil jazo ogʻirroq maʼmuriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qoʻllaniladi. Basharti shaxs ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi bir necha modda bilan maʼmuriy javobgarlik belgilangan va ular toʻgʻrisidagi ishlarni har xil organ (mansabdor shaxs) koʻradigan harakat (harakatsizlik) sodir etgan boʻlsa, unga nisbatan jazo ogʻirroq maʼmuriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qoʻllaniladi. Basharti shaxs ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi tegishli modda bilan maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan harakatni (harakatsizlikni) voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilgan holda (ushbu Kodeksning 188¹-moddasi) sodir etgan boʻlsa, ish materiallari koʻrib chiqish uchun sudga topshiriladi. Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda asosiy jazoga sodir etilgan huquqbuzarliklardan istalgan bittasi uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi moddalarda nazarda tutilgan qoʻshimcha jazo choralaridan biri qoʻshilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 340-modda
Maxsus huquqdan mahrum etish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlar
Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeksning 248-moddasida koʻrsatib oʻtilgan ichki ishlar organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ijro etiladi. Kema haydovchilarini kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeks 249¹-moddasining beshinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan ijro etiladi. Kema haydovchilarini kemalarni boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeks 254¹-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan ijro etiladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Ov qilish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeksning 261-moddasi ikkinchi qismida aytib oʻtilgan ov qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati olib boruvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan ijro etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 341-modda
Transport vositalarini yoki kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish tartibi
Transport vositalarini yoki kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror haydovchilik guvohnomasini, shuningdek uning talonini olib qoʻyish yoʻli bilan ijro etiladi. Basharti haydovchi yoki kema haydovchisi transport vositalarining yoki kichik hajmli kemalarning ayrim turlarini boshqarish huquqidangina mahrum etilgan boʻlsa, haydovchilik guvohnomasiga va uning taloniga transport vositalarining yoki kichik hajmli kemalarning qaysi turlarini boshqarish huquqidan mahrum etilganligi yozib qoʻyiladi. Transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalarni olib qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan, kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalarni olib qoʻyish tartibi esa — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi tomonidan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 34¹-modda
Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilishi
Ushbu Kodeksning 125-moddasi uchinchi va beshinchi qismlarida, 126-moddasida, 127-moddasi birinchi qismida, 128³-moddalarida, 128⁴-moddasi ikkinchi qismida, 128⁵, 128⁶, 128⁸, 128⁹, 129, 130-moddalarida, 137-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur moddalarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori ikki balldan oshmasligi kerak. Jarima ballari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil oʻtgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi. Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksning 24 va 28-moddalariga muvofiq qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati olti oydan kam boʻlmasligi kerak. Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi. Transport vositasining haydovchisiga nisbatan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 342-modda
Ov qilish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish tartibi
Ov qilish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qaror ovchilik biletini olib qoʻyish yoʻli bilan ijro etiladi. Ov qilish huquqidan mahrum etilgan shaxs ovchilik biletini topshirishdan boʻyin tovlagan taqdirda ov qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar ovchilik biletini belgilangan tartibda olib qoʻyadilar.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 343-modda
Maxsus huquqdan mahrum etish muddatini qisqartirishning asoslari va tartibi
Muayyan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan yoki ov qilish huquqidan mahrum etilgan shaxs mehnatga halol munosabatda boʻlishi va namunali xulq-atvori bilan oʻzini koʻrsatgan taqdirda, unga nisbatan jazo qoʻllagan jinoyat ishlari boʻyicha sud bunday huquqdan mahrum qilish muddatini belgilangan muddatning kamida yarmi oʻtgach va sud tomonidan tayinlangan jarima toʻlangach, korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyatining iltimosi bilan qisqartirishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 344-modda
Maxsus huquqdan mahrum etish muddatini hisoblash
Transport vositalarini haydovchilar va ov qilish qoidalarini buzgan shaxslar maxsus huquqdan mahrum etish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan boshlab shunday huquqdan mahrum etilgan deb hisoblanadilar. Maxsus huquqdan mahrum qilish muddati oʻtgach, shuningdek bu muddat ushbu Kodeksning 343-moddasiga muvofiq qisqartirilgan taqdirda, shunday maʼmuriy jazo chorasiga tortilgan shaxsga undan olib qoʻyilgan hujjatlar belgilangan tartibda qaytarib beriladi. Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchi haydovchilik guvohnomasini topshirishdan bosh tortgan taqdirda, bu huquqdan mahrum etish muddati guvohnoma olib qoʻyilgan kundan boshlab, lekin qaror chiqargan organ belgilagan mahrum etish muddati tugashidan kechiktirmasdan hisoblanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 345-modda
Maʼmuriy qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish
Maʼmuriy qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgandan keyin darhol ijro etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 346-modda
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar ichki ishlar organlari belgilab qoʻygan joylarda qamoqda saqlanadilar. Maʼmuriy qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish chogʻida qamoqqa olinganlar shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladilar. Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddati maʼmuriy qamoq muddatiga qoʻshib hisoblanadi. Maʼmuriy qamoqni oʻtash Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar jismoniy ishlarda foydalaniladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar mehnatidan foydalanishni tashkil etish tuman (shahar) hokimliklariga yuklatiladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga qamoqda boʻlgan vaqtlari uchun doimiy ish joylaridan ish haqi toʻlanmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 346¹-modda
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosini amalga oshiruvchi organlar
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi organlar tomonidan ijro etiladi: ushbu Kodeksning 51², 51⁸, 51⁹, 56, 57, 58-moddalarida, 61¹-moddasining birinchi qismida, 94, 165¹, 184², 184³, 189, 189¹, 201, 202¹-moddalarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida, 239, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan taqdirda — ichki ishlar organlari tomonidan; ushbu Kodeksning 224¹-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan taqdirda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 346²-modda
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish mazkur shaxslar qaysi chet davlat hududiga chiqarib yuborilayotgan boʻlsa, oʻsha chet davlatning hokimiyat vakiliga ularni rasmiy ravishda topshirish yoxud chiqarib yuborilayotgan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishi yoʻli bilan amalga oshiriladi. Agar chiqarib yuborilayotgan shaxsni chet davlat vakiliga topshirish Oʻzbekiston Respublikasining mazkur davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilmagan boʻlsa, chiqarib yuborish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan belgilanadigan joyda amalga oshiriladi. Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan chiqarib yuborish toʻgʻrisida mazkur shaxs qaysi chet davlat hududiga (hududi orqali) chiqarib yuborilayotgan boʻlsa, oʻsha chet davlatning hokimiyat vakillari, agar Oʻzbekiston Respublikasining ushbu davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, xabardor qilinadi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 347-modda
Qarorning mulkiy zararni undirib olish xususidagi qismini ijro etish tartibi va muddatlari
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorning mulkiy zararni undirib olish xususidagi qismi ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchiligi bilan belgilangan tartibda ijro etiladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorning mulkiy zararni undirib olish xususidagi qismi ijro hujjati hisoblanadi. Mulkiy zarar huquqbuzar tomonidan unga qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay toʻlanishi lozim (ushbu Kodeksning 311-moddasi), bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda — shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi maʼlum qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay qoplanishi lozim.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 348-modda
Qarorning mulkiy zararni undirib olish xususidagi qismini bajarmaslik oqibatlari
Qarorning mulkiy zararni undirib olishga oid qismi ushbu Kodeks 347-moddasining uchinchi qismida belgilangan muddatda ijro etilmasa, u qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy ijro uchun davlat ijrochisiga yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 35-modda
Maʼmuriy qamoq va maxsus huquqdan mahrum etish muddatlarini hisoblash
Maʼmuriy qamoq muddati sutkalar bilan, maxsus huquqdan mahrum etish muddati esa — kunlar, oylar, yillar bilan hisoblanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 36-modda
Maʼmuriy jazo qoʻllanish muddatlari
Maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan boʻlsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, maʼmuriy jazo chorasi jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida, agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar oʻtmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ashyolarni bojxona munosabatlarini tartibga soladigan qonunchilik asosida musodara qilish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.