Maʼmuriy jazo qoʻllanish muddatlari
Maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
Jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan boʻlsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, maʼmuriy jazo chorasi jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida, agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar oʻtmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ashyolarni bojxona munosabatlarini tartibga soladigan qonunchilik asosida musodara qilish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish