Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish
Bitta shaxs ikki yoki undan ortiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, maʼmuriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qoʻllaniladi.
Basharti shaxs bir necha maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan boʻlib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning oʻzida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, bu shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan uzil-kesil jazo ogʻirroq maʼmuriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qoʻllaniladi.
Basharti shaxs ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi bir necha modda bilan maʼmuriy javobgarlik belgilangan va ular toʻgʻrisidagi ishlarni har xil organ (mansabdor shaxs) koʻradigan harakat (harakatsizlik) sodir etgan boʻlsa, unga nisbatan jazo ogʻirroq maʼmuriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qoʻllaniladi.
Basharti shaxs ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi tegishli modda bilan maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan harakatni (harakatsizlikni) voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilgan holda (ushbu Kodeksning 188¹-moddasi) sodir etgan boʻlsa, ish materiallari koʻrib chiqish uchun sudga topshiriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda asosiy jazoga sodir etilgan huquqbuzarliklardan istalgan bittasi uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi moddalarda nazarda tutilgan qoʻshimcha jazo choralaridan biri qoʻshilishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish