Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 37-modda
Tugaganidan soʻng shaxs maʼmuriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadigan muddat
Basharti maʼmuriy jazoga tortilgan shaxs shu jazoni oʻtash muddati tugagan kundan boshlab bir yil mobaynida yangi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etmagan boʻlsa, mazkur shaxs maʼmuriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 38-modda
Yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini yuklash
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashi shart. Basharti maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish oqibatida jismoniy shaxsga, korxona, muassasa, tashkilotga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki davlatga yetkazilgan mulkiy zarar belgilab qoʻyilgan bazaviy hisoblash miqdoridan koʻp boʻlmasa, organ (mansabdor shaxs) jazo qoʻllanish paytida aybdor bu zararni qoplashi toʻgʻrisidagi masalani ham hal etishga haqlidir, jinoyat ishlari boʻyicha sud esa — bu masalani yetkazilgan zarar miqdoridan qatʼi nazar hal qilaveradi. Boshqa hollarda maʼmuriy huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararni qoplash fuqarolik-huquqiy tartibida hal qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 39-modda
Bajarilmaganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgan vazifani ijro etish
Maʼmuriy jazoni qoʻllanish maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni bajarilmaganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgan vazifani bajarishdan ozod etmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 4-modda
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik sohasida Oʻzbekiston Respublikasining vakolatlari
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi ixtiyoriga beriladi: maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning prinsiplarini aniqlash va umumiy qoidalarini belgilab berish; maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladigan harakat yoki harakatsizlikni, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organlar tizimini (mansabdor shaxslarni), mazkur ishlarni yuritish va chiqarilgan qarorlarning ijrosi tartibini belgilash; maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik sohasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakolatlarini belgilash; viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyat vakillik organlari hamda hokimlari maʼmuriy javobgarlik nazarda tutiladigan qaror qabul qilishlari mumkin boʻlgan masalalar doirasini belgilash.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 40-modda
Tuhmat
Tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 41-modda
Haqorat qilish
Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 41¹-modda
Shahvoniy shilqimlik qilish
Shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʻlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan harakatlarni bir marta qoʻpol ravishda yoki bir necha marta sodir etish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 42-modda
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Fuqarolarning tarbiya va taʼlim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda toʻsqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 43-modda
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlamaganlik — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 44-modda
Hujjatlar bilan tanishib chiqishni asossiz ravishda rad etish
Fuqaroga uning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 45-modda
Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish
Turar joyga unda istiqomat qiluvchilarning xohish-irodasiga xilof ravishda noqonuniy tarzda kirish, mansabdor boʻlmagan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 46-modda
Fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish
Tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamgʻarmalar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga maʼnaviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlarni oshkor etish, basharti ushbu Kodeksning 46¹-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlmasa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 46¹-modda
Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish
Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 46²-modda
Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish, xuddi shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda jisman Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan xolda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, — maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47-modda
Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz bolasini qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb etish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47¹-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shunday bolalar turgan muassasa rahbari yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsi tomonidan vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik, xuddi shuningdek ular tomonidan ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqida atayin notoʻgʻri maʼlumotlar berish — mansabdor shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47²-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat), farzandlikka berishda, ularga vasiylik (homiylik) belgilashda yoxud ularni yetim bolalar yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun tayinlangan tegishli davlat muassasasiga joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47³-modda
Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47⁴-modda
Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash
Moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, — oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish jarayonida aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda toʻlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 47⁵-modda
Ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash
Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashi, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, — oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish jarayonida aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda toʻlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.