Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 34¹-modda

Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilishi

Ushbu Kodeksning 125-moddasi uchinchi va beshinchi qismlarida, 126-moddasida, 127-moddasi birinchi qismida, 128³-moddalarida, 128⁴-moddasi ikkinchi qismida, 128⁵, 128⁶, 128⁸, 128⁹, 129, 130-moddalarida, 137-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur moddalarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori ikki balldan oshmasligi kerak.

Jarima ballari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil oʻtgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.

Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksning 24 va 28-moddalariga muvofiq qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati olti oydan kam boʻlmasligi kerak.

Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi.

Transport vositasining haydovchisiga nisbatan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.