Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313¹-modda
Yarashilganligi munosabati bilan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar
Yarashilganligi munosabati bilan ushbu Kodeksning 21²-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313²-modda
Yarashuv toʻgʻrisidagi ariza
Jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv toʻgʻrisidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan koʻrib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin. Arizada yetkazilgan zarar bartaraf etilgani, shuningdek yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ish yuritilishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimos koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Agar yarashuv haqidagi ariza ish birinchi instansiya sudida sud muhokamasidan oʻtkazilayotganda berilgan boʻlsa, sud uni darhol koʻrib chiqishga kirishadi. Agar ish boʻyicha bir necha jabrlanuvchi boʻlsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv toʻgʻrisidagi ishni yuritish mumkin. Arizani qabul qilish chogʻida vakolatli organ (mansabdor shaxs) va sud jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga sud yarashuvni tasdiqlasa, u mazkur ish boʻyicha ish yuritishni qayta tiklash haqida iltimosnoma berish huquqini yoʻqotishini tushuntirishi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313³-modda
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni sudga yuborish tartibi
Vakolatli organ (mansabdor shaxs) jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining yarashuv toʻgʻrisidagi arizasini olgach, uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda huquqbuzarning roziligiga koʻra ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish haqida qaror chiqaradi hamda ishni tegishliligi boʻyicha sudga yuboradi. Qarorning tavsif qismida: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish uchun asos; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va ular tomonidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar; yarashuv toʻgʻrisidagi arizaning mazmuni hamda huquqbuzarning arizaga nisbatan munosabati koʻrsatiladi. Qarorning qaror qismida: ishni sudga yuborish haqidagi qaror; ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Agar ish boʻyicha huquqbuzar sifatida ishtirok etish uchun bir necha shaxs jalb qilingan boʻlib, ularning barchasi bilan yarashuvga erishilmagan boʻlsa, yarashuvga erishilmagan huquqbuzarlarga taalluqli materiallar ajratiladi va ular boʻyicha ish yuritish umumiy qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar vakolatli organning (mansabdor shaxsning) ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish haqidagi qarorida koʻrsatilishi kerak.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁴-modda
Sud muhokamasi
Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak. Sud majlisida: huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, advokat ishtirok etadi. Yarashuv haqidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi jabrlanuvchining yarashuv haqidagi arizasini oʻqib eshittirish bilan boshlanadi. Sud huquqbuzarning va jabrlanuvchining sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi soʻzlarini eshitadi. Sud: yarashuvning ixtiyoriyligi va uning sabablarini; huquqbuzar oʻz aybiga ixtiyoriy ravishda iqror boʻlganligini; huquqbuzar oʻzi sodir etgan qilmishning oqibatlarini anglaganligini va yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini koʻrgan-koʻrmaganligini; jabrlanuvchiga yoki huquqbuzarga biron-bir tazyiq boʻlgan-boʻlmaganligini; yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq masalalarni; huquqbuzarning, jabrlanuvchining va ularning qonuniy vakillarining yarashuvga roziliklarini aniqlaydi. Shundan keyin, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokatning fikrini eshitadi. Agar sud majlisi davomida yarashuv, aybga iqror boʻlish ixtiyoriy emasligi, zararning oʻrnini qoplashni rad etish hollari aniqlangudek boʻlsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qiladi va ishni umumiy asoslarda koʻrib chiqadi. Biroq, sodir etilgan qilmishda boshqa turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkibi belgilari mavjud boʻlsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish haqidagi qarorni bekor qiladi va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishni qoʻzgʻatgan organga umumiy asoslarda koʻrib chiqish uchun yoki tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun yuboradi. Sud muhokamasining natijalari boʻyicha sud qonunda belgilangan tartibda qaror chiqaradi. Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 308-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan bayonnoma yuritiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁵-modda
Sud qarori
Sud qarorining kirish qismida: qaror chiqarilgan vaqt va joy; qaror chiqargan sudning nomi, sudyaning, sud majlisi kotibining, taraflarning, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning ismi, otasining ismi va familiyasi; huquqbuzarning ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ish joyi, mashgʻulotining turi, maʼlumoti va ish uchun ahamiyatga molik boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Sud qarorining tavsif-asoslash qismida yarashuv uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi, ushbu Kodeksning 313⁴-moddasida sanab oʻtilgan masalalarga javoblar ifodalanadi. Qarorning qaror qismida sud quyidagi masalalarni hal etadi: maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan yoki ushbu Kodeksning 310-moddasida koʻrsatilgan boshqa asoslar boʻyicha tugatish haqidagi, maʼmuriy jazoning qoʻllanilishi toʻgʻrisida yoxud uni maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomani rasmiylashtirgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatgan organga yuborish haqidagi; ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi; zararning oʻrnini qoplash haqidagi. Sudning qaroriga huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat tomonidan shikoyat berilishi hamda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁶-modda
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma berish
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning reabilitatsiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida uni reabilitatsiya markaziga oʻttiz sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shart. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligini tasdiqlovchi materiallar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs aniqlangan yerdagi yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁷-modda
Iltimosnomaning shakli va mazmuni
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sudga yozma shaklda beriladi va ichki ishlar organining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Iltimosnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) iltimosnoma berilayotgan sudning nomi; 2) ichki ishlar organining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili); 3) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi; 4) iltimosnomaga asos boʻlgan holatlar; 5) berilgan iltimosnomaning asoslarini tasdiqlovchi dalillar; 6) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimos, joylashtirish muddatini koʻrsatgan holda; 7) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Iltimosnomada ichki ishlar organining telefon, faks raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan iltimosnoma ichki ishlar organiga qaytariladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁸-modda
Iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni aniqlagan mansabdor shaxsning muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlangan qarori; 2) yashash manzillari (manzillar boʻyicha byuro) haqida maʼlumotlar beruvchi organning maʼlumotnomasi, shuningdek muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼlum boʻlgan oxirgi yashash joyini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot; 3) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning tushuntirishi yoki bunday shaxs tomonidan tushuntirish berish rad etilganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda tuzilgan dalolatnoma; 4) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma; 5) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning huquqlari, shu jumladan advokatning yuridik yordamidan foydalanish huquqi va oʻz yaqinlariga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish huquqi tushuntirilganligi haqidagi bayonnoma. Iltimosnomaga bildirilgan iltimosnomani asoslovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313⁹-modda
Iltimosnomaning sud tomonidan koʻrib chiqilishi
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Oʻziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili sud majlisida ishtirok etishi shart. Sud majlisida advokat ishtirok etishi mumkin. Iltimosnomani koʻrib chiqish ichki ishlar organi vakilining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligi va joylashtirish muddati asoslab beriladigan maʼruzasi bilan boshlanadi. Soʻngra oʻziga nisbatan iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokat, sudga kelgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi. Iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud quyidagi qarorlardan birini chiqaradi: iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida; iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida. Iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi qaror oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim. Qaror ijro etish uchun darhol ichki ishlar organi vakiliga, agar sud majlisida ishtirok etgan boʻlsa, advokatga va oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan qaror ustidan ushbu qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa apellyatsiya protesti keltirishi mumkin. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) u kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida yakka tartibda koʻrib chiqib, uning natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini chiqaradi: qarorni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi qarorni bekor qilish va shaxsni reabilitatsiya markazidan ozod qilish haqida; iltimosnomani qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi qarorni bekor qilish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 314-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish huquqi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror ustidan oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ tomonidan shikoyat berilishi mumkin. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha sudning qarori ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida shikoyat berish ushbu Kodeksning XXIV¹ bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 315-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga shikoyat berilishi mumkin. Iqtisodiy sudning qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda, fuqarolik ishlari boʻyicha sudning qarori ustidan esa Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin. Shikoyat maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) orqali yoki bevosita shikoyat yoʻllangan sudga yuboriladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror chiqargan organ (mansabdor shaxs) shikoyatni olgach, uni uch sutka ichida ish bilan birga ushbu moddaga muvofiq shikoyatni koʻrib chiqish huquqiga ega boʻlgan organga (mansabdor shaxsga) yuboradi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 316-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish muddati
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida shikoyat berilishi mumkin, bundan sud qarori mustasno. Mazkur muddat uzrli sabablar bilan oʻtkazilib yuborilgan taqdirda, bu muddat shikoyatni koʻrib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 317-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida protest bildirish
Prokuror maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan: 1) jinoyat ishlari boʻyicha sud tergov sudyasining qarori ustidan — ushbu Kodeksning XXIV¹ bobida belgilangan tartibda apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudiga; 2) boshqa organ (mansabdor shaxs) qarori ustidan — qaror chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) protest bildirishi mumkin. Iqtisodiy sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda protest keltiriladi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda protest keltiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 318-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ijrosini toʻxtatib turish
Belgilangan muddatda shikoyat berish maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosini shikoyat koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turadi, maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyda undirib olinadigan jarima solish hollari bundan mustasnodir. Prokurorning protest bildirishi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini protest koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 319-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiqish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususidagi berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni vakolatli organlar (mansabdor shaxslar), shikoyat va protest tushgan kundan boshlab oʻn kun muddat ichida koʻrib chiqadilar. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiqish paytida organ (mansabdor shaxs) chiqarilgan qarorning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror ustidan shikoyat yoki protest jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi va uning natijalariga koʻra, ushbu Kodeksning 321-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan qaror qabul qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 32-modda
Maʼmuriy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar
Maʼmuriy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) gʻayrihuquqiy harakatlarni toʻxtatish vakolati bor shaxslar tomonidan qoʻyilgan talabga qaramay, bunday harakatlarni davom ettirish; 2) maʼmuriy jazo chorasiga tortilgan shaxsning bir yil mobaynida yana oʻsha xildagi huquqbuzarlikni sodir etishi, xuddi shuningdek huquqbuzarlikning ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilishi; 3) voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlikka tortish; 4) huquqbuzarlikning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi; 5) huquqbuzarlikning tabiiy ofat sharoitida yoki boshqa favqulodda holatlarda sodir etilishi; 6) huquqbuzarlikning mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida sodir etilishi. Maʼmuriy jazo chorasini qoʻllanuvchi organ (mansabdor shaxs) sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab mazkur holatni aybni ogʻirlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 321-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiquvchi organning (mansabdor shaxsning) qarori
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiqish paytida organ (mansabdor shaxs) quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) chiqarilgan qarorni oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldiradi; 2) chiqarilgan qarorni bekor qiladi va ishni qayta koʻrib chiqish uchun yuboradi; 3) chiqarilgan qarorni bekor qiladi va ishni yuritishni toʻxtatadi; 4) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi normativ hujjatda nazarda tutilgan doirada oʻzgartiradi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun: organ (mansabdor shaxs) tomonidan ishni toʻliq boʻlmagan holda yoki bir tomonlama koʻrib chiqilishi; organ (mansabdor shaxs) hal qiluv qarorining va ushbu Kodeks Maxsus qismining qoʻllanilgan normalari va maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan boshqa normativ hujjatlar ishning faktik holatlariga mos kelmasligi; maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish qoidalarining jiddiy buzilishi; qoʻllanilgan maʼmuriy jazoning adolatsizligi asos boʻlib hisoblanadi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishlariga doir ish yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlariga doir ish yangitdan koʻrib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligi inobatga olingan holda umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim. Mazkur ishni koʻrib chiqishga vakolati boʻlmagan organ (mansabdor shaxs) tomonidan chiqarilgan qaror bekor qilinadi, ish esa vakolatli organga (mansabdor shaxsga) koʻrib chiqish uchun yuboriladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror yuzasidan berilgan shikoyat yoki bildirilgan protest boʻyicha qabul qilingan qarorda: u chiqarilgan vaqt va joy; shikoyat yoki protestni koʻrib chiqayotgan mansabdor shaxs; prokuror va boshqa ishtirok etayotgan shaxslar; shikoyat bergan shaxs yoki protest bildirgan prokuror; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgach shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan qarorning hamda shikoyat, protestning mohiyati; chiqarilayotgan qarorni asoslanishi; shikoyat yoki protest yuzasidan qaror koʻrsatilishi lozim. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestga doir qarorning nusxasi oʻzi haqida ana shu qaror chiqarilgan shaxsga uch kun muddat ichida yuboriladi, jabrlanuvchiga esa — uning iltimosiga binoan yuboriladi. Protestni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida prokurorga maʼlum qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 322-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorni qayta koʻrib chiquvchi organning (mansabdor shaxsning) vakolatlari
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan organ (mansabdor shaxs) chiqargan qaror yuqori turuvchi organ rahbari, prokurorning protesti boʻyicha esa uni chiqargan organ tomonidan ham ushbu Kodeksning 321-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan asoslar boʻyicha bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 323-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorga protest bildirish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan berilgan shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorga prokuror protest bildirishi mumkin. Shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorga protest mazkur qarorni chiqargan organdan (mansabdor shaxsdan) yuqori turuvchi organga kiritiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni tugatish bilan qarorni bekor qilish oqibatlari
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni tugatish bilan qarorni bekor qilish undirib olingan pul summalarini, haqi toʻlab olib qoʻyilgan va musodara qilingan narsalarni qaytarib berishga, shuningdek ilgari qabul qilingan qaror bilan bogʻliq boshqa cheklashlarni bekor qilishga sabab boʻladi. Narsani qaytarib berish mumkin boʻlmagan hollarda uning qiymati, basharti bu narsalar tadbirkorlik uchun moʻljallangan boʻlsa, boy berilgan foydasi ham qoplanadi. Fuqaroni maʼmuriy qamoqqa olish gʻayriqonuniy ravishda qoʻllanilganligi natijasida yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.