Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiquvchi organning (mansabdor shaxsning) qarori
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiqish paytida organ (mansabdor shaxs) quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) chiqarilgan qarorni oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldiradi;
2) chiqarilgan qarorni bekor qiladi va ishni qayta koʻrib chiqish uchun yuboradi;
3) chiqarilgan qarorni bekor qiladi va ishni yuritishni toʻxtatadi;
4) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi normativ hujjatda nazarda tutilgan doirada oʻzgartiradi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun: organ (mansabdor shaxs) tomonidan ishni toʻliq boʻlmagan holda yoki bir tomonlama koʻrib chiqilishi; organ (mansabdor shaxs) hal qiluv qarorining va ushbu Kodeks Maxsus qismining qoʻllanilgan normalari va maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan boshqa normativ hujjatlar ishning faktik holatlariga mos kelmasligi; maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish qoidalarining jiddiy buzilishi; qoʻllanilgan maʼmuriy jazoning adolatsizligi asos boʻlib hisoblanadi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishlariga doir ish yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlariga doir ish yangitdan koʻrib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligi inobatga olingan holda umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim.
Mazkur ishni koʻrib chiqishga vakolati boʻlmagan organ (mansabdor shaxs) tomonidan chiqarilgan qaror bekor qilinadi, ish esa vakolatli organga (mansabdor shaxsga) koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror yuzasidan berilgan shikoyat yoki bildirilgan protest boʻyicha qabul qilingan qarorda: u chiqarilgan vaqt va joy; shikoyat yoki protestni koʻrib chiqayotgan mansabdor shaxs; prokuror va boshqa ishtirok etayotgan shaxslar; shikoyat bergan shaxs yoki protest bildirgan prokuror; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgach shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan qarorning hamda shikoyat, protestning mohiyati; chiqarilayotgan qarorni asoslanishi; shikoyat yoki protest yuzasidan qaror koʻrsatilishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestga doir qarorning nusxasi oʻzi haqida ana shu qaror chiqarilgan shaxsga uch kun muddat ichida yuboriladi, jabrlanuvchiga esa — uning iltimosiga binoan yuboriladi. Protestni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida prokurorga maʼlum qilinadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish