Sud muhokamasi
Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Sud majlisida: huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, advokat ishtirok etadi.
Yarashuv haqidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi jabrlanuvchining yarashuv haqidagi arizasini oʻqib eshittirish bilan boshlanadi.
Sud huquqbuzarning va jabrlanuvchining sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi soʻzlarini eshitadi.
Sud:
yarashuvning ixtiyoriyligi va uning sabablarini;
huquqbuzar oʻz aybiga ixtiyoriy ravishda iqror boʻlganligini;
huquqbuzar oʻzi sodir etgan qilmishning oqibatlarini anglaganligini va yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini koʻrgan-koʻrmaganligini;
jabrlanuvchiga yoki huquqbuzarga biron-bir tazyiq boʻlgan-boʻlmaganligini;
yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq masalalarni;
huquqbuzarning, jabrlanuvchining va ularning qonuniy vakillarining yarashuvga roziliklarini aniqlaydi.
Shundan keyin, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokatning fikrini eshitadi.
Agar sud majlisi davomida yarashuv, aybga iqror boʻlish ixtiyoriy emasligi, zararning oʻrnini qoplashni rad etish hollari aniqlangudek boʻlsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qiladi va ishni umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.
Biroq, sodir etilgan qilmishda boshqa turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkibi belgilari mavjud boʻlsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish haqidagi qarorni bekor qiladi va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishni qoʻzgʻatgan organga umumiy asoslarda koʻrib chiqish uchun yoki tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun yuboradi.
Sud muhokamasining natijalari boʻyicha sud qonunda belgilangan tartibda qaror chiqaradi.
Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 308-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan bayonnoma yuritiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish