Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni sudga yuborish tartibi
Vakolatli organ (mansabdor shaxs) jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining yarashuv toʻgʻrisidagi arizasini olgach, uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda huquqbuzarning roziligiga koʻra ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish haqida qaror chiqaradi hamda ishni tegishliligi boʻyicha sudga yuboradi.
Qarorning tavsif qismida:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish uchun asos;
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va ular tomonidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar;
yarashuv toʻgʻrisidagi arizaning mazmuni hamda huquqbuzarning arizaga nisbatan munosabati koʻrsatiladi.
Qarorning qaror qismida:
ishni sudga yuborish haqidagi qaror;
ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Agar ish boʻyicha huquqbuzar sifatida ishtirok etish uchun bir necha shaxs jalb qilingan boʻlib, ularning barchasi bilan yarashuvga erishilmagan boʻlsa, yarashuvga erishilmagan huquqbuzarlarga taalluqli materiallar ajratiladi va ular boʻyicha ish yuritish umumiy qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar vakolatli organning (mansabdor shaxsning) ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish haqidagi qarorida koʻrsatilishi kerak.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish