Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 300-modda
Tarjimon
Tarjimon maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan tayinlanadi. Tarjimon mazkur organning (mansabdor shaxsning) chaqirigʻiga binoan kelishi, oʻziga topshirilgan tarjimani toʻla-toʻkis hamda aniq bajarishi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 301-modda
Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarning qoplanishi lozim boʻlgan xarajatlari
Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) huzuriga kelishlari munosabati bilan ularning qilgan xarajatlari belgilangan tartibda qoplanadi. Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar sifatida chaqirilgan shaxslarning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) huzuriga kelishlari munosabati bilan ular ishda boʻlmagan vaqtda oʻz ish joyidagi maoshi belgilangan tartibda saqlanadi. Ekspert, mutaxassis va tarjimon xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollardan tashqari, oʻzining vazifalarini bajarganligi uchun mukofotlanish huquqiga egadir.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 302-modda
Maʼmuriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganligi sababli fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash
Maʼmuriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganlik natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqqan organning (mansabdor shaxsning) aybidan qatʼi nazar davlat tomonidan toʻliq hajmda toʻlanadi. Zararni qoplash huquqi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish tugatilgan taqdirdagina vujudga keladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) fuqaroga buzilgan huquqlarini tiklash tartibini tushuntirib berishi va maʼmuriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganligi natijasida fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash uchun qonunda nazarda tutilgan choralarni koʻrishi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 303-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorlanish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs): 1) mazkur ishni koʻrib chiqish oʻzining vakolat doirasiga kirish kirmasligi; 2) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar toʻgʻri tuzilgan-tuzilmaganligi; 3) ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi shaxslar uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qilingan-qilinmaganligi; 4) zarur qoʻshimcha materiallar soʻrab olingan-olinmaganligi; 5) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, qonuniy vakillar, advokat qilgan iltimoslar toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 303¹-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini qaytarish
Maʼmuriy ish mazkur organga (mansabdor shaxsga) taalluqli boʻlmagan (sudloviga tegishli boʻlmagan) yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallari ushbu Kodeksning 281 va 282-moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilgan holda yuborilgan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytariladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 304-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish joyi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish shu huquqbuzarlik sodir etilgan joyda koʻrib chiqiladi. Ushbu Kodeksning 113-moddasining beshinchi qismida, 119, 125, 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 132, 133, 134, 135, 135¹, 136, 139, 140-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar transport vositalari roʻyxatga olingan joyda koʻrib chiqilishi ham mumkin. Ushbu Kodeksning 187-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar shunday huquqbuzarliklar sodir etilgan joyda yoki huquqbuzarning istiqomat joyida koʻrib chiqiladi. Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni huquqbuzarning istiqomat joyida koʻrib chiqadilar. Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boshqa joyda koʻrib chiqilishi ham nazarda tutilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 305-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish muddatlari
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish mazkur ishni koʻrib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab oʻn besh kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi. Ushbu Kodeksning 51², 51³, 51⁴, 51⁵, 51⁶, 51⁷, 51⁸, 51⁹, 170, 180, 181, 183, 187, 194, 194¹, 196¹-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar bir sutka mobaynida koʻrib chiqiladi, ushbu Kodeksning 47-moddasida, 164-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 197⁵, 197⁷, 201, 202, 203, 204, 205-moddalarida nazarda tutilgan ishlar — uch sutka ichida, ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan ishlar esa — besh sutka ichida koʻrib chiqiladi. Ushbu Kodeksning 56, 57, 58-moddalarida, 61¹-moddasi birinchi qismida, 94, 165¹, 184², 184³, 189, 189¹, 201, 202¹-moddalarida, 224¹-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida, 239, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar, ular chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilganda, bir sutka mobaynida koʻrib chiqiladi. Ushbu Kodeks 271-moddasining 11-bandida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ish maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va ishning boshqa materiallari ishni koʻrib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 306-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish tartibi
Ishni koʻrib chiqish shu ishni koʻruvchi organning tarkibini eʼlon qilish yoki mansabdor shaxsni tanishtirishdan boshlanadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrib chiqish chogʻida sudning tashabbusiga yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin. Ishni koʻrib chiquvchi organning majlisida raislik qiluvchi yoki ishni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxs qanday ish koʻrib chiqilishi lozimligini, maʼmuriy javobgarlikka kim tortilayotganligini eʼlon qiladi, ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi shaxslarga ularning huquqlari va vazifalarini tushuntiradi, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani oʻqib eshittiradi. Majlisda ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi shaxslarning soʻzlari eshitiladi, keltirilgan dalillar oʻrganiladi va tushgan iltimoslar hal etiladi. Ishni koʻrib chiqishda prokuror qatnashgan taqdirda uning xulosasi oʻqib eshittiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 307-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish vaqtida aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs): maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan-etilmaganligini, huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyni, mazkur shaxs uni sodir etishda aybdor-aybdor emasligini, uning maʼmuriy javobgarlikka tortilish-tortilmasligini, javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar bor-yoʻqligini, mulkiy zarar yetkazilgan-yetkazilmaganligini, shuningdek ishni toʻgʻri hal etishda ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 308-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish paytida tegishli organ bayonnoma yuritadi. Unda: 1) sud ishining raqami, majlisning sanasi va joyi; 2) ishni koʻrib chiquvchi organning nomi va tarkibi; 3) koʻrilayotgan ishning mazmuni; 4) ishda qatnashuvchi shaxslarning hozir boʻlgan-boʻlmaganligi haqidagi maʼlumotlar; 5) ishni koʻrishda qatnashuvchi shaxslarning tushuntirishlari, ularning iltimoslari va bu iltimoslarni koʻrib chiqish natijalari; 6) ishni koʻrib chiqish chogʻida oʻrganilgan ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlar; 7) qabul qilingan qarorni oʻqib eshittirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va qaror ustidan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilganligi koʻrsatilgan boʻladi. Sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan taqdirda, sud majlisining bayonnomasiga faqat ushbu modda birinchi qismining 1 — 4, 6-bandlarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlarining, guvohlar koʻrsatuvlarining, ekspertlar oʻz xulosalari yuzasidan bergan ogʻzaki tushuntirishlarining, muzokaralarning hamda prokuror fikrlarining boshlangan va tugagan vaqti koʻrsatiladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi. Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisining bayonnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari: sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi; sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudning nomi haqidagi; ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudga kelgan sud protsessining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi; sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudning va ishni koʻrib chiqayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimlari haqidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak. Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning, jabrlanuvchining va oʻzga manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning mansabdor shaxs tomonidan koʻrib chiqilishi qanday borayotganligi ushbu moddaning birinchi qismi talablariga muvofiq ravishda yuritiluvchi bayonnomada aks ettiriladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasi tegishincha organ majlisidagi raislik qiluvchi va kotib tomonidan yoki ishni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi. Oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ oʻz hisobidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 308¹-modda
Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi masalani hal etish tartibi
Agar organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotganda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi toʻgʻrisida yoki ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi moddalarning sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo chorasini qoʻllash uchun asoslar borligi haqida xulosaga kelsa, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnoma bilan sudga yuboriladi. Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomada shaxsning maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi yoki unga nisbatan yengilroq maʼmuriy jazo chorasi qoʻllash kerakligining sabablari va asoslari bayon etiladi. Sud huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomani koʻrib chiqib, ushbu Kodeksning 310-moddasida nazarda tutilgan qarorlardan birini chiqaradi. Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnoma maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch sutka ichida ushbu Kodeksning 303, 304, 306—309-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga rioya etilgan holda koʻrib chiqiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 309-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror
Organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqib, shu ish yuzasidan qaror chiqaradi. Qarorda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: qaror chiqargan organning (mansabdor shaxsning) nomi; sud ishining raqami; ish koʻrib chiqilgan sana; ishi koʻrib chiqilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan huquqbuzar jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami; ishni koʻrib chiqish chogʻida aniqlangan holatlarning bayoni; mazkur maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat; ish yuzasidan qabul qilingan qaror; mavjud boʻlgan taqdirda — jabrlanuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami, shuningdek qaror ustidan shikoyat berish muddati va tartibi. Ushbu Kodeksning 308¹-moddasida nazarda tutilgan hollarda qarorda huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi toʻxtam ham koʻrsatilishi kerak Basharti maʼmuriy huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeks 242-moddasining 1 va 3-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan maʼmuriy jazoni qoʻllanish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish paytida aybdordan yetkazilgan mulkiy zararni undirib olish masalasi ham hal etiladigan boʻlsa, ish yuzasidan chiqarilgan qarorda undirib olinishi lozim boʻlgan shu zararning miqdori, uni undirib olish muddati va tartibi koʻrsatiladi. Ish yuzasidan chiqarilgan qarorda olib qoʻyilgan ashyolar va hujjatlar, shuningdek ushlab turilgan transport vositalari toʻgʻrisidagi masala ham hal etilgan boʻlishi lozim. Qaror majlisda ishtirok etayotgan kollegial organ aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror mansabdor shaxs tomonidan, organning qarori — majlisda raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jazo qoʻllanilganligi toʻgʻrisida maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomaga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 309¹-modda
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda jarima solish toʻgʻrisidagi qaror
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi boʻyicha jarima solish toʻgʻrisidagi qaror maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qogʻozdagi hujjatga aylantirish yoʻli bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida buyurtma pochta joʻnatmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: qaror chiqarilgan sana va joy; uni chiqargan organning nomi, shaxsning lavozimi va familiyasi; maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt, joy va holatlar ushbu Kodeks Maxsus qismining mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi, moddasining qismi koʻrsatilgan holda; maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan transport vositasining huquqbuzarlik sodir etilgan paytdagi davlat raqam belgisi bilan tushirilgan tasviri; qabul qilingan qaror, tayinlangan jarimani toʻlash tartibi va muddatlari, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va majburiyatlari, shuningdek jarima solish toʻgʻrisidagi qaror xususida shikoyat berishning protsessual tartibi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 309²-modda
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan hollarda jarima solish toʻgʻrisidagi qaror
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari boʻyicha jarima solish haqidagi qaror maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuridik kuchga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida huquqbuzarga elektron shaklda yuboriladi yoki qogʻoz shaklida topshiriladi yoxud pochta orqali topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboriladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: qaror chiqarilgan sana va joy; uni chiqargan organning nomi, shaxsning lavozimi va familiyasi; maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan (aniqlangan) vaqt, joy va holatlar, ushbu Kodeks Maxsus qismining mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi ushbu moddaning qismi koʻrsatilgan holda; qabul qilingan qaror, tayinlangan jarimani toʻlash tartibi va muddatlari, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va majburiyatlari, shuningdek jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berishning protsessual tartibi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 309³-modda
Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarima solish toʻgʻrisidagi qaror
Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarima solish toʻgʻrisidagi qaror maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarima solish toʻgʻrisidagi qaror elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini qoʻllash orqali olingan materiallar ilova qilingan holda mazkur qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida soliq toʻlovchining (huquqbuzarning) shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: qarorning raqami; qaror chiqarilgan sana va joy; qarorni chiqargan organning nomi, mansabdor shaxsning lavozimi hamda familiyasi, ismi, otasining ismi; soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami; maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt, joy va huquqbuzarlikning tavsifi; ushbu Kodeks Maxsus qismining sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi; tayinlangan jarima va uni toʻlash tartibi; jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 31-modda
Maʼmuriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar
Maʼmuriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) aybdorning oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlishi; 2) aybdorning huquqbuzarlikning zararli oqibatlari oldini olishi, yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy ravishda toʻlashi yoki keltirilgan zararni bartaraf qilishi; 3) huquqbuzarlikning kuchli ruhiy hayajon taʼsiri ostida yoki ogʻir shaxsiy, oilaviy yoxud boshqa sharoitlar yuzaga kelganligi oqibatida sodir etilishi; 4) huquqbuzarlikning tahdid yoki majburlov taʼsirida yoxud xizmat yuzasidan, moddiy yoki boshqa jihatdan qaramligi taʼsiri ostida sodir etilishi; 5) huquqbuzarlikning voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilishi; 6) huquqbuzarlikning homilador ayol yoki oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxs tomonidan sodir etilishi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) boshqa holatlarni ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 310-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorning turlari
Organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisida; 2) ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeksning 271-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda chiqariladi. Sud tomonidan ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror ogohlantirish eʼlon qilinganda ham chiqariladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 311-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorni eʼlon qilish va uning nusxasini berish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ishni koʻrib chiqish tugashi bilanoq darhol eʼlon qilinadi va u chiqarilgan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Qarorning nusxasi uch kun ichida ustidan shu qaror chiqarilgan shaxsga, shuningdek oʻzining iltimosiga koʻra jabrlanuvchiga topshiriladi yoki joʻnatiladi. Qarorning nusxasi tilxat bilan beriladi, basharti qarorning nusxasi joʻnatilsa, bu haqda ishga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi. Xizmat qurolidan va uning oʻq-dorilaridan foydalanish huquqiga ega boʻlgan davlat organlarining mansabdor shaxslariga hamda maxsus xizmat vazifalariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan ushbu Kodeksning 185-moddasida, 220-moddasi uchinchi, toʻrtinchi va oltinchi qismlarida, 221-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorning koʻchirma nusxasi tegishli davlat organiga yoki yuridik shaxsga maʼlumot uchun, ichki ishlar organiga esa ushbu shaxsning quroldan foydalanishini taqiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 312-modda
Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qarorni korxona, muassasa, tashkilot va mansabdor shaxslar eʼtiboriga yetkazish
Ushbu Kodeksning 61, 131, 140, 183, 187, 233, 237-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanish haqida chiqarilgan qarorni shu huquqbuzar ishlab yoki oʻqib turgan joydagi maʼmuriyat eʼtiboriga yetkazadi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan mansabdor shaxsning eʼtiboriga yetkazadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 313-modda
Maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitni bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnoma
Ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlaganda bu sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisidagi taqdimnomani tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga kiritadi. Rahbar taqdim kelib tushgan kundan boshlab bir oy ichida uni kiritgan organga (mansabdor shaxsga) koʻrilgan choralar haqida maʼlum qilishi shart.