Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 308-modda

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasi

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish paytida tegishli organ bayonnoma yuritadi. Unda:

1) sud ishining raqami, majlisning sanasi va joyi;

2) ishni koʻrib chiquvchi organning nomi va tarkibi;

3) koʻrilayotgan ishning mazmuni;

4) ishda qatnashuvchi shaxslarning hozir boʻlgan-boʻlmaganligi haqidagi maʼlumotlar;

5) ishni koʻrishda qatnashuvchi shaxslarning tushuntirishlari, ularning iltimoslari va bu iltimoslarni koʻrib chiqish natijalari;

6) ishni koʻrib chiqish chogʻida oʻrganilgan ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlar;

7) qabul qilingan qarorni oʻqib eshittirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va qaror ustidan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilganligi koʻrsatilgan boʻladi.

Sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan taqdirda, sud majlisining bayonnomasiga faqat ushbu modda birinchi qismining 1 — 4, 6-bandlarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlarining, guvohlar koʻrsatuvlarining, ekspertlar oʻz xulosalari yuzasidan bergan ogʻzaki tushuntirishlarining, muzokaralarning hamda prokuror fikrlarining boshlangan va tugagan vaqti koʻrsatiladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi.

Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisining bayonnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari:

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudning nomi haqidagi;

ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudga kelgan sud protsessining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudning va ishni koʻrib chiqayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimlari haqidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak.

Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning, jabrlanuvchining va oʻzga manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning mansabdor shaxs tomonidan koʻrib chiqilishi qanday borayotganligi ushbu moddaning birinchi qismi talablariga muvofiq ravishda yuritiluvchi bayonnomada aks ettiriladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasi tegishincha organ majlisidagi raislik qiluvchi va kotib tomonidan yoki ishni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.

Oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ oʻz hisobidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.