Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 287-modda
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishga vakolatli organlar (mansabdor shaxslar)
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish bu ishga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan vakolat berib qoʻyilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidangina amalga oshirilishi mumkin, chunonchi: 1) ushbu Kodeksning 47⁴, 47⁵, 51², 51⁸, 51⁹, 54, 56-moddalarida, 56¹-moddasida (jamoat transportida maxsus ajratilmagan joylarda tamaki mahsulotini isteʼmol qilganlik uchun), 57, 58-moddalarida, 60-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 60¹, 61-moddalarida, 61¹-moddasining birinchi qismida, 63, 66, 70¹, 72, 79, 88, 90, 90¹, 91, 91¹, 91², 92, 94, 110, 111, 113, 114, 115, 116, 116¹, 116², 116³, 117-moddalarida, 118-moddasining uchinchi qismida, 121, 123, 125, 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 135¹, 136, 137, 138, 142-moddalarida, 144-moddasining uchinchi qismida, 146-moddasida, 147-moddasining birinchi qismida, 152-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 154-moddasida, 164-moddasining toʻrtinchi qismida, 170-moddasida, 176-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 176³-moddasida, 176⁴-moddasining ikkinchi qismida, 183, 184², 184³, 184⁴, 185, 185¹, 185², 185³,186, 187, 188, 188³, 188⁴, 189, 189¹, 190, 191, 192, 194, 195, 198, 199, 201, 202¹, 203, 204, 205, 209, 209¹, 210-moddalarida, 210¹-moddasining birinchi qismida, 218, 220, 224-moddalarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida, 225¹, 228, 239, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — ichki ishlar organlari tomonidan; 2) ushbu Kodeksning 184², 184³, 196¹, 196², 224-moddalarida, 224¹-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 224²-moddasida, 225-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 227²¹-moddasi birinchi qismida, 227²³-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan; 3) ushbu Kodeksning 61, 198-moddalarida, 210¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — shu qoʻriqlanadigan obyekt joylashgan yerdagi harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasining katta mansabdor shaxsi tomonidan; 4) Qurolli Kuchlar va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining transport vositalarini boshqaruvchi haydovchilar yoki boshqa shaxslar ushbu Kodeksning 125, 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 135¹, 136, 137, 138 -moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan taqdirda — harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan; 5) ushbu Kodeksning 60-moddasida, 69-moddasida (qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar bundan mustasno), 70-moddasining birinchi qismida, 70¹, 77, 79, 81, 82, 83, 84, 90, 90¹, 91, 91¹, 92, 93, 94, 198-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan; 6) ushbu Kodeksning 90¹, 184², 184³, 185¹, 189, 189¹, 198, 227, 227¹ — 227²⁷-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — bojxona organlari xodimlari tomonidan; 7) ushbu Kodeksning 194, 204, 205-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — harbiy patrul tomonidan; 8) ushbu Kodeksning 152-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida (radioelektron vositalarni yoki yuqori chastotali qurilmalarni sotish yoxud oʻzgaga doimiy yoki vaqtinchalik foydalanish uchun berish qismi), 164-moddasining toʻrtinchi qismida, 165¹-moddasida, 166-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 170-moddasida, 176-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 176³-moddasida, 176⁴-moddasining ikkinchi qismida, 186¹, 198-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda davlat soliq organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan; 9) ushbu Kodeksning 54, 61, 63, 72, 79, 88, 90, 90¹, 91, 91¹, 91², 184², 184³, 185, 185¹, 185², 185³,186, 187, 188, 188³, 189, 189¹, 191, 192, 194¹, 195¹, 198-moddalarida, 210¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 288-modda
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddatlari
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas. Ayrim hollarda alohida zarurat munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishning boshqacha muddatlari belgilanishi mumkin. Chegara tartibini yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali oʻtish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha muddatga ushlab turilishi mumkin, huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur boʻlgan hollarda esa — ushlash paytidan boshlab yigirma toʻrt soat ichida prokurorga yozma tarzda maʼlum qilib, uch sutkagacha yoki huquqbuzarda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, prokurorning sanksiyasi bilan oʻn sutkagacha muddatga ushlab turilishi mumkin. Ushbu Kodeksning 54, 56, 57, 58, 61, 90-moddalarida, 164-moddasining toʻrtinchi qismida, 170, 183, 184², 184³, 191, 194, 194¹, 195, 195¹, 201, 204, 205, 206, 210-moddalarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud oʻzining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yashirgan shaxslar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishi jinoyat ishlari boʻyicha sud yoki ichki ishlar organi boshligʻi (boshliq oʻrinbosari) tomonidan koʻrib chiqilgunga qadar, lekin 24 soatdan koʻp boʻlmagan muddatga ushlab turilishi mumkin. Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddati huquqbuzarni bayonnoma tuzish uchun olib kelish paytidan boshlanadi, mast holdagi shaxslar uchun esa — ular hushyor tortgan vaqtdan boshlanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 289-modda
Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirish
Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish ichki ishlar organlarining, harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining, havo transportining, bojxona organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining vakolatli shaxslari, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, shunga vakolati boʻlgan boshqa organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda boʻlgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin. Ashyolarni koʻzdan kechirib chiqish ichki ishlar organlarining, harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining, havo transportining, bojxona organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining, soliq organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarining, adliya organlarining (intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilishda), Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek tegishli vakolati boʻlgan organlarning boshqa vakolatli shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Ashyolarni, ov qilish va baliq tutish qurollarini, qoʻlga kiritilgan mahsulotlar va boshqa buyumlarni koʻzdan kechirish, odatda, shu ashyo va buyumlar kimning mulki yoki egaligida boʻlsa, oʻsha shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, mazkur ashyolar, buyumlarni mulkdorsiz (egasisiz) ikkita xolis guvoh ishtirokida ham koʻzdan kechirib chiqilishi mumkin. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirish toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga yoxud maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish toʻgʻrisidagi bayonnomaga tegishincha yozib qoʻyiladi. Bojxona muassasalarida shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirish bojxonaga doir qonunchilik bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 29-modda
Maʼmuriy qamoqqa olish
Maʼmuriy qamoqqa olish uch sutkadan oʻn besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — oʻttiz sutkagacha muddatga qoʻllaniladi. Maʼmuriy qamoqqa olish jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, shuningdek harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan belgilanadi. Maʼmuriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga, oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 290-modda
Ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish hamda xatlash
Huquqbuzarlarni ushlash, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish yoki ashyolarini koʻzdan kechirish vaqtida aniqlangan huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita huquqbuzarlik ashyosi boʻlgan ashyo va hujjatlar ushbu Kodeksning 287 va 289-moddalarida nazarda tutilgan organlarning mansabdor shaxslari tomonidan olib qoʻyiladi. Olib qoʻyilgan ashyo va hujjatlar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilgunga qadar shunday ashyo va hujjatlarni olib qoʻyish huquqi berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan belgilab beriladigan joylarda saqlanadi, ish koʻrib boʻlinganidan keyin esa, uni koʻrib chiqish natijalariga qarab, bu ashyo va hujjatlar belgilangan tartibda musodara qilinadi yoki egasiga qaytarib beriladi yoxud yoʻq qilib yuboriladi, ashyolar haq toʻlab olib qoʻyilgan taqdirda esa — sotib yuboriladi. Adliya organlari tomonidan ashyolarni koʻzdan kechirish vaqtida (intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilishda) aniqlangan huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita huquqbuzarlik ashyosi boʻlgan ashyo va hujjatlar xatlanadi. Olib qoʻyilgan orden, medal, faxriy unvonning koʻkrakka taqiladigan nishoni qonuniy egasiga qaytarib beriladi, basharti, egasi nomaʼlum boʻlsa, unda tegishli organga joʻnatiladi. Bojxona qoidalari yoki soliq va valyuta toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan taqdirda, basharti huquqbuzar Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat joyiga ega boʻlmasa, jarima undirilishini taʼminlash maqsadida uning ashyolari (qimmatli buyumlari) olib qoʻyilishi mumkin. Ashyo va hujjatlar olib qoʻyilgan taqdirda bu xususda bayonnoma tuziladi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga yoxud buyumlarni koʻzdan kechirib chiqish yoki maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish haqidagi bayonnomalarga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi. Sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksga muvofiq transport vositasini, kichik hajmli kemani boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan mahrum etish tarzida maʼmuriy jazo qoʻllanilishi mumkin boʻlsa, huquqbuzardan uning ishi yuzasidan qaror chiqarilgunga qadar transport vositasi, kichik hajmli kemani boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma, ovchilik bileti olib qoʻyiladi va bu haqda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga, shuningdek haydovchilik guvohnomasining taloniga, kema boshqaruvchisi guvohnomasining taloniga tegishlicha yozib qoʻyilib, talonlar transport vositasi haydovchisiga, kema boshqaruvchisiga qaytarib beriladi. Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olib qoʻyish — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olib qoʻyish — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, ov qilish huquqini beruvchi guvohnomani olib qoʻyish esa — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning 185, 220, 220¹ va 221-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlari ish koʻrib chiqilguniga qadar qurolni va uning oʻq-dorilarini olib qoʻyishga haqli boʻlib, bu haqda olib qoʻyilayotgan qurolning markasi yoki modeli, kalibri, turkumi va raqami, oʻq-dorilarning miqdori va turi koʻrsatilgan holda bayonnomaga yozib qoʻyiladi. Oʻz xizmat burchini bajarish vaqtida huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan uning ashyolarini olib qoʻyish, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirib chiqish juda zarur boʻlgan hollardagina qoʻllaniladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 291-modda
Transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish asoslari va tartibi
Transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish qonunchilik bilan vakolat berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilgunga qadar amalga oshirilishi mumkin, chunonchi: a) transport vositalarining haydovchilari ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida), 90¹-moddasida, 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 125¹-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida (bundan 125¹-moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari orqali aniqlangan hollar mustasno), 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 128⁶-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 128¹⁰, 131, 133-moddalarida, 134-moddasida (bundan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisida xabarnoma tuzilgan hollar mustasno), 135-moddasida (bundan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati yonida mavjud boʻlmaganligi hollari mustasno), 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137, 176³-moddalarida, 194-moddasida (ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shuningdek qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda — ichki ishlar organlari tomonidan; b) Qurolli Kuchlarning va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar va boshqa shaxslar yoʻl harakati qoidalarini buzganda — harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan; v) ushbu Kodeksning 60-moddasida, 70-moddasining birinchi qismida, 70¹, 78, 79, 81, 82, 84, 90, 90¹, 91, 91¹, 92, 94-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan; g) ushbu Kodeksning 90¹, 198, 227 — 227²⁷-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan; d) ushbu Kodeksning 164, 166, 167, 168, 172, 173, 176, 186¹-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan; e) ushbu Kodeksning 196¹, 196², 224-moddalarida, 224¹-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 224²-moddasida, 225-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 227²¹-moddasining birinchi qismida, 227²³-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining mansabdor shaxslari tomonidan; j) ushbu Kodeks 210¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan; z) ushbu Kodeksning 119 va 132-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan. Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi munosabati bilan tegishli hududlarda yoki obyektlarda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan sharoitlarda transport vositalari haydovchilari tomonidan ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda, transport vositalarini ushlab turish ichki ishlar organlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilguniga qadar amalga oshiriladi. Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida jarima toʻlanmagan taqdirda, jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqargan vakolatli organ tomonidan elektron tizimlarda avtomatik tarzda joylashtirilgan maʼlumotga koʻra transport vositasi jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi, bundan jarima uchun toʻlov elektron toʻlov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladigan hollar mustasno. Qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini (Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining transport vositalaridan tashqari) saqlab turish joylariga olib borish, joylashtirish va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 29¹-modda
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish ularning Oʻzbekiston Respublikasiga kirish huquqi keyinchalik bir yildan uch yilgacha muddatga cheklangan holda, majburiy yoki nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishidan iborat. Maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish ushbu Kodeksning 51², 51⁸, 51⁹, 56, 57, 58-moddalarida, 61¹-moddasi birinchi qismida, 94, 165¹, 184², 184³, 189, 189¹, 201, 202¹-moddalarida, 224¹-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 225-moddasi yettinchi va sakkizinchi qismlarida, 239, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda qoʻllanilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga aliment toʻlash boʻyicha majburiyatlarga ega boʻlgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 292-modda
Transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtkazish
Transport vositalarini boshqarayotgan mastlik holatida deb hisoblashga yetarli asoslar boʻlgan shaxs transport vositasini boshqarishdan chetlashtirilishi va mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak. Mazkur shaxsni tekshirishga yuborish va bu tekshiruvni oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 29²-modda
Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash
Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishi mumkin. Tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi oʻttiz sutkagacha boʻlgan muddatda maʼmuriy jazo tayinlash bilan birga qoʻllaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi. Tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan taʼminlanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 293-modda
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni taʼminlash choralari ustidan shikoyat berish
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish, shaxsni koʻrikdan oʻtkazish, ashyolarni koʻzdan kechirish, transport vositalarini ushlab turish va koʻzdan kechirish, ashyo va hujjatlarni olib qoʻyish, transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish ustidan manfaatdor shaxs yuqori organga (mansabdor shaxsga), prokurorga yoki sudga shikoyat berishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 294-modda
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va burchlari
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ish materiallari bilan tanishib chiqishga, izohlar berishga, dalillar keltirishga, oʻz iltimosini bayon etishga, ishni koʻrib chiqish vaqtida advokatning yuridik yordamidan foydalanishga, oʻz ona tilida soʻzlashga va tarjimonning xizmatlaridan foydalanishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida koʻrib chiqiladi. Mazkur shaxsga ishni koʻrib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlgan va undan ishni koʻrib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollarda, shuningdek ushbu Kodeks 309¹-moddasining birinchi qismida va 309²-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollardagina ish uning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin. Basharti sodir etgan huquqbuzarligi uchun ushbu Kodeksda maʼmuriy qamoqqa olish, ashyolarini musodara qilish yoki haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish choralarini qoʻllash nazarda tutilgan boʻlsa, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish vaqtida maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ishtirok etishi shart. Mazkur shaxs bunday maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda ishtirok etishdan boʻyin tovlagan taqdirda, u jinoyat ishlari boʻyicha sudning ajrimiga binoan ichki ishlar organi tomonidan majburan olib kelinishi mumkin. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan holda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni yoki boshqa qimmatliklarni olib oʻtish bilan bogʻliq boʻlib, musodara qoʻllanilishi mumkin boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish alohida hollarda, agar maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlsa yoki uning turgan joyini aniqlash imkoni boʻlmasa, bunday shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 295-modda
Jabrlanuvchi
Maʼmuriy huquqbuzarlik yoʻli bilan maʼnaviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan shaxs jabrlanuvchi deb topiladi. Jabrlanuvchi ishga oid hamma materiallar bilan tanishib chiqishga, koʻrsatuvlar berishga, dalillar keltirishga, iltimoslar qilishga, ishni koʻrib chiqish paytida advokatning yuridik yordamidan foydalanishga, oʻz ona tilida soʻzlashga va tarjimon xizmatidan foydalanishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 296-modda
Qonuniy vakillar
Voyaga yetmagan yoki oʻzining jismoniy nuqsonlari yoxud ruhiy holatining buzilganligi sababli maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan oʻz huquqini oʻzi amalga oshirolmaydigan — maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning yoki jabrlanuvchining manfaatlarini ular uchun mazkur shaxslarning qonuniy vakillari (ota-onalari, er yoki xotinlari, voyaga yetgan bolalari, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar) ifodalashga haqlidirlar. Qonuniy vakillar ish materiallari bilan tanishishga va manfaatlarini oʻzlari ifoda etayotgan shaxs nomidan iltimoslar qilishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidirlar.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 297-modda
Advokat
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda shu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni ushlab turish paytidan boshlab advokat qatnashishi mumkin. Advokat ishga oid materiallar bilan tanishib chiqishga, uni taklif qilgan shaxsning topshirigʻiga binoan va uning nomidan iltimoslar qilishga va ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan vakolatli mansabdor shaxs yoki sud maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishda ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʻrt soat vaqt berilishi kerak.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 298-modda
Guvoh
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha aniqlanishi kerak boʻlgan biron-bir holatdan voqif boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday shaxs shu ish yuzasidan guvoh sifatida chaqirilishi mumkin. Ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan guvoh koʻrsatilgan vaqtda kelishi, haqqoniy koʻrsatuvlar berishi, shu ish xususida oʻziga maʼlum boʻlgan hamma narsalarni aytib berishi va qoʻyilgan savollarga javob berishi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 299-modda
Ekspert
Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs ekspert sifatida tayinlanishi mumkin. Ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin. Ekspert maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan maxsus bilimlarga zarurat tugʻilgan hollarda tayinlanadi. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin emas. Ekspert: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning ekspertiza predmetiga oid materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) ruxsati bilan ishni koʻrib chiqishda hozir boʻlish, javobgarlikka tortilayotgan shaxsga, jabrlanuvchiga, guvohlarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; ashyoviy, yozma, raqamli dalillarni va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilish huquqiga egadir. Ekspert: oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda tartibga rioya qilishi shart.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 299¹-modda
Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi ekspert tekshiruvlarini oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi. Xulosada: ekspertiza oʻtkazilgan sana va joy; ekspertizani oʻtkazish asosi; ekspertizani tayinlagan organ (mansabdor shaxs) toʻgʻrisida maʼlumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani oʻtkazish topshirilgan tashkilot haqida maʼlumotlar; ekspertning bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qoʻyilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqida maʼlumotlar; qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda ekspert tekshiruvlarining mazmuni va natijalari, shuningdek bu ekspert tekshiruvlari, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, kim tomonidan oʻtkazilganligi; ekspert tekshiruvi natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan va ekspertning tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar koʻrsatilishi lozim. Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar koʻrsatilgan boʻlishi mumkin. Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Ekspert tekshiruvining olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan organning (mansabdor shaxsning) talabiga binoan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi. Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi ekspert tekshiruvi davomida maʼlum boʻlib qolsa, xulosa ayrim qoʻyilgan savollarga javob berishni rad etish asosini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim. Ekspert tekshiruvi tugaganidan soʻng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboriladi. Xulosa maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) uchun majburiy emas, biroq uning xulosaga qoʻshilmasligi asoslantirilgan boʻlishi kerak. Agar ekspert qoʻyilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin boʻlmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 299²-modda
Mutaxassis
Dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda maslahatlar (tushuntirishlar) berish yoʻli bilan koʻmaklashish hamda ilmiy-texnika vositalarini qoʻllashda yordam berish maqsadida fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan, ishning yakunidan manfaatdor boʻlmagan voyaga yetgan shaxs mutaxassis sifatida jalb etilishi mumkin. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar mutaxassis sifatida jalb qilinishi mumkin emas. Mutaxassis: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning tekshirish mavzusiga doir materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; maslahatlar (tushuntirishlar) berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va oʻrganish obyektlarini taqdim etish toʻgʻrisida iltimosnomalar berish; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish oʻz ish yurituvida boʻlgan organning (mansabdor shaxsning) ruxsati bilan ishni koʻrib chiqish chogʻida hozir boʻlish, javobgarlikka tortilayotgan shaxsga, jabrlanuvchiga, guvohlarga tekshirish mavzusiga taalluqli savollar berish; ashyoviy, yozma, raqamli dalillarni va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz maslahatlari (tushuntirishlari) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan fikr-mulohazalar bildirish; agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, ona tilida maslahat berish va tushuntirishlarini bayon qilish hamda bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish oʻz ish yurituvida boʻlgan organning (mansabdor shaxsning) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ushbu mutaxassisning huquqlari va erkinliklarini buzsa, mazkur organning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Mutaxassis: oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan masalalar yuzasidan asosli va xolisona maslahatlar (tushuntirishlar) berishi; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish oʻz ish yurituvida boʻlgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan kelishi; oʻtkazilgan tekshirish xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan maslahatlarni (tushuntirishlarni) tushuntirib berish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; tekshirish oʻtkazilishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlarining va ish materiallarining but saqlanishini taʼminlashi; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda tartibga rioya etishi shart. Mutaxassisning barcha yuzaga kelgan masalalar boʻyicha maslahatlari sudga yozma shaklda taqdim etilishi kerak, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda mutaxassis tomonidan berilgan tushuntirishlar esa maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bayonnomasiga kiritiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 3-modda
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning prinsiplari
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 30-modda
Maʼmuriy jazo qoʻllanilishining umumiy qoidalari
Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jazo ushbu Kodeks va boshqa normativ hujjatlarda belgilab qoʻyilgan doirada va tartibda qoʻllaniladi. Jazoni qoʻllanish chogʻida sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar hisobga olinadi.