Transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish asoslari va tartibi
Transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish qonunchilik bilan vakolat berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilgunga qadar amalga oshirilishi mumkin, chunonchi:
a) transport vositalarining haydovchilari ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida), 90¹-moddasida, 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 125¹-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida (bundan 125¹-moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari orqali aniqlangan hollar mustasno), 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 128⁶-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 128¹⁰, 131, 133-moddalarida, 134-moddasida (bundan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisida xabarnoma tuzilgan hollar mustasno), 135-moddasida (bundan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati yonida mavjud boʻlmaganligi hollari mustasno), 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137, 176³-moddalarida, 194-moddasida (ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shuningdek qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda — ichki ishlar organlari tomonidan;
b) Qurolli Kuchlarning va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar va boshqa shaxslar yoʻl harakati qoidalarini buzganda — harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan;
v) ushbu Kodeksning 60-moddasida, 70-moddasining birinchi qismida, 70¹, 78, 79, 81, 82, 84, 90, 90¹, 91, 91¹, 92, 94-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan;
g) ushbu Kodeksning 90¹, 198, 227 — 227²⁷-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan;
d) ushbu Kodeksning 164, 166, 167, 168, 172, 173, 176, 186¹-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan;
e) ushbu Kodeksning 196¹, 196², 224-moddalarida, 224¹-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 224²-moddasida, 225-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 227²¹-moddasining birinchi qismida, 227²³-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining mansabdor shaxslari tomonidan;
j) ushbu Kodeks 210¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan;
z) ushbu Kodeksning 119 va 132-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan.
Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi munosabati bilan tegishli hududlarda yoki obyektlarda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan sharoitlarda transport vositalari haydovchilari tomonidan ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda, transport vositalarini ushlab turish ichki ishlar organlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilguniga qadar amalga oshiriladi.
Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida jarima toʻlanmagan taqdirda, jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqargan vakolatli organ tomonidan elektron tizimlarda avtomatik tarzda joylashtirilgan maʼlumotga koʻra transport vositasi jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi, bundan jarima uchun toʻlov elektron toʻlov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladigan hollar mustasno.
Qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini (Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining transport vositalaridan tashqari) saqlab turish joylariga olib borish, joylashtirish va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish