Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 27-modda
Musodara qilish
Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish mazkur ashyoni haq toʻlamasdan majburiy tarzda davlat mulkiga oʻtkazishdan iborat boʻlib, ushbu chora jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi. Huquqbuzarning shaxsiy mulki boʻlmagan ashyo musodara qilinishi mumkin emas, muomaladan chiqarilgan ashyolar bundan mustasno. Oʻqotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning oʻq-dorilarini, boshqa ov qurollarini musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas. Musodara qilish chorasini qoʻllanish tartibi ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 270-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish tartibi ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 271-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar
Quyidagi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim: 1) maʼmuriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yoʻq boʻlsa; 2) maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish paytida shaxs oʻn olti yoshga toʻlmagan boʻlsa; 3) gʻayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlikni sodir etgan shaxs aqli noraso boʻlsa; 4) shaxs harakatni zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida qilgan boʻlsa; 4¹) shaxs harakatni jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish natijasida qilgan boʻlsa; 5) amnistiya akti chiqishi, agar u maʼmuriy jazo chorasini qoʻllanishni bekor qilsa; 6) maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi hujjat bekor qilingan boʻlsa; 7) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish paytiga kelib ushbu Kodeksning 36-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʻtib ketgan boʻlsa; 8) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs xususida shu fakt yuzasidan maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisida vakolatli organ (mansabdor shaxs) qaror chiqargan boʻlsa yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan qaror bekor qilinmagan boʻlsa, shuningdek mazkur fakt yuzasidan jinoyat toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa; 8¹) ish yuritish jabrlanuvchining arizasiga koʻra yuritiladigan hollarda uning arizasi mavjud boʻlmasa, bundan ushbu Kodeks 269³-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno; 9) shaxs ishi yuritila boshlangan paytda vafot etgan boʻlsa; 10) huquqbuzarlikning oqibatlari bartaraf etilgan taqdirda shaxsni javobgarlikdan ozod etish ushbu Kodeksning tegishli moddasida nazarda tutilgan boʻlsa; 10¹) huquqbuzar ushbu Kodeksning 21²-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha jabrlanuvchi bilan yarashgan boʻlsa; 11) agar ushbu Kodeks 164-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 165-moddasining birinchi qismida, 166-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida, 167-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 168-moddasida, 171-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 172, 173-moddalarida, 174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 174¹-moddasining birinchi — sakkizinchi qismlarida, 175-moddasining birinchi, ikkinchi, uchinchi va oltinchi qismlarida, 175¹-moddasining birinchi qismida, 175³, 175⁴-moddalarida, 175⁵-moddasining birinchi qismida, 176² — 176⁴-moddalarida, 177-moddasining birinchi qismida, 177¹-moddasining birinchi qismida, 177²-moddasining birinchi qismida, 178-moddasining birinchi — sakkizinchi qismlarida, 178¹-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 179²-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 179⁴-moddasining birinchi qismida, 179⁵-moddasida, 215-moddasining birinchi qismida, 215¹-moddasining birinchi qismida, 227⁸-moddasining birinchi, uchinchi va beshinchi qismlarida, 227¹⁴-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida, 227¹⁵-moddasining birinchi qismida, 227¹⁶-moddasining birinchi va toʻrtinchi qismlarida, 227¹⁸-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida, 227¹⁹-moddasining birinchi qismida, 227²¹-moddasida, 227²²-moddasining birinchi qismida, 227²³-moddasining birinchi qismida, 227²⁴, 227²⁵ va 227²⁶-moddalarida, 227²⁷-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolar yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, bundan fuqarolarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga zarar yetkazilgan hollar mustasno. 11¹) ushbu Kodeks 70¹-moddasining birinchi qismida, 72-moddasining birinchi qismida (suvlarni ifloslantirish, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yoʻl qoʻyish shartlari toʻgʻrisidagi talablarni buzishga oid qismida), 79-moddasining birinchi va toʻrtinchi qismlarida, 85-moddasining birinchi qismida (ifloslantiruvchi moddalarni yoʻl qoʻyiladigan normativdan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarib tashlashga oid qismida), 85¹-moddasining birinchi qismida, 88-moddasining beshinchi qismida, 91-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar yuridik shaxsning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan hamda bu atrof-muhitga zarar yetkazilishiga yoki atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari hisoblanishiga olib kelgan hollarda, yuridik shaxsga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan boʻlsa; 12) yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda, transport vositasining mulkdori toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud boʻlmasa; 13) agar maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot jarima solish haqida qaror chiqarishga vakolatli boʻlgan shaxsga qirq sakkiz soat ichida yuborilmagan boʻlsa. 14) agar soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari oʻz vaqtida taqdim etilgan va keyingi hisobot davri uchun soliq hisobotini taqdim etish muddatining kechiktirilishi besh ish kunidan oshmagan boʻlsa.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 272-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni fuqarolarning tengligi asosida koʻrib chiqish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish barcha fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida va shu ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) oldida tengligi asosida koʻrib chiqiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 273-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuritiladigan til
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda yuritiladi. Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan ish ishtirokchilariga tarjimon orqali ish materiallari bilan toʻliq tanishish va ishni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqish chogʻida qatnashish huquqi, shuningdek oʻz ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 274-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning ochiq koʻrilishi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish ochiq koʻriladi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishning tarbiyaviy va ogohlantiruvchi rolini oshirish maqsadida bunday ishlar huquqbuzarning ish, oʻqish joyidagi jamoalarida yoki yashash joyida koʻrib chiqilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 275-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish chogʻida qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazorati
Prokuror maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish chogʻida qonunlarning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirar ekan: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga; ish materiallari bilan tanishib chiqishga; ish yuritish vaqtida organlar (mansabdor shaxslar)ning harakatlari qonuniyligini tekshirishga; ishni koʻrib chiqishda qatnashishga; ishni koʻrib chiqish vaqtida vujudga kelgan masalalar xususida iltimosini bayon etishga, xulosalar berishga; maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun tegishli organlar (mansabdor shaxslar) taʼsir koʻrsatish choralarini toʻgʻri qoʻllanganligini tekshirishga; maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qabul qilingan qarorga yoki shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorga protest keltirishga; qonunda nazarda tutilgan boshqa harakatlar qilishga haqlidir.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 276-modda
Dalillar
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishga oid dalillar har qanday faktik maʼlumotlardan iborat boʻlib, organlar (mansabdor shaxslar) shu maʼlumotlarga asoslanib maʼmuriy huquqbuzarlik holati yuz bergan yoki bermaganligini, muayyan shaxsning uni sodir etishda aybdorligini va ishni toʻgʻri koʻrib chiqish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni qonunda belgilangan tartibda aniqlaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar quyidagi vositalar: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari hamda jabrlanuvchining, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspert xulosasi, mutaxassis maslahati (tushuntirishlari), ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi bayonnoma, haydovchilarning shaharlararo va xalqaro yuk hamda yoʻlovchi tashishni amalga oshiradigan transport vositalaridagi nazorat asboblari (taxograflar), audio-, videoyozuvlardan va fotosuratlardan iborat materiallar, shuningdek boshqa materiallar bilan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 277-modda
Dalillarga baho berish
Organ (mansabdor shaxs) dalillarga ishning hamma holatlarini har tomonlama, toʻla va obyektiv jamlab tekshirishga asoslangan oʻzining ichki ishonchi bilan qonunga amal qilgan holda baho beradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 278-modda
Materiallarni prokurorga topshirish
Basharti ishni koʻrib chiqish paytida organ (mansabdor shaxs) huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelsa, materiallarni prokurorga topshiradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 279-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzish
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Ushbu Kodeksning 283-moddasida nazarda tutilgan hollarda bayonnoma tuzilmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 28-modda
Maxsus huquqdan mahrum qilish
Muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositalarini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum qilish chorasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan uch yilgacha muddatga qoʻllaniladi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak, bundan ushbu Kodeksning 34¹-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno. Nogironligi sababli transport vositalaridan foydalanadigan shaxslarga nisbatan transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish chorasi qoʻllanilishi mumkin emas, ushbu Kodeks 131-moddasining birinchi qismida, 136-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollar bundan mustasno. Asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan ov qilish huquqidan mahrum etish chorasi qoʻllanilishi mumkin emas.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 280-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzishga vakolati boʻlgan shaxslar
Buzilishi maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qoidalarga rioya etilishini tekshirish va (yoki) nazorat qilish qonunchilik bilan zimmasiga yuklatilgan tegishli organning vakolatli mansabdor shaxsi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 281-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaning mazmuni
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomada: shu bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; huquqbuzarning shaxsiga oid maʼlumotlar; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati, ana shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat; agar guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlsa, ularning familiyalari va yashash manzillari; huquqbuzarning tushuntirishi; ishni hal qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Basharti huquqbuzarlik tufayli moddiy zarar yetkazilgan boʻlsa, bu ham bayonnomada koʻrsatiladi. Bayonnoma uni tuzgan shaxs va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanadi; guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlgan taqdirda esa — bayonnoma mazkur shaxslar tomonidan ham imzolanadi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga bu haqda yozib qoʻyiladi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarini berishga, shuningdek mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqlidir. Bayonnomani tuzish vaqtida huquqbuzarga ushbu Kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan uning huquq va burchlari tushuntiriladi va bu xususda bayonnomaga yozib qoʻyiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 28¹-modda
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat boʻlib, u sudlar tomonidan sakkiz soatdan ikki yuz qirq soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Agar huquqbuzar oʻqiyotgan boʻlsa, jamoat ishlari oʻqishdan boʻsh vaqtda bajariladi. Huquqbuzarlar haq toʻlanadigan jamoat ishlarini oʻtashi mumkin boʻlgan joylar (obyektlar) va haq toʻlanadigan jamoat ishlarining turlari mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar — ichki ishlar organlarining probatsiya boʻlinmalari tomonidan belgilanadi. Haq toʻlanadigan jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, doimiy ishga ega shaxslarga, harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar ish haqining ellik foizi aliment majburiyatlari boʻyicha qarzni toʻlashga yoʻnaltiriladi. Huquqbuzar jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud haq toʻlanadigan jamoat ishlarining oʻtalmagan muddatini haq toʻlanadigan jamoat ishlarining toʻrt soati uchun maʼmuriy qamoqning bir kuniga teng jazo bilan yoxud haq toʻlanadigan jamoat ishlarining sakkiz soati uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng jarima bilan almashtiradi. Bunda maʼmuriy qamoqning muddati oʻn besh sutkadan, jarimaning miqdori esa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oshmasligi kerak. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlanilgan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 282-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani joʻnatish
Bayonnoma boshqa hujjatlar va ish boʻyicha dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab uch sutkadan kechiktirmay maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboriladi. Ish boʻyicha ekspertiza tayinlangan, yetkazilgan zararni baholash choralari koʻrilgan, haydovchilik guvohnomasini olganlik toʻgʻrisida soʻrovlar joʻnatilgan hollarda bayonnoma ushbu hujjatlar kelib tushgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organga (mansabdor shaxsga) yuboriladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi; 1¹) mavjud boʻlgan taqdirda — jabrlanuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 2) ichki ishlar organlarining maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi; 3) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishi; 4) jabrlanuvchining, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud boʻlsa; 5) maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar; 6) ushbu Kodeks 269³-moddasining birinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha jabrlanuvchining arizasi. Ushbu Kodeksning 133 va 134-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi bayonnomaga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi: 1) haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning va ishonchnomaning koʻchirma nusxasi; 2) sugʻurta polisining koʻchirma nusxasi (mavjud boʻlgan taqdirda); 3) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarilganligi belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzdagi mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlagan taqdirda ikki xolis ishtirokida tuzilgan dalolatnoma; 4) koʻzdan kechirish dalolatnomasi va hodisa joyining chizmasi, transport vositasining shikastlanishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va texnika vositalari shikastlanishlarining fotosuratlari; 5) avtomototransport vositasiga yetkazilgan zararni baholash dalolatnomasi; 6) sudga qadar avtotexnika ekspertizasi tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi; 7) surishtiruv yakunlariga koʻra, manfaatdor shaxslarning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallari bilan tanishganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma. Ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi: 1) jabrlanuvchining arizasi; 2) sudga qadar tibbiy ekspertiza tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi; 3) jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 283-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydigan hollar
Agar fuqaro oʻzi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirmasa hamda unga joyning oʻzida solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmasa, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi. Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy bayonnoma, jarima miqdoridan qatʼi nazar, tuziladi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Jarima toʻlaganligi toʻgʻrisida aybdorga belgilangan shakldagi kvitansiya beriladi. Basharti fuqaro oʻziga solinadigan jarimaga eʼtiroz bildirsa, u holda ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq bayonnoma tuziladi. Transport vositasidan foydalangan holda yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan, shuningdek soliq yoki bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining yoki Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali qayd etilgan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi. Ushbu Kodeksning 193-moddasida nazarda tutilgan deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlari buzilgan taqdirda, tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari devonlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻzining arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati haqidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega. Ushbu Kodeksning 197¹-moddasida nazarda tutilgan advokatning professional faoliyatiga toʻsqinlik qilingan taqdirda, advokat maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega. Ushbu Kodeksning 197⁵-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda (taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish), taʼlim tashkilotining pedagog xodimi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 284-modda
Huquqbuzarni ushlab keltirish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish maqsadida, agar bayonnoma tuzish shart boʻlib, uni joyning oʻzida tuzishning imkoni boʻlmasa, ichki ishlar organi xodimi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzishga vakolatli boshqa shaxs huquqbuzarni ichki ishlar organiga yoxud fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga keltirishi mumkin. Transport vositalaridan foydalanish, harakat tartibi va xavfsizligini saqlash, transportda yuklarni but saqlashni taʼminlash borasidagi qoidalar, transportda yongʻindan saqlash qoidalari, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi kurash-sanitariya qoidalari buzilgan taqdirda huquqbuzar, agar unda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va u haqda zarur maʼlumotlar berishi mumkin boʻlgan guvohlar boʻlmasa, vakolatli shaxs tomonidan ichki ishlar organlariga ushlab keltirilishi mumkin. Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganda bayonnoma tuzish maqsadida, basharti huquqbuzarning shaxsini huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida aniqlash mumkin boʻlmasa, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash va undan foydalanish ustidan nazorat olib boruvchi organlarning xodimlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning mansabdor shaxslari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari (xodimlari) shunday huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ichki ishlar organlariga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga ushlab keltirishlari mumkin. Huquqbuzar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish jamoatchi inspektorlari, ovchilik jamoatchi inspektorlari, baliqlarni muhofaza qilish jamoatchi inspektorlari va oʻrmonlarning jamoatchi inspektorlari tomonidan ham ushlab keltirilishi mumkin. Yuridik shaxslarning qoʻriqlanadigan obyektlariga, boshqa mol-mulkiga tajovuz qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, huquqbuzar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari (xodimlari), ichki ishlar organlari xodimlari yoki harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasi ishchilari va xizmatchilari tomonidan huquqbuzarlikka barham berish, huquqbuzarning shaxsini aniqlash va huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalariga, ichki ishlar organlariga yoki harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasining xizmat binosiga ushlab keltirilishi mumkin. Huquqbuzarni olib kelish iloji boricha qisqa muddatda amalga oshirilishi lozim. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga olib kelingan shaxs bu yerda bir soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 285-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni taʼminlash choralari
Boshqa taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanib boʻlinganidan keyin maʼmuriy huquqbuzarlikni toʻxtatish, huquqbuzarning shaxsini aniqlash, basharti bayonnoma tuzish zarur boʻlib, uni huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida tuzish imkoni boʻlmagan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish, ishlarning oʻz vaqtida va toʻgʻri koʻrib chiqilishini taʼminlash va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish maqsadida mazkur shaxsni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishga, shaxsan koʻrikdan oʻtkazishga, uning ashyolari, transport vositalarini koʻzdan kechirishga va ashyo hamda hujjatlarni olib qoʻyishga yoʻl qoʻyiladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan maqsadlarda shaxsni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish, shaxsan koʻrikdan oʻtkazish, uning ashyolari, transport vositalarini koʻzdan kechirish va ashyo hamda hujjatlarini olib qoʻyish tartibi ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchiligi bilan belgilanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 286-modda
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, unda: bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnoma tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; ushlab turilgan shaxs haqidagi maʼlumotlar; uni ushlab turish vaqti, joyi va uning asoslari koʻrsatiladi. Bayonnoma uni tuzgan mansabdor shaxs va ushlab turilgan shaxs tomonidan imzolanadi. Ushlab turilgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga shu haqda yozib qoʻyiladi. Ushlab turilgan shaxsning iltimosiga koʻra, u ushlab turilgan joy haqida uning qarindosh-urugʻlari, advokat, ish yoki oʻqish joyidagi maʼmuriyat xabardor qilib qoʻyiladi. Voyaga yetmagan shaxs ushlab turilgani haqida uning ota-onasi yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar albatta xabardor qilinadi.