Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydigan hollar
Agar fuqaro oʻzi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirmasa hamda unga joyning oʻzida solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmasa, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi. Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy bayonnoma, jarima miqdoridan qatʼi nazar, tuziladi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Jarima toʻlaganligi toʻgʻrisida aybdorga belgilangan shakldagi kvitansiya beriladi.
Basharti fuqaro oʻziga solinadigan jarimaga eʼtiroz bildirsa, u holda ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq bayonnoma tuziladi.
Transport vositasidan foydalangan holda yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan, shuningdek soliq yoki bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining yoki Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali qayd etilgan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi.
Ushbu Kodeksning 193-moddasida nazarda tutilgan deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlari buzilgan taqdirda, tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari devonlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻzining arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati haqidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Ushbu Kodeksning 197¹-moddasida nazarda tutilgan advokatning professional faoliyatiga toʻsqinlik qilingan taqdirda, advokat maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Ushbu Kodeksning 197⁵-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda (taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish), taʼlim tashkilotining pedagog xodimi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish