Dalillar
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishga oid dalillar har qanday faktik maʼlumotlardan iborat boʻlib, organlar (mansabdor shaxslar) shu maʼlumotlarga asoslanib maʼmuriy huquqbuzarlik holati yuz bergan yoki bermaganligini, muayyan shaxsning uni sodir etishda aybdorligini va ishni toʻgʻri koʻrib chiqish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni qonunda belgilangan tartibda aniqlaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar quyidagi vositalar: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari hamda jabrlanuvchining, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspert xulosasi, mutaxassis maslahati (tushuntirishlari), ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi bayonnoma, haydovchilarning shaharlararo va xalqaro yuk hamda yoʻlovchi tashishni amalga oshiradigan transport vositalaridagi nazorat asboblari (taxograflar), audio-, videoyozuvlardan va fotosuratlardan iborat materiallar, shuningdek boshqa materiallar bilan belgilanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish