Huquqbuzarni ushlab keltirish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish maqsadida, agar bayonnoma tuzish shart boʻlib, uni joyning oʻzida tuzishning imkoni boʻlmasa, ichki ishlar organi xodimi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzishga vakolatli boshqa shaxs huquqbuzarni ichki ishlar organiga yoxud fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga keltirishi mumkin.
Transport vositalaridan foydalanish, harakat tartibi va xavfsizligini saqlash, transportda yuklarni but saqlashni taʼminlash borasidagi qoidalar, transportda yongʻindan saqlash qoidalari, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi kurash-sanitariya qoidalari buzilgan taqdirda huquqbuzar, agar unda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va u haqda zarur maʼlumotlar berishi mumkin boʻlgan guvohlar boʻlmasa, vakolatli shaxs tomonidan ichki ishlar organlariga ushlab keltirilishi mumkin.
Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganda bayonnoma tuzish maqsadida, basharti huquqbuzarning shaxsini huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida aniqlash mumkin boʻlmasa, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash va undan foydalanish ustidan nazorat olib boruvchi organlarning xodimlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning mansabdor shaxslari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari (xodimlari) shunday huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ichki ishlar organlariga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga ushlab keltirishlari mumkin. Huquqbuzar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish jamoatchi inspektorlari, ovchilik jamoatchi inspektorlari, baliqlarni muhofaza qilish jamoatchi inspektorlari va oʻrmonlarning jamoatchi inspektorlari tomonidan ham ushlab keltirilishi mumkin.
Yuridik shaxslarning qoʻriqlanadigan obyektlariga, boshqa mol-mulkiga tajovuz qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, huquqbuzar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari (xodimlari), ichki ishlar organlari xodimlari yoki harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasi ishchilari va xizmatchilari tomonidan huquqbuzarlikka barham berish, huquqbuzarning shaxsini aniqlash va huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalariga, ichki ishlar organlariga yoki harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasining xizmat binosiga ushlab keltirilishi mumkin.
Huquqbuzarni olib kelish iloji boricha qisqa muddatda amalga oshirilishi lozim.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga olib kelingan shaxs bu yerda bir soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish