Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddatlari
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas. Ayrim hollarda alohida zarurat munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishning boshqacha muddatlari belgilanishi mumkin.
Chegara tartibini yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali oʻtish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha muddatga ushlab turilishi mumkin, huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur boʻlgan hollarda esa — ushlash paytidan boshlab yigirma toʻrt soat ichida prokurorga yozma tarzda maʼlum qilib, uch sutkagacha yoki huquqbuzarda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, prokurorning sanksiyasi bilan oʻn sutkagacha muddatga ushlab turilishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 54, 56, 57, 58, 61, 90-moddalarida, 164-moddasining toʻrtinchi qismida, 170, 183, 184², 184³, 191, 194, 194¹, 195, 195¹, 201, 204, 205, 206, 210-moddalarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud oʻzining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yashirgan shaxslar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishi jinoyat ishlari boʻyicha sud yoki ichki ishlar organi boshligʻi (boshliq oʻrinbosari) tomonidan koʻrib chiqilgunga qadar, lekin 24 soatdan koʻp boʻlmagan muddatga ushlab turilishi mumkin.
Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddati huquqbuzarni bayonnoma tuzish uchun olib kelish paytidan boshlanadi, mast holdagi shaxslar uchun esa — ular hushyor tortgan vaqtdan boshlanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish