Iltimosnomaning sud tomonidan koʻrib chiqilishi
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili sud majlisida ishtirok etishi shart. Sud majlisida advokat ishtirok etishi mumkin.
Iltimosnomani koʻrib chiqish ichki ishlar organi vakilining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligi va joylashtirish muddati asoslab beriladigan maʼruzasi bilan boshlanadi. Soʻngra oʻziga nisbatan iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokat, sudga kelgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi.
Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud quyidagi qarorlardan birini chiqaradi:
iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida;
iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida.
Iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi qaror oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.
Qaror ijro etish uchun darhol ichki ishlar organi vakiliga, agar sud majlisida ishtirok etgan boʻlsa, advokatga va oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan qaror ustidan ushbu qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa apellyatsiya protesti keltirishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) u kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida yakka tartibda koʻrib chiqib, uning natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini chiqaradi:
qarorni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi qarorni bekor qilish va shaxsni reabilitatsiya markazidan ozod qilish haqida;
iltimosnomani qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi qarorni bekor qilish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish