Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹-modda
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli. Apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxslar oʻz vajlarini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli. Apellyatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi bir sutka ichida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxsga, jabrlanuvchiga, ularning qonuniy vakillariga, advokatga, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga yuboriladi. Koʻrsatilgan shaxslar ish bilan, shu jumladan qoʻshimcha materiallar bilan tanishishga, shuningdek sudga oʻz eʼtirozlarini taqdim etishga haqli. Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim. Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellyatsiya instansiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim. Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁰-modda
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) qaror chiqargan sudning nomi va tarkibi; 2) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy; 3) qaror chiqarilgan ish; 4) apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi); 5) shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlarining mazmuni; 6) sudning apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan xulosalari hamda sud amal qilgan qonunlarga va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori sudya tomonidan imzolanadi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori uni chiqargan sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹¹-modda
Apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining nusxasini yuborish (topshirish)
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin uning koʻchirma nusxasi oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxsga, maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga uch sutkagacha boʻlgan muddatda topshiriladi yoki yuboriladi, shuningdek jabrlanuvchiga oʻz soʻroviga binoan ushbu muddatda topshiriladi yoki yuboriladi. Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qaror u qabul qilingan kuni qarorni ijro etuvchi organning, mansabdor shaxsning, shuningdek oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsning va jabrlanuvchining eʼtiboriga yetkaziladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹²-modda
Kassatsiya tartibida sud hujjatlarini koʻrish
Kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, koʻrilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹³-modda
Kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ sud hujjatlari ustidan, agar ish apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, apellyatsiya tartibida shikoyat berish muddati oʻtgach, kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlari sud hujjatlari ustidan, agar ish apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, apellyatsiya tartibida protest keltirish muddati oʻtgach, kassatsiya tartibida protest keltirishga haqli. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxslar kassatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan vajlarni tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁴-modda
Kassatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi va muddati
Kassatsiya shikoyati (protesti): 1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining qarorlari ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga; 2) hududiy harbiy sudlarning qarorlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga berilishi mumkin. Kassatsiya shikoyatlari (protestlari) qaror chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud ularni qaror chiqargan sudga ushbu Kodeksning 324¹-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi. Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga asosan, agar uni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁵-modda
Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuniga qoʻyiladigan talablar
Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu Kodeksning 324⁴-moddasi talablariga javob berishi kerak. Agar mazkur talablar bajarilmasa, sud ushbu Kodeks 324⁴-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qarorlardan birini qabul qiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁶-modda
Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu shikoyat (protest) ishning barcha materiallari bilan birga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh sutka ichida kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁷-modda
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish
Ishni birinchi instansiyada koʻrib chiqqan sud tomonidan kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushganligi toʻgʻrisida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga kassatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi yoki uning elektron nusxasi bilan qaror chiqargan sudning internet-resursi orqali tanishish imkoniyati toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga kassatsiya shikoyatiga (protestiga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda tushuntiriladi. Kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar ish kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritilganligi toʻgʻrisida birinchi instansiya sudi tomonidan xabardor qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁸-modda
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan kassatsiya shikoyatini bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Kassatsiya protestini qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir. Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining kassatsiya shikoyatini qaytarib olishga haqli. Maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻz kassatsiya shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishda kassatsiya instansiyasi sudi qaror chiqaradi va bu qaror bilan, agar sud qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat qilmagan boʻlsa, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁹-modda
Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish tartibi
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish kassatsiya instansiyasida koʻrilayotganda sud majlisi ish boʻyicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni kassatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi. Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ular vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror kassatsiya protesti bergan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi. Kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi. Sud kassatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qoʻshimcha materiallarni hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi. Kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi. Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi. Qarorning koʻchirma nusxalari kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu Kodeksning 324¹¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²-modda
Apellyatsiya tartibida ishlarni qayta koʻruvchi sudlar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish natijalari yuzasidan birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini apellyatsiya tartibida tekshiradi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²⁰-modda
Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida; 2) birinchi instansiya sudining qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida; 3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida; 4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida; 5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida; 6) kassatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan kassatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²¹-modda
Sud hujjatini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar
Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi va adolatsizligi sud hujjatini kassatsiya tartibida oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi. Sudning mazmunan toʻgʻri boʻlgan hujjati faqat birgina yuzaki asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin emas.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²²-modda
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) qaror chiqargan sudning nomi va tarkibi; 2) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy; 3) qaror chiqarilgan ish; 4) kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi); 5) shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlarining mazmuni; 6) sudning kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan xulosalari hamda sud amal qilgan qonunlarga va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori sudya tomonidan imzolanadi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori uni chiqargan sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²³-modda
Taftish tartibida qayta koʻrilishi mumkin boʻlgan sud qarorlari
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²⁴-modda
Sud hujjatlari ustidan taftish tartibida shikoyat berish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²⁵-modda
Sud hujjatlari ustidan taftish tartibida protest keltirish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarlari birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida protest keltirishga haqli.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²⁶-modda
Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladigan muddat
Shikoyat (protest) apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, taftish instansiyasi sudi shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra, agar uni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324²⁷-modda
Taftish tartibida beriladigan shikoyatning (protestning) mazmuniga quyiladigan talablar
Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) shikoyat (protest) yuborilayotgan, ishni taftish tartibida koʻradigan sudning nomi; 2) shikoyat (protest) bergan shaxs, uning protsessual mavqeyi, uning yashash joyi yoki joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 3) sud ishining raqami, ustidan shikoyat (protest) berilayotgan qaror chiqarilgan sana, birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining nomi; 4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning fikriga koʻra qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari, shuningdek uning iltimosining mazmuni; 5) shikoyat (protest) bergan shaxs oʻz talablarini asoslayotgan dalillar; 6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar roʻyxati; 7) shikoyat (protest) berilgan sana, shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.