Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 324¹⁹-modda

Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish tartibi

Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.

Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish kassatsiya instansiyasida koʻrilayotganda sud majlisi ish boʻyicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi.

Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi.

Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni kassatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi.

Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ular vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror kassatsiya protesti bergan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.

Kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.

Sud kassatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qoʻshimcha materiallarni hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi.

Kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi.

Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.

Ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.

Qarorning koʻchirma nusxalari kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu Kodeksning 324¹¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.