Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1182-modda
Ishonchnoma
Ishonchnomaning shakli va amal qilish muddati ishonchnoma berilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan boʻlsa, ishonchnoma shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 1183-modda
Daʼvo muddati
Daʼvo muddati mamlakatning tegishli munosabatni tartibga solish uchun qoʻllanilayotgan huquqi boʻyicha belgilanadi. Daʼvo muddati tatbiq etilmaydigan talablar, agar tegishli munosabatning qatnashchilaridan loaqal bittasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1184-modda
Ashyoviy huquqlarga nisbatan qoʻllaniladigan huquq toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
Koʻchmas va koʻchar mol-mulkka nisbatan mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi. Mol-mulkning koʻchmas yoki koʻchar ashyolarga mansubligi, shuningdek mol-mulkning boshqacha yuridik baholanishi ana shu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1185-modda
Ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor boʻlishi
Mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor boʻlishi, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi yoxud bekor boʻlishi uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat sodir boʻlgan paytda bu mol-mulk turgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi. Bitim narsasi boʻlgan mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor boʻlishi, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu bitim boʻysundirilgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mol-mulkka nisbatan mulk huquqining vujudga kelishi egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tugagan paytda mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bilan aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1186-modda
Transport vositalariga va davlat reyestrida qayd etilishi lozim boʻlgan boshqa mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar
Transport vositalariga va davlat reyestrida qayd etilishi lozim boʻlgan boshqa mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar bu transport vositalari yoki mol-mulk roʻyxatga olingan mamlakat huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1187-modda
Yoʻlda boʻlgan koʻchar mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar
Bitim boʻyicha yoʻlda boʻlgan koʻchar mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, bu mol-mulk joʻnatilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1188-modda
Ashyoviy huquqlarni himoya qilish
Mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan ariza beruvchining tanlovi boʻyicha mol-mulk turgan mamlakatning huquqi yoki sud qaysi mamlakatga qarashli boʻlsa, oʻsha mamlakatning huquqi qoʻllanadi. Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan bu mulk turgan mamlakatning huquqi qoʻllanadi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat reyestrida qayd etilgan mol-mulkka nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1189-modda
Shartnoma taraflarining kelishuviga koʻra huquqni tanlash
Shartnoma, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflarning kelishuviga koʻra tanlangan mamlakat huquqi bilan tartibga solinadi. Shartnoma taraflari qoʻllaniladigan huquqni umuman shartnoma uchun ham, uning alohida qismlari uchun ham tanlab olishlari mumkin. Qoʻllaniladigan huquq taraflar tomonidan shartnoma tuzilayotganda ham, undan keyin ham istalgan vaqtda tanlanishi mumkin. Taraflar, shuningdek istalgan vaqtda shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquqni oʻzgartirish toʻgʻrisida kelishib olishlari mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 119-modda
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1190-modda
Taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq
Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bu shartnomaga nisbatan: oldi-sotdi shartnomasida — sotuvchi; hadya shartnomasida — hadya qiluvchi; ijara (mulk ijarasi) shartnomasida — ijaraga beruvchi; mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasida — ssuda beruvchi; pudrat shartnomasida — pudratchi; yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasida — tashuvchi; transport ekspeditsiyasi shartnomasida — ekspeditor; qarz shartnomasida yoki boshqa kredit shartnomasida — kreditor; topshiriq shartnomasida — ishonchli vakil; vositachilik shartnomasida — vositachi; omonat saqlash shartnomasida — saqlovchi; sugʻurta shartnomasida — sugʻurtalovchi; kafillik shartnomasida — kafil; garov toʻgʻrisidagi shartnomada — garovga qoʻyuvchi; pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) shartnomasida — mijoz; alohida huquqlardan foydalanish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasida — litsenziar hisoblanuvchi taraf taʼsis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi. Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, ushbu modda birinchi qismining qoidalaridan qatʼi nazar: koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan — bu mulk turgan mamlakatning huquqi; birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga va qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan — ana shunday faoliyat amalga oshirilayotgan yoki shartnomada nazarda tutilgan natijalar yaratilayotgan mamlakatning huquqi; kimoshdi savdosida, tanlov boʻyicha yoki birjada tuzilgan shartnomaga nisbatan — kimoshdi savdosi, tanlov oʻtkazilayotgan yoki birja joylashgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatib oʻtilmagan shartnomalarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bunday shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni amalga oshirayotgan taraf taʼsis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi. Shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni aniqlashning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, shartnoma eng uzviy bogʻlangan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1191-modda
Chet el ishtirokidagi yuridik shaxsni tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq
Chet el ishtirokidagi yuridik shaxsni tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan yuridik shaxs taʼsis etilgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 1192-modda
Qoʻllaniladigan huquqning amal qilish doirasi
Ushbu paragrafning qoidalaridan kelib chiqib shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq: shartnomaning talqinini; taraflarning huquq va majburiyatlarini; shartnomaning ijrosini; shartnomani umuman yoki tegishli darajada ijro etmaslik oqibatlarini; shartnomaning toʻxtatilishini; shartnomaning oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi yoki haqiqiy emas deb topilishi oqibatlarini; shartnoma munosabati bilan talablarning bahridan oʻtish va qarzni oʻtkazishni qamrab oladi. Ijro etish usullari va tartibiga, shuningdek tegishli darajada ijro etilmagan taqdirda koʻrilishi lozim boʻlgan choralar borasida qoʻllanilayotgan huquqdan tashqari ijro amalga oshirilayotgan mamlakatning huquqi ham eʼtiborga olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1193-modda
Bir taraflama harakatlardan iborat majburiyatlar
Bir taraflama harakatlardan (mukofotni oshkora vaʼda qilish, oʻzganing maqsadini koʻzlab topshiriqsiz amalga oshiriladigan faoliyat va boshqalardan) iborat majburiyatlarga nisbatan ushbu boʻlimning 4-paragrafi qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1194-modda
Zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar
Zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha huquq va majburiyatlar zararni undirishni talab qilish uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat yuz bergan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi. Chet elda zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha huquq va burchlar, agar fuqarolar yoki yuridik shaxslar ayni bitta davlatdan boʻlsalar, shu davlat huquqi bilan belgilanadi. Agar zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talab uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi boʻyicha gʻayriqonuniy boʻlmasa, chet el huquqi qoʻllanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1195-modda
Isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Tovarni sotib olish, ishni bajarish yoki xizmatni koʻrsatish munosabati bilan isteʼmolchi koʻrgan zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabga nisbatan isteʼmolchining xohishiga koʻra: isteʼmolchining turar joyi joylashgan mamlakatning huquqi; ishlab chiqaruvchi yoki ishni bajargan, xizmat koʻrsatgan shaxsning turar joyi yoki manzili joylashgan mamlakatning huquqi; isteʼmolchi tovarni sotib olgan, ish natijasini qabul qilgan yoki unga xizmat koʻrsatilgan mamlakatning huquqi qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1196-modda
Asossiz boylik orttirish
Asossiz boylik orttirish natijasida vujudga keladigan majburiyatlarga nisbatan boylik orttirilgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi. Agar asossiz boylik orttirish mol-mulkni sotib olish yoki tejab qolishga doir asoslar bekor boʻlishi natijasida vujudga kelsa, qoʻllaniladigan huquq bu asos boʻysundirilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi. Asossiz boylik orttirish tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1197-modda
Vorislikka doir munosabatlar
Vorislikka doir munosabatlar, basharti ushbu Kodeksning 1198 va 1199-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, meros qoldiruvchi vasiyatnomada oʻzi fuqarosi boʻlgan mamlakatning huquqini tanlagan boʻlmasa, meros qoldiruvchi oxirgi doimiy turar joyga ega boʻlgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1198-modda
Shaxslarning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish layoqati, vasiyatnomaning va uni bekor qilish hujjatining shakli
Shaxsning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish layoqati, shuningdek vasiyatnomaning va uni bekor qilish hujjatining shakli, agar meros qoldiruvchi vasiyatnomada oʻzi fuqarosi boʻlgan mamlakatning huquqini tanlagan boʻlmasa, hujjat tuzilayotgan paytda meros qoldiruvchi doimiy turar joyga ega boʻlgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi. Biroq vasiyatnoma yoki uning bekor qilinishi, agar shakl hujjat tuzilgan joyning yoki Oʻzbekiston Respublikasining huquqi talablarini qanoatlantirsa, shaklga rioya etilmaganligi natijasida haqiqiy emas deb topilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1199-modda
Koʻchmas mulkka va davlat reyestrida qayd etilishi lozim boʻlgan mol-mulkka vorislik
Koʻchmas mulkka vorislik mazkur mulk joylashgan mamlakat huquqi boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasining reyestrida qayd etilgan mol-mulkka vorislik esa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 12-modda
Davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
Davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Sud hujjatni haqiqiy emas deb topgan taqdirda, buzilgan huquq ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilinishi kerak.