Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 1190-modda

Taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq

Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bu shartnomaga nisbatan:

oldi-sotdi shartnomasida — sotuvchi;

hadya shartnomasida — hadya qiluvchi;

ijara (mulk ijarasi) shartnomasida — ijaraga beruvchi;

mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasida — ssuda beruvchi;

pudrat shartnomasida — pudratchi;

yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasida — tashuvchi;

transport ekspeditsiyasi shartnomasida — ekspeditor;

qarz shartnomasida yoki boshqa kredit shartnomasida — kreditor;

topshiriq shartnomasida — ishonchli vakil;

vositachilik shartnomasida — vositachi;

omonat saqlash shartnomasida — saqlovchi;

sugʻurta shartnomasida — sugʻurtalovchi;

kafillik shartnomasida — kafil;

garov toʻgʻrisidagi shartnomada — garovga qoʻyuvchi;

pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) shartnomasida — mijoz;

alohida huquqlardan foydalanish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasida — litsenziar hisoblanuvchi taraf taʼsis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.

Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, ushbu modda birinchi qismining qoidalaridan qatʼi nazar:

koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan — bu mulk turgan mamlakatning huquqi;

birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga va qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan — ana shunday faoliyat amalga oshirilayotgan yoki shartnomada nazarda tutilgan natijalar yaratilayotgan mamlakatning huquqi;

kimoshdi savdosida, tanlov boʻyicha yoki birjada tuzilgan shartnomaga nisbatan — kimoshdi savdosi, tanlov oʻtkazilayotgan yoki birja joylashgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatib oʻtilmagan shartnomalarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bunday shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni amalga oshirayotgan taraf taʼsis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi. Shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni aniqlashning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, shartnoma eng uzviy bogʻlangan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.