Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 120-modda
Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand vositalarni suiisteʼmol qilish oqibatida muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan homiysining roziligisiz tuzilgan bitimni sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tuzilgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan mayda maishiy bitimlarga taalluqli boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 121-modda
Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Garchi muomalaga layoqatli boʻlsa-da, biroq bitim tuzish vaqtida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda boʻlgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim shu fuqaroning yoki huquqlari yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari bunday bitimni tuzish natijasida buzilgan boshqa shaxslarning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Keyinchalik muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimni, agar bitimni tuzish paytida fuqaro oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi isbotlangan boʻlsa, uning vasiysi qilgan daʼvoga muvofiq sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Agar bitim ushbu modda asosida haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Bundan tashqari, bitim tuzish paytida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni boshqara olmagan tarafga ikkinchi taraf, agar u oʻzi bilan bitim tuzgan fuqaroning bunday holatda ekanligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, qilingan xarajatlarni, yoʻqotilgan mol-mulkning yoki unga yetkazilgan shikastning haqini toʻlashi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 122-modda
Yanglishish taʼsirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Jiddiy ahamiyatga ega boʻlgan yanglishish taʼsirida tuzilgan bitim yanglishish taʼsirida harakat qilgan tarafning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bitimning tabiati, uning narsasining oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish imkoniyatini ancha pasaytiradigan oʻxshashligi yoki sifati haqida yanglishish jiddiy ahamiyatga egadir. Bitimning sabablari xususida yanglishish jiddiy ahamiyatga ega emas. Agar bitim yanglishish taʼsirida tuzilganligi tufayli haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Bundan tashqari, oʻz daʼvosiga koʻra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf yanglishish ikkinchi tarafning aybi bilan yuz berganligini isbotlay olsa, ikkinchi tarafdan oʻziga yetkazilgan haqiqiy zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Agar bu hol isbotlanmasa, oʻz daʼvosiga koʻra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf ikkinchi tarafning talabi bilan, basharti hatto yanglishish yanglishgan tarafga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra yuz bergan boʻlsa ham, yetkazilgan haqiqiy zararni unga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 123-modda
Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki ogʻir holatlar yuz berishi taʼsirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi taʼsirida tuzilgan bitim, shuningdek fuqaro ogʻir holatlar yuz berishi tufayli oʻzi uchun oʻta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur boʻlgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar bitim yuqorida koʻrsatilgan asoslardan biriga koʻra haqiqiy emas deb topilsa, ikkinchi taraf jabrlanuvchiga uning bitim boʻyicha bajargan hamma narsasini qaytarib berishi kerak, olingan narsani asl holida qaytarishning iloji boʻlmaganida esa — uning qiymatini pul bilan toʻlashi kerak. Jabrlanuvchi bitim boʻyicha ikkinchi tarafdan olgan mol-mulk, shuningdek ikkinchi tarafga topshirilgan narsa evaziga oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk davlat daromadiga oʻtkaziladi. Mol-mulkni asl holida davlat daromadiga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, uning qiymati pul bilan undirib olinadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchiga ikkinchi taraf uning qilgan xarajatlarini, uning mol-mulki yoʻqotilishi yoki buzilishi natijasida yetkazilgan zararni toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 124-modda
Qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik oqibatlar tugʻdirish niyati boʻlmagan holda, nomigagina tuzilgan bitim (qalbaki bitim) oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan boʻlsa (koʻzboʻyamachilik bitimi), taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 125-modda
Yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik shaxs tomonidan uning ustav maqsadlariga zid holda tuzilgan yoki tegishli faoliyat bilan shugʻullanishga litsenziyasi boʻlmagan yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim uning muassisi (ishtirokchisi) yoki vakolatli davlat organining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 126-modda
Bitim tuzish vakolatlarini cheklash oqibatlari
Agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 127-modda
Bitimning haqiqiy emas deb hisoblanish payti
Haqiqiy emas deb topilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas hisoblanadi. Bitimning mazmunidan uning faqat kelajak vaqt uchun bekor qilinishi mumkinligi anglashilsa, haqiqiy emas deb topilgan bitim kelajak vaqt uchun harakatdan toʻxtaydi.
- FuqarolikCIVIL · 128-modda
Bitimning bir qismi haqiqiy emasligining oqibatlari
Bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi bitimga haqiqiy sanalmagan qism qoʻshilmasa ham u tuzilgan boʻlar edi, deb taxmin qilish mumkin boʻlsa, uning boshqa qismlarining haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 129-modda
Vakillik
Ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Oʻz xarakteriga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan bitimni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Vakil oʻziga vakolat bergan shaxs nomidan shaxsan oʻziga nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili boʻlgan boshqa shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas, tijorat vakilligi boʻlgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 13-modda
Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilishi
Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilishiga yoʻl qoʻyiladi. Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib boʻlishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 130-modda
Muomalaga layoqatli shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatli shaxslar oʻzlari tanlagan vakillar orqali bitimlar tuzishlari mumkin, bitim oʻz xarakteriga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan hollar, shuningdek qonunda koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 131-modda
Muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatsiz fuqarolar nomidan bitimlarni ularning ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va vasiylari tuzadilar.
- FuqarolikCIVIL · 132-modda
Vakolatsiz vakillik
Vakil qilinmagan shaxs tomonidan boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs ushbu bitimni keyinchalik maʼqullagan taqdirdagina uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim maʼqullangan hisoblanadi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs tomonidan bitimning keyinchalik maʼqullanishi uni tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy bitimga aylantiradi.
- FuqarolikCIVIL · 133-modda
Tijorat vakilligi
Tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari koʻrsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar koʻrsatilmagan taqdirda esa — ishonchnoma asosida ham ish olib boradi. Tijorat vakili oʻzining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda ifodalashi mumkin. Agar taraflar bilan tuzilgan bitimda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tijorat vakili shartlashilgan haqni va topshiriqni bajarish vaqtida qilgan chiqimlarini teng ulushlarda toʻlashni shartnomadagi taraflardan talab qilishga haqli. Tijorat vakili oʻziga berilgan topshiriqni bajarib boʻlganidan keyin ham savdo bitimlari toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni sir saqlashi shart. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi tijorat vakilligining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 134-modda
Ishonchnoma
Bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi. Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) koʻrsatilgan faoliyat maqsadlariga zid boʻlmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 135-modda
Ishonchnomaning shakli
Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi. Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonunchilik bilan ishonchnomaning oʻzgacha shakli belgilab qoʻyilgan boshqa hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 136-modda
Notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomalar
Quyidagilar notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtiriladi: gospitallarda, sanatoriylarda va boshqa harbiy-davolash muassasalarida davolanayotgan harbiy xizmatchilarning hamda boshqa shaxslarning shu muassasalarning boshliqlari, ularning tibbiy qism boʻyicha oʻrinbosarlari, katta va navbatchi shifokorlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno; harbiy xizmatchilarning, harbiy qismlar, qoʻshilmalar, muassasalar hamda harbiy oʻquv yurtlari joylashgan, notarial idoralar va notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa organlar boʻlmagan punktlarda esa — ishchi va xizmatchilarning, ular oilalarining va harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining shu qism, qoʻshilma, muassasa va oʻquv yurtlarining komandirlari (boshliqlari) tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno; ozodlikdan mahrum qilish joylarida boʻlgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 137-modda
Ishonchnomaning boshqa shakllari
Xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bogʻliq boʻlgan boshqa toʻlovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga toʻlanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek bank muassasalaridan summalarni olish haqidagi ishonchnoma vakolat beruvchi ishlaydigan yoki oʻqiydigan tashkilot, u yashaydigan uyga xizmat koʻrsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti, oʻzining yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoxud fuqaro davolanishda boʻlgan davolash muassasasining maʼmuriyati tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 138-modda
Yuridik shaxsning ishonchnomasi
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bosiladi. Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.