Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 139-modda
Ishonchnomaning muddati
Ishonchnoma koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi. Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas. Notarius tomonidan tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga moʻljallangan, amal qilish muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha oʻz kuchini saqlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 14-modda
Zararni qoplash
Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zararning toʻla qoplanishini talab qilishi mumkin. Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi. Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 140-modda
Ishonchnoma boʻyicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish (boshqa shaxsga oʻtkazish)
Ishonchnoma berilgan shaxs oʻz vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan boʻlsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin. Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos boʻlgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati uning berilishiga asos boʻlgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan oshib ketishi mumkin emas. Vakolatlarini boshqaga bergan shaxs ishonchnoma bergan shaxsga buni maʼlum qilishi hamda mazkur shaxs va uning yashash joyi toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni xabar qilishi kerak. Mazkur burchlar bajarilmasa, oʻz vakolatlarini boshqaga bergan shaxs undan vakolat olgan shaxsning harakatlari uchun xuddi oʻzining harakatlari kabi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 141-modda
Ishonchnomaning bekor boʻlishi
Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor boʻladi: 1) ishonchnoma muddatining tamom boʻlishi; 2) ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi; 3) ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi; 4) nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi; 5) nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi; 6) ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi; 7) ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi. Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas. Ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlishi bilan uni boshqa shaxsga oʻtkazish ham oʻz kuchini yoʻqotadi.
- FuqarolikCIVIL · 142-modda
Ishonchnomaning bekor boʻlganligi haqida shaxslarga xabar berish
Ishonchnoma bergan shaxs uning bekor boʻlganligi haqida ishonchnoma olgan shaxsni, shuningdek ishonchnoma qaratilgan oʻziga maʼlum uchinchi shaxslarni ham xabardor qilishi shart. Ishonchnoma ushbu Kodeks 141-moddasi birinchi qismining 4-7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan hollarda ishonchnoma bergan shaxsning huquqiy vorislari zimmasiga ham shunday vazifa yuklatiladi.
- FuqarolikCIVIL · 143-modda
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganidan keyin qilgan harakatlari
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganligini bilguncha yoki bilishi lozim boʻlgunicha qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs yoki uning huquqiy vorislari uchun uchinchi shaxslarga nisbatan oʻz kuchini saqlab qoladi. Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganidan keyin qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi. Agar uchinchi shaxs ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 144-modda
Ishonchnomani qaytarish majburiyati
Ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxoʻrlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.
- FuqarolikCIVIL · 145-modda
Muddat belgilash
Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan, shuningdek sud tomonidan tayinlanadigan muddat kalendar sana bilan yoxud yillar, oylar, haftalar, kunlar yoki soatlar bilan oʻlchanadigan vaqt davrining oʻtishi bilan belgilanadi. Muddat muqarrar yuz berishi kerak boʻlgan voqeani koʻrsatish bilan ham belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 146-modda
Vaqt davri bilan belgilangan muddatning boshlanishi
Vaqt davri bilan belgilangan muddat kalendar sanadan keyingi yoki uning boshlanish kuni deb belgilangan voqea yuz berganidan keyingi kundan oʻta boshlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 147-modda
Vaqt davri bilan belgilangan muddatning tamom boʻlishi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilidagi tegishli oy va kunda tamom boʻladi. Yarim yil deb belgilangan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qoʻllaniladi. Yil choraklari bilan hisoblanadigan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qoʻllaniladi. Bunda yil choragi uch oyga teng deb hisoblanadi, yil choraklarining hisobi esa — yil boshidan yuritiladi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat shu muddatning oxirgi oyidagi tegishli kunda tugaydi. Yarim oy deb belgilangan muddatga kunlar bilan hisoblanadigan muddat deb qaraladi va u oʻn besh kunga teng boʻladi. Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tamom boʻlishi tegishli raqam boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, u holda muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi. Haftalar bilan oʻlchanadigan muddat shu muddatning oxirgi haftasidagi tegishli kunda tugaydi.
- FuqarolikCIVIL · 148-modda
Muddatning oxirgi kunida harakatni amalga oshirish tartibi
Agar muddat biron-bir harakatni amalga oshirish uchun tayinlangan boʻlsa, bu harakat muddatning oxirgi kunidagi soat yigirma toʻrtga qadar bajarilishi mumkin. Agar, bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi kerak boʻlsa, u holda muddat belgilangan qoidalarga muvofiq ushbu tashkilotda tegishli operatsiyalar toʻxtatiladigan soatda tamom boʻladi. Muddatning oxirgi kunida soat yigirma toʻrtga qadar aloqa tashkilotiga topshirilgan yoki boshqa aloqa vositalari bilan yuborilgan barcha yozma bayonotlar va xabarlar, pul oʻtkazmalari muddatida qilingan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 149-modda
Daʼvo muddati tushunchasi
Daʼvo muddati — shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir.
- FuqarolikCIVIL · 15-modda
Davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash
Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning oʻrni davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablagʻlari yetishmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari boʻlmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, sudning qarori bilan zararning oʻrnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 150-modda
Umumiy daʼvo muddati
Umumiy daʼvo muddati — uch yil.
- FuqarolikCIVIL · 151-modda
Maxsus daʼvo muddatlari
Ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin. Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeks 152-162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 152-modda
Daʼvo muddatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitimning haqiqiy sanalmasligi
Daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas. Daʼvo muddatlari oʻtishini toʻxtatish va uning uzilish asoslari ushbu Kodeks bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 153-modda
Daʼvo muddatini qoʻllash
Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi. Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 154-modda
Daʼvo muddatining oʻta boshlashi
Daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar ushbu Kodeks va boshqa qonunlar bilan belgilanadi. Muayyan ijro muddatiga ega boʻlgan majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati ijro muddati tamom boʻlganidan keyin oʻta boshlaydi. Ijro etish muddati belgilanmagan yoki talab qilish payti ijro etish muddati bilan belgilangan majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati kreditorda majburiyatni bajarish toʻgʻrisida talab qoʻyish huquqi paydo boʻlgan vaqtdan oʻta boshlaydi, bordi-yu, qarzdorga bunday talabni bajarish uchun imtiyozli muddat berilsa, daʼvo muddati imtiyozli muddat tamom boʻlganidan keyin hisoblana boshlaydi. Regress majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati asosiy majburiyat bajarilgan paytdan oʻta boshlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 155-modda
Majburiyatdagi shaxslar almashinganida daʼvo muddati
Majburiyatdagi shaxslarning almashinishi daʼvo muddati va uni hisoblash tartibining oʻzgarishiga olib kelmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 156-modda
Daʼvo muddati oʻtishining toʻxtatilishi
Daʼvo muddatining oʻtishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi: 1) agar daʼvo qoʻzgʻatilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan favqulodda hodisa (yengib boʻlmas kuch) toʻsqinlik qilgan boʻlsa; 2) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli; 3) agar daʼvogar yoki javobgar harbiy holatga oʻtkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qoʻshinlari va ichki qoʻshinlar tarkibida boʻlsa; 4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasa; 5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatining amal qilishi toʻxtatilgan boʻlsa. 6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan taqdirda. Agar ushbu moddada koʻrsatilgan holatlar daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida vujudga kelgan yoki davom etib turgan boʻlsa, daʼvo muddatining oʻtishi toʻxtatiladi. Muddatning toʻxtatib turilishiga asos boʻlgan holat barham topgan kundan boshlab daʼvo muddatining oʻtishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, daʼvo muddati olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatiga qadar uzaytiriladi.