Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 157-modda
Daʼvo muddati oʻtishining uzilishi
Daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi. Uzilishdan keyin daʼvo muddatining oʻtishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha oʻtgan vaqt esa — yangi muddatga qoʻshilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 158-modda
Daʼvo koʻrilmasdan qoldirilgan taqdirda daʼvo muddatining oʻtishi
Agar daʼvo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilganga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati umumiy tartibda davom etadi. Agar jinoyat ishi boʻyicha qoʻzgʻatilgan daʼvo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati daʼvoni koʻrmasdan qoldirgan hukm qonuniy kuchga kirgunicha toʻxtatib turiladi, daʼvo muddati toʻxtatib turilgan vaqt daʼvo muddatiga qoʻshilmaydi. Bunda muddatning qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa, u olti oygacha uzaytiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 159-modda
Daʼvo muddatini tiklash
Basharti, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 16-modda
Fuqaro (jismoniy shaxs) tushunchasi
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tushuniladi. Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeksning qoidalari barcha fuqarolarga nisbatan qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 160-modda
Maxsus daʼvo muddatining toʻxtatilishi, uzilishi va tiklanishi
Daʼvo muddatining toʻxtatilishi, uzilishi va tiklanishi haqidagi qoidalar (ushbu Kodeksning 156, 157 va 159-moddalari), agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, maxsus daʼvo muddatiga nisbatan ham qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 161-modda
Daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatni bajarish
Daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatini bajargan shaxs ijro etish paytida daʼvo muddatining oʻtib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligidan qatʼi nazar, bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 162-modda
Qoʻshimcha talablarga nisbatan daʼvo muddatini qoʻllash
Asosiy talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtishi bilan qoʻshimcha talablar (neustoyka, garov, kafolat va shu kabilar) boʻyicha daʼvo muddati ham oʻtgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 163-modda
Daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablar
Daʼvo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi: shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligiga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanishiga doir talablariga; fuqaroning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga. Daʼvo muddati oʻtganidan keyin qoʻzgʻatilgan talablar daʼvo qoʻzgʻatilishidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondiriladi; jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga; mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga; mamlakat mustaqilligi eʼlon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga; qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.
- FuqarolikCIVIL · 164-modda
Mulk huquqi tushunchasi
Mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
- FuqarolikCIVIL · 165-modda
Mulkdor boʻlmagan shaxslarning ashyoviy huquqlarining mazmuni
Mulk huquqi bilan bir qatorda xususan quyidagilar ashyoviy huquqlar hisoblanadi: operativ boshqarish huquqi; meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi; yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi; servitutlar. Mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa shaxsga oʻtishi, agar qonunchilikda oʻzga tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu mol-mulkka nisbatan oʻzga ashyoviy huquqlarning bekor boʻlishi uchun asos boʻlmaydi. Mulkdor boʻlmagan shaxsning ashyoviy huquqlarining buzilishi ushbu Kodeksning 232-moddasida nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 166-modda
Mulkning daxlsizligi
Mulk daxlsizdir va qonun bilan qoʻriqlanadi. Mulkning daxlsizligi mulkdorga qarshi turgan barcha subyektlarning mulk huquqini buzishdan oʻzlarini saqlashlaridan iboratdir. Mulkdorning mol-mulkini olib qoʻyishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 167-modda
Mulk shakllari
Oʻzbekiston Respublikasida mulk xususiy mulk va ommaviy mulk shakllarida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 168-modda
Mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat mulk huquqining subyektlaridir. Mol-mulk mulk huquqi asosida bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxslarga qarashli boʻlishi mumkin. Mol-mulk fuqaro, yuridik shaxs yoki davlatning mulki boʻlishiga qarab mulk huquqini, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini vujudga keltirish va bekor qilish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 169-modda
Mulk huquqining obyektlari
Yer, yer osti boyliklari, suvlar, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, korxonalar, ashyolar, shu jumladan binolar, kvartiralar, inshootlar, asbob-uskunalar, xom ashyo va mahsulot, pul, qimmatli qogʻozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek intellektual mulk obyektlari mulk boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 17-modda
Fuqarolarning huquq layoqati
Barcha fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda eʼtirof etiladi. Fuqaroning huquq layoqati u tugʻilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.
- FuqarolikCIVIL · 170-modda
Yerga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan mulk huquqi va oʻzga ashyoviy huquqlar
Yerga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan mulk huquqi va oʻzga ashyoviy huquqlar ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 171-modda
Uy-joyga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni amalga oshirish xususiyatlari
Uy-joyga boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish xususiyatlari va boshqa ashyoviy huquqlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 172-modda
Mulk huquqini amalga oshirish shartlari
Mulkdorning oʻz huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada mulkdor boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyishga majbur. Mulkdor oʻzining ustunlik mavqeyini suiisteʼmol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan oʻzga harakatlarni qilishga haqli emas. Mulkdor oʻz huquqini amalga oshirganida fuqarolarning sogʻligʻiga va atrof muhitga zarar yetkazishining oldini olish choralarini koʻrishga majbur.
- FuqarolikCIVIL · 173-modda
Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi
Koʻchmas mulk (yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mulk) egasi qoʻshni yer uchastkasining egasidan, zarur hollarda esa — boshqa yer uchastkasining egasidan ham oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir. Oʻzganing yer uchastkasidan piyoda va transportda oʻta olishni taʼminlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini oʻtkazish va ulardan foydalanish, suv bilan taʼminlash uchun, shuningdek koʻchmas mulk egasining ehtiyojlarini servitut belgilamay turib taʼminlanishi mumkin boʻlmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin. Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi. Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan oʻzga yer uchastkasining egasi oʻrtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Servitutni belgilash xususida kelisha olinmasa yoki uning shartlarida murosaga kelinmasa, bahs servitut belgilashni talab qilayotgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan hal etiladi. Jamoat ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan hollarda servitut qonunga muvofiq tegishli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin (ommaviy servitut). Uchastka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berilgan yoki doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi bilan berilgan shaxsning manfaatlari va talabi boʻyicha ham ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarda va tartibda servitut belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 173¹-modda
Yer uchastkasiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtkazilganda servitutning saqlanishi
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, servitut belgilangan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham servitut saqlanib qoladi. Servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti boʻlishi mumkin emas, shuningdek uni servitut belgilangan koʻchmas mulkning huquq egasi boʻlmagan boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.