Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 173²-modda
Servitut shartlari
Servitut ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan asoslar amal qilishini yoʻqotmagunga qadar amal qiladi. Servitut belgilanganda servitut belgilanayotgan yer uchastkasining maydoni, ushbu yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, ularni koʻzdan kechirish va taʼmirlash shartlari, yer fondi toifasidan qatʼi nazar, yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasining ijarachisiga va (yoki) mulkdoriga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi, servitut belgilanayotgan yer uchastkasining joriy holati, yer uchastkasini undan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish zarurligi, servitut uchun haq toʻlash tartibi, shuningdek servitut belgilangan yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklovlar koʻrsatilishi shart. Servitut belgilanganda qonunga muvofiq boshqa shartlar ham koʻrsatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 173³-modda
Servitut uchun haq toʻlash
Servitut belgilangan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxsdan ushbu yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir. Yer uchastkasining servitut belgilangan qismi uchun yer soligʻi (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan toʻlanadi, bunda servitut uchun toʻlanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer soligʻi (ijara haqi) summasidan kam boʻlishi mumkin emas. Servitut uchun haq toʻlashga oid boshqa shartlar, shuningdek servitut toʻlovsiz (tekin) amalga oshiriladigan holatlar qonunda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 173⁴-modda
Servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini saqlash
Agar servitutni amalga oshirish uchun servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud boʻlishi talab etilsa, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, mazkur yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari bunday muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligi belgilanishi mumkin. Agar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan birgalikda foydalanish huquqiga ega boʻlsa, servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxs muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ulardan foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda saqlashi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 173⁵-modda
Servitut belgilangan yer uchastkasini boʻlish
Agar servitut belgilangan yer uchastkasini boʻlish servitutdan foydalanishga toʻsqinlik qilmasa, servitut yer uchastkasining boʻlingan qismlariga nisbatan ham saqlanib qoladi. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, boʻlingan yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari servitut shartlari qayta koʻrib chiqilishini talab qilishga haqli. Agar servitut boʻlingan yer uchastkasining faqat bitta qismiga belgilansa, u qolgan yer uchastkalariga nisbatan bekor qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 173⁶-modda
Servitutni oʻzgartirish va bekor qilish
Servitut toʻgʻrisidagi shartnomaga oʻzgartirishlar kiritishda va uni bekor qilishda ushbu Kodeksning shartnomalarni oʻzgartirish va bekor qilishga doir qoidalari qoʻllaniladi. Ommaviy servitutni oʻzgartirish va bekor qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Servitutni oʻzgartirish va bekor qilish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 173⁷-modda
Binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulkka servitut belgilash
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasidan foydalanishdan tashqari, cheklangan tarzda foydalanish zarur boʻlgan binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulkka ham ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda servitut belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 174-modda
Mol-mulkni saqlash vazifasi
Oʻziga qarashli mol-mulkni saqlash, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulkdor zimmasidadir.
- FuqarolikCIVIL · 175-modda
Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki buzilish xavfi
Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulk egasining zimmasidadir.
- FuqarolikCIVIL · 178-modda
Operativ boshqarish huquqi
Davlat muassasasi oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan qonunda belgilangan doirada, oʻz faoliyatining maqsadlariga, mulkdorning topshiriqlariga hamda mol-mulkning vazifasiga muvofiq holda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlarini amalga oshiradi. Davlat muassasasiga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkning egasi ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki nooʻrin foydalanilayotgan mol-mulkni olib qoʻyish hamda uni oʻzi xohlagan tarzda tasarruf etishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 18-modda
Fuqarolar huquq layoqatining mazmuni
Fuqarolar: mulk huquqi asosida mol-mulkka ega boʻlishlari; mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari; bankda jamgʻarmalarga ega boʻlishlari; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xoʻjaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qoʻyilmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishlari; yollanma mehnatdan foydalanishlari; yuridik shaxslar tashkil etishlari; bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari; yetkazilgan zararning toʻlanishini talab qilishlari; mashgʻulot turini va yashash joyini tanlashlari; fan, adabiyot va sanʼat asarlarining, ixtironing, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega boʻlishlari mumkin. Fuqarolar boshqa mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 180-modda
Muassasa mol-mulkini tasarruf etish
Muassasa oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni va smeta boʻyicha unga ajratilgan mablagʻlarga sotib olingan mol-mulkni boshqa shaxsga berishga yoki oʻzgacha usul bilan tasarruf etishga haqli emas. Agar taʼsis hujjatlariga muvofiq muassasaga daromad keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilgan boʻlsa, bunday faoliyatdan olingan daromad va bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk muassasaning mustaqil tasarrufiga oʻtadi va alohida balansda hisobga olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 181-modda
Operativ boshqarish huquqining vujudga kelishi va bekor boʻlishi
Mulkdorning qarori bilan muassasaga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni operativ boshqarish huquqi, basharti qonun hujjatlarida yoki mulkdorning qarori bilan boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu muassasada unga mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Operativ boshqarishda boʻlgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek muassasada shartnoma boʻyicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulk ham ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda mulk huquqini olish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda muassasaning operativ boshqarishiga oʻtadi. Mol-mulkni operativ boshqarish huquqi mulkdorning qaroriga va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra bekor qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 182-modda
Mulk huquqining vujudga kelish asoslari
Mulk huquqining vujudga kelish asoslari quyidagilardan iborat: mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, koʻpaytirish, bitimlar asosida qoʻlga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa asoslar.
- FuqarolikCIVIL · 183-modda
Mulkni yaratish va koʻpaytirish
Mulk huquqi yangi mol-mulkni yaratish hamda mulkdor ixtiyoridagi mol-mulkni koʻpaytirish natijasida vujudga kelishi mumkin. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan xoʻjalik usulida va oʻzgacha usulda foydalanish natijalari, shu jumladan mahsulot, hosil va boshqa daromadlar mulkdorga tegishli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 184-modda
Bitim boʻyicha mol-mulkni olish
Mol-mulk olish-sotish, ayirboshlash, hadya qilish shartnomalari, hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar asosida mulk qilib olinishi mumkin. Basharti, qonun hujjatlarida boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, mol-mulk yangi mulkdorga oʻtganida, universal huquqiy vorislik tartibida sobiq mulkdorning huquq va burchlari ham unga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 185-modda
Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqining vujudga kelish payti
Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Agar mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi yoki notarial tasdiqlanishi kerak boʻlsa, mol-mulkni oluvchida mulk huquqi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tasdiqlangan paytdan boshlab, shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat roʻyxatidan oʻtkazish zarur boʻlganida esa — roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
- FuqarolikCIVIL · 186-modda
Ashyolarni topshirish
Ashyolarni oluvchiga topshirish, shuningdek yetkazib berish majburiyatini olmagan holda boshqa shaxsga berilgan ashyolarni oluvchiga joʻnatish uchun transport tashkilotiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish ashyolarni topshirish hisoblanadi. Ashyo oluvchining yoki u koʻrsatgan shaxsning ixtiyoriga amalda tushgan paytdan boshlab oluvchiga topshirilgan hisoblanadi. Ashyoni tasarrufdan chiqarish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilayotgan paytgacha u oluvchining ixtiyoriga oʻtib boʻlgan boʻlsa, ashyo unga shu paytdan eʼtiboran topshirilgan hisoblanadi. Konosamentni yoki ashyoga tegishli boshqa tasarruf etuvchi hujjatni topshirish ham ashyoni topshirishga tenglashtiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 187-modda
Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat
Mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat). Koʻchmas va boshqa mol-mulkka davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olganga qadar mol-mulkka oʻziniki kabi egalik qilib turgan shaxs oʻz egaligini mol-mulkning egalari boʻlmagan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra egalik qilish huquqi boʻlmagan uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega. Egalik qilish muddatini vaj qilib keltiradigan shaxs oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan shaxsning bu mol-mulkka egalik qilib kelgan barcha vaqtini oʻzining egalik qilish vaqtiga qoʻshishi mumkin. Shaxs ixtiyorida boʻlib, ushbu Kodeksning 228, 229, 230 va 232-moddalariga muvofiq uning egaligidan talab qilib olinishi mumkin boʻlgan ashyolarga doir egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tegishli talablar boʻyicha daʼvo muddati tamom boʻlganidan keyin oʻta boshlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 188-modda
Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi
Fuqarolar va yuridik shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, tartibda va shartlarda yuzaga keladi.
- FuqarolikCIVIL · 189-modda
Hamma yigʻib olishi mumkin boʻlgan ashyolarni mulkka aylantirish
Qonunchilikda yovvoyi mevalar, yongʻoq, zamburugʻlar, rezavor mevalar hamda oʻsimlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin boʻlgan boshqa obyektlarini yigʻish yoʻli bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qoʻyilishi mumkin.