Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 19-modda
Fuqaroning ismi
Agar qonundan yoki milliy odatdan boshqacha tartib kelib chiqmasa, fuqaro oʻz familiyasi va nomidan, shuningdek otasining ismi bilan huquq va burchlarga ega boʻladi hamda ularni amalga oshiradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda fuqaro taxallusdan (toʻqilgan ismdan) foydalanishi mumkin. Fuqaro qonunda belgilangan tartibda oʻz ismini oʻzgartirishga haqli. Fuqaroning oʻz ismini oʻzgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Fuqaro oʻz ismini oʻzgartirganligi haqida qarzdorlari va kreditorlariga xabar berish uchun zarur choralarni koʻrishi shart va u mazkur shaxslarda fuqaroning ismi oʻzgarganligi haqida maʼlumot yoʻqligi tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar xavfini oʻz zimmasiga oladi. Ismini oʻzgartirgan fuqaro oʻzining avvalgi ismiga rasmiylashtirilgan hujjatlarga oʻz hisobidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini talab qilishga haqli. Fuqaro tugʻilgan vaqtida olgan ismini, shuningdek oʻzgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi kerak. Boshqa shaxs ismidan foydalanib huquq va burchlarga ega boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 190-modda
Moddiy madaniy meros obyektlarini xoʻjasizlarcha saqlash
Agar mulkdor oʻziga qarashli moddiy madaniy meros obyektiga xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlsa va uning but saqlanishini taʼminlamasa, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organlar mulkdorni moddiy madaniy meros obyektiga xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlishni toʻxtatish haqida ogohlantiradi. Agar mulkdor ushbu talabni bajarmasa, tegishli organlarning daʼvosiga koʻra sud moddiy madaniy meros obyektini olib qoʻyish haqida qaror chiqarishi mumkin va ushbu moddiy madaniy meros obyekti davlat mulkiga oʻtadi. Olib qoʻyilgan moddiy madaniy meros obyektining qiymati mulkdorga kelishuvda belgilangan miqdorda, nizo chiqqan taqdirda esa sud tomonidan belgilangan miqdorda toʻlanadi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda moddiy madaniy meros obyektini olib qoʻyish haqidagi daʼvo oldindan ogohlantirmasdan ham qoʻzgʻatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 191-modda
Egasiz ashyo
Egasi boʻlmagan yoki egasi nomaʼlum boʻlgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi. Agar bu hol topilma toʻgʻrisidagi, qarovsiz hayvonlar va xazina toʻgʻrisidagi qoidalarda rad etilmagan boʻlsa, egasiz koʻchar ashyolarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qoʻlga kiritilishi mumkin. Egasiz koʻchmas ashyolar tegishli davlat organining yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasiga muvofiq koʻchmas mol-mulkni davlat roʻyxatiga oluvchi organ tomonidan hisobga olinadi. Egasiz koʻchmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat oʻtgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati boʻlgan organ yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin. Sudning hal qiluv qaroriga binoan davlat mulkiga oʻtmagan deb hisoblangan egasiz koʻchmas ashyo uni tashlab ketgan mulkdorning egaligiga, foydalanishiga va tasarrufiga yana qabul qilinishi yoki egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qoʻlga kiritilishi mumkin. Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 192-modda
Topilma
Yoʻqolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yoʻqotgan shaxsni yoki ashyo egasini yoxud uni olish huquqiga ega boʻlgan oʻzga maʼlum shaxslardan birontasini darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart. Basharti, ashyo binoda yoki transportda topilgan boʻlsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasi boʻlmish shaxsga topshirilmogʻi lozim. Topilma topshirilgan shaxs ashyoni topib olgan shaxsning huquqlarini qoʻlga kiritadi va uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi. Basharti, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomaʼlum boʻlsa yoki uning manzili maʼlum boʻlmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma toʻgʻrisida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga maʼlum qilishi shart. Ashyoni topib olgan shaxs uni oʻzida saqlab turishga yoki saqlash uchun ichki ishlar organi, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoxud ular koʻrsatgan shaxsga topshirishga haqlidir.
- FuqarolikCIVIL · 193-modda
Topilmaga egalik huquqini olish
Agar yoʻqolgan ashyoni olishga haqli boʻlgan shaxs topilma toʻgʻrisida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan eʼtiboran olti oy mobaynida aniqlanmasa hamda ashyoni topgan shaxsga yoxud ichki ishlar organiga, tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga ushbu ashyoga boʻlgan oʻz huquqi toʻgʻrisida arz qilmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi. Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilgan ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 194-modda
Topilma bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash va ashyoni topib olgan shaxsni taqdirlash
Ashyoni topib olgan hamda uni olishga haqli boʻlgan shaxsga qaytarib bergan shaxs ana shu shaxsdan, ashyo davlat mulkiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga oʻtgan hollarda esa — tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan ashyoni saqlash, topshirish yoki sotish bilan bogʻliq xarajatlarni, shuningdek ashyoni olishga haqli boʻlgan shaxsni topish uchun ketgan xarajatlarni undirish huquqiga ega. Ashyoni topib olgan shaxs uni olishga haqli boʻlgan shaxsdan topilma uchun ashyo qiymatining yigirma foiziga qadar miqdorida mukofot talab qilishga haqlidir. Basharti, topib olingan hujjatlar yoki oʻzga ashyolar ularni olishga haqli boʻlgan shaxsning oʻzi uchungina qimmatga ega boʻlsa, mukofot miqdori shu shaxs bilan kelishuv asosida, kelishuvga erishib boʻlmagan taqdirda esa — sud orqali belgilanadi. Topilgan ashyoni qaytarib berishni talab qilishga haqli boʻlgan shaxs topilma uchun koʻpchilik oʻrtasida mukofot vaʼda qilgan boʻlsa, u koʻpchilik oʻrtasida vaʼda qilingan mukofotni oʻsha shartlarga muvofiq toʻlaydi. Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilma haqida xabar qilmagan boʻlsa yoki uni yashirishga uringan boʻlsa, mukofot olish huquqi vujudga kelmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 195-modda
Qarovsiz hayvonlar
Qarovsiz yoki adashgan chorva mollarini yoxud boshqa qarovsiz uy hayvonlari yoki qoʻlga oʻrgatilgan hayvonlarni tutib olgan shaxs ularni egasiga qaytarishi shart, basharti hayvonlarning egasi yoki uning qayerdaligi nomaʼlum boʻlsa, tutib olgan paytdan boshlab uch kundan kechiktirmay topilgan hayvonlar toʻgʻrisida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga xabar qilishi shart, ular hayvonlarning egasini qidirish choralarini koʻradilar. Hayvonlarning egasi qidirilayotgan vaqtda ularni saqlash hamda ulardan foydalanish uchun tutib olgan shaxsda qoldirilishi yoxud zarur sharoiti boʻlgan boshqa shaxsga saqlash va foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga koʻra hayvonlarni boqishi uchun zarur sharoiti boʻlgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirishni tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish boʻlimlari, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi amalga oshiradi. Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxs hamda bu hayvonlar saqlash va foydalanish uchun berib turilgan shaxs ularni lozim darajada saqlashlari shart va hayvonlar nobud boʻlishi yoki shikastlanishi uchun aybdor boʻlsalar, hayvonlarning narxi doirasida javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 196-modda
Xazina
Egasi aniqlanishi mumkin boʻlmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yoʻqotgan xazina, yaʼni yerga koʻmilgan yoki boshqacha usulda yashirilgan pul yoxud qimmatbaho buyumlar xazina yashirib qoʻyilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va shu kabilar) mulkdori boʻlgan shaxs va xazinani topgan shaxs mulkiga, agar ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, teng ulushlarda oʻtadi. Xazina u yashirib qoʻyilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi kerak. Moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat mulkiga topshirilishi kerak. Bunda xazina yashirib qoʻyilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulkning egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadirlar. Agar ular oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, mukofot bu shaxslar oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlanadi. Bunday xazinani u yashirib qoʻyilgan mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs topib olsa, bu shaxsga mukofot toʻlanmaydi va xazina batamom mulkdorning ixtiyoriga oʻtadi. Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslarga nisbatan ushbu moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 197-modda
Mulk huquqining bekor boʻlish asoslari
Mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qoʻyish (sotib olish) yoʻli bilan, shuningdek mulk huquqini qonun asosida bekor qiluvchi qonunchilik hujjatiga asosan bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 198-modda
Mol-mulkni tugatish va hisobdan chiqarish
Mol-mulkni yoʻq qilish (tugatish) natijasida mulk huquqini bekor qilishga qonunlarga zid boʻlmagan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Mulkdor tomonidan tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki oʻzga madaniy qimmatga ega boʻlgan mol-mulkning yoʻq qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Alohida hollarda sud qarori bilan mazkur mol-mulk musodara qilinishi yoki agar u yoʻq qilingan boʻlsa, uning qiymati undirib olinishi mumkin. Mol-mulkni yuridik shaxsning balans hisobidan chiqarish natijasida mulk huquqining bekor qilinishi qonunchilikda yoki taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 199-modda
Mol-mulkni mulkdordan olib qoʻyish
Mol-mulkni mulkdordan olib qoʻyishga qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yoʻl qoʻyiladi. Agar qonunga asosan shaxsga tegishli boʻla olmaydigan mol-mulk uning mulki boʻlib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qoʻyilgan mol-mulkning qiymati shaxsga toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 2-modda
Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Fuqarolik qonunchiligi fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va oʻzga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bogʻliq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari boʻladilar. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, fuqarolik qonunchiligida belgilab qoʻyilgan qoidalar chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda chet ellik yuridik shaxslar ishtirokidagi munosabatlarga qoʻllaniladi. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan oʻzgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga hamda tabiiy resurslardan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha munosabatlarga, shuningdek banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinmaydigan hollarda qoʻllaniladi. Bir tarafning ikkinchi tarafga maʼmuriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa maʼmuriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi qoʻllanilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 20-modda
Ismni himoya qilish
Oʻz ismi bilan yashash huquqiga eʼtiroz bildirilayotgan yoki ismidan qonunsiz foydalanilayotganligi munosabati bilan manfaatlari buzilayotgan shaxs manfaatlarini buzuvchidan bunday harakatlarga chek qoʻyishni va raddiya berishni talab qilishi mumkin. Agar manfaatlar qasddan buzilayotgan boʻlsa, jabrlangan shaxs qoʻshimcha suratda zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Zararni qoplash uchun manfaatni buzgan shaxsning daromadini berish talab qilinishi mumkin. Manfaat qasddan buzilganida jabrlanuvchi maʼnaviy ziyonning qoplanishini ham talab qilish huquqiga ega. Ism yoki shaxsiy shaʼn egasi boʻlmagan, lekin oilaviy mavqeyiga koʻra bundan manfaatdor boʻlgan shaxs ham ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarga chek qoʻyish yoki raddiya berish haqidagi talablarni qoʻyishi mumkin. Bu shaxs boshqa shaxsning oʻlimidan keyin ham uning ismini va shaʼnini himoya qilishga qaratilgan talablarning bajarilishiga harakat qilishi mumkin. Ismni va shaʼnni buzish tufayli keltirilgan zararni qoplash talabi oʻlimdan keyin tan olinmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 200-modda
Qarzni nizosiz tartibda undirib olish
Majburiyatlar boʻyicha qarzni, shu jumladan budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzni nizosiz tartibda undirib olishga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Mulkdor nizosiz tartibda undirib olish toʻgʻrisidagi qarorga rozi boʻlmagan taqdirda sudga murojaat qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 201-modda
Qimmatbaho metallar va toshlarga mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor boʻlish xususiyatlari
Xom va ishlov berilgan qimmatbaho metallar va toshlarga (zargarlik va boshqa maishiy buyumlardan tashqari) mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor boʻlish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 202-modda
Natsionalizatsiya
Natsionalizatsiya — fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga qarashli natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq toʻlash asosida qonunga muvofiq davlat ixtiyoriga oʻtkazishdan iborat. Mazkur mol-mulk keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, agar qonun hujjatlarida oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, sobiq mulkdorlar ushbu mol-mulkning qaytarib berilishini talab qilishga haqlidirlar.
- FuqarolikCIVIL · 203-modda
Rekvizitsiya
Tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar yuz bergan taqdirda va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini koʻzlab, davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq mulkdordan unga mol-mulkning qiymatini toʻlagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida olib qoʻyilishi mumkin (rekvizitsiya). Rekvizitsiya oʻtkazilishiga sabab boʻlgan vaziyatlarning amal qilishi toʻxtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi saqlanib qolgan mol-mulkni oʻziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 204-modda
Musodara
Qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki oʻzga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq toʻlamasdan mulkdordan olib qoʻyilishi mumkin (musodara).
- FuqarolikCIVIL · 205-modda
Mol-mulkni olib qoʻyish chogʻida uning qiymatini aniqlash va zararlarni undirib olish huquqi
Mulk huquqi bekor qilinganda olib qoʻyilayotgan mol-mulkning qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib oʻrnatilgan boʻlmasa, baholovchi tashkilot tomonidan mulk huquqi bekor qilingan paytda belgilanadi. Olib qoʻyilgan mol-mulkning qiymatini mulkdorga toʻlash bahosi haqida mulkdor sudga eʼtiroz bildirishi mumkin. Mulkdor mol-mulkining olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarni toʻlashni ham talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 206-modda
Mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratmagan holda mulk huquqining bekor qilinishi
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qoʻyishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunda belgilangan hollar va tartibdagina yoʻl qoʻyiladi, bunda mulkdorga olib qoʻyilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning koʻrgan boshqa zararlari toʻlanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar toʻla hajmda toʻlanadi. Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uylarning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki ekinlarning, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatini aniqlash belgilangan tartibda baholovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinganda olib qoʻyilayotgan mol-mulkning va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati bevosita ushbu mol-mulkni olib qoʻyishdan oldingi holatga koʻra yoki kelgusida olib qoʻyilishi haqidagi xabar mol-mulkning va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatiga taʼsir qilgan paytdagi holatga koʻra baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadi. Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻliq qoplanguniga qadar yoʻl qoʻyilmaydi. Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni koʻrib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni toʻlash bilan bogʻliq barcha masalalar ham hal qilinadi.