Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 207-modda
Xususiy mulk huquqi
Xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq tarzda qoʻlga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir. Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 208-modda
Xususiy mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar va davlatga qarashli boʻlmagan boshqa yuridik shaxslar xususiy mulk huquqining subyektlari hisoblanadilar.
- FuqarolikCIVIL · 209-modda
Xususiy mulk huquqining obyektlari
Qonun bilan man etilgan ayrim ashyolardan tashqari har qanday mol-mulk xususiy mulk boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 21-modda
Fuqaroning yashash joyi
Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 210-modda
Uy-joy (kvartira)ga mulk huquqining vujudga kelish tartibi
Belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi. Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ aʼzosi pay badallarini batamom toʻlab boʻlganidan keyin vujudga keladi.
- FuqarolikCIVIL · 211-modda
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka egalik huquqidagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari ulushlarining miqdori hamda mazkur mol-mulkni saqlash va asrash boʻyicha xarajatlarni mulkdorlar oʻrtasida taqsimlash tartibi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni oʻziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga oʻtishiga sabab boʻluvchi oʻzga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 212-modda
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari
Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi. Basharti, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab boʻlsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirsa, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 213-modda
Ommaviy mulk tushunchasi
Respublika mulki va maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat boʻlgan davlat mulki ommaviy mulkdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasida mulkchilik munosabatlari, shu jumladan ommaviy mulk munosabatlari ushbu Kodeks bilan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 214-modda
Respublika mulki
Yer, yer osti boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablagʻlari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, oʻquv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning oʻzga mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan boʻlsa, boshqa mol-mulk respublika mulki boʻlishi mumkin. Respublika mulki boʻlgan mol-mulkni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tasarruf qiladilar. Respublika mulki boʻlgan mol-mulk davlat yuridik shaxslariga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qoʻyilishi mumkin. Respublika mulki respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi. Respublika mulki obyektlari qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 215-modda
Munitsipal mulk
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablagʻlari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xoʻjalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq taʼlimi, madaniyat, sogʻliqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulk munitsipal mulk boʻladi. Munitsipal mulk boʻlgan mol-mulkni, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etadilar. Munitsipal mulk boʻlgan mol-mulk yuridik shaxslarga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qoʻyilishi mumkin. Munitsipal mulk mahalliy budjetga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi. Munitsipal mulk obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 216-modda
Umumiy mulk tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida boʻlgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli boʻladi. Mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qoʻyilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qoʻyilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk boʻlishi mumkin. Umumiy mulk boʻlgan mol-mulk ulushlarga boʻlinadi, qonunda bu mol-mulkning birgalikdagi mulkni tashkil etishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Umumiy birgalikdagi mulk oʻz vazifasini oʻzgartirmagan holda taqsimlanishi mumkin boʻlmagan (boʻlinmaydigan ashyolar) yoki qonunga koʻra taqsimlanishi mumkin boʻlmagan mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs mulkiga oʻtgan paytda vujudga keladi. Taqsimlanadigan mol-mulkning umumiy birgalikdagi mulkligi qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda vujudga keladi. Birgalikdagi mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa — sudning qaroriga muvofiq umumiy mol-mulk bu shaxslarning ulushli mulki qilib belgilab qoʻyilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 217-modda
Ulushli mulkdagi ulushlarni aniqlash
Agar ulushli mulk ishtirokchilarining ulushlari qonun asosida belgilanishi mumkin boʻlmasa hamda uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ulushlar teng deb hisoblanadi. Ulushli mulk barcha ishtirokchilarning kelishuvi bilan ishtirokchilardan har birining ulushini ularning umumiy mol-mulkni vujudga keltirish va koʻpaytirishga qoʻshgan hissasiga qarab aniqlash va oʻzgartirish tartibi belgilanishi mumkin. Umumiy mol-mulkdan foydalanishning belgilab qoʻyilgan tartibiga amal qilgan holda ushbu mol-mulkni oʻz hisobidan ajratib olish mumkin boʻlmaydigan tarzda yaxshilagan ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mulk huquqidagi oʻz ulushining tegishli darajada koʻpaytirilishiga haqli boʻladi. Umumiy mol-mulkdagi ajratib olish mumkin boʻladigan yaxshilashlar, agar ulushli mulk ishtirokchilarining kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu yaxshilashlarni amalga oshirgan ishtirokchining mulkiga qoʻshiladi.
- FuqarolikCIVIL · 218-modda
Ulushli mulkdagi mol-mulkni tasarruf etish
Ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi. Ulushli mulk ishtirokchisi oʻz xohishiga qarab oʻz ulushini sotishga, sovgʻa qilishga, vasiyat qilib qoldirishga, garovga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga ulushni haq evaziga boshqa shaxsga berish chogʻida ushbu Kodeksning 224-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 219-modda
Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish
Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilari kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish sud tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkning ishtirokchi ulushiga teng boʻlgan qismi oʻzining egaligiga va foydalanishiga berilishiga, buning iloji boʻlmagan taqdirda esa — oʻz ulushi boʻlgan mol-mulkka egalik qilayotgan va undan foydalanayotgan boshqa ishtirokchilardan tegishli haq talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 22-modda
Fuqaroning muomala layoqati
Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega boʻlish va ularni amalga oshirish, oʻzi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, yaʼni oʻn sakkiz yoshga toʻlgach toʻla hajmda vujudga keladi. Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan oʻtgan fuqaro nikohdan oʻtgan vaqtdan eʼtiboran toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻladi. Nikoh tuzish natijasida ega boʻlingan muomala layoqati oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham toʻla saqlanib qoladi. Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan paytdan boshlab toʻla muomala layoqatini yoʻqotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 220-modda
Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar
Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar umumiy mol-mulk tarkibiga qoʻshiladi va ulushli mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ular oʻrtasida ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 221-modda
Umumiy ulushli mulkdagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini taqsimlash
Har bir mulkdor umumiy mol-mulk boʻyicha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashda, shuningdek mol-mulkni saqlash va asrash chiqimlarida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ulushiga qarab qatnashishi shart. Zarur boʻlmagan hamda mulkdorlardan biri tomonidan qolganlarning roziligisiz qilingan xarajatlar uning oʻz zimmasiga tushadi. Bunda kelib chiqadigan nizolar sud tartibida hal qilinishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 222-modda
Umumiy mulk huquqidagi ulushning shartnoma boʻyicha oluvchiga oʻtish payti
Umumiy mulk huquqidagi ulush shartnoma boʻyicha oluvchiga, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma tuzilgan paytdan boshlab oʻtadi. Umumiy mulk huquqidagi ulushning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan shartnoma boʻyicha boshqa shaxsga oʻtish payti ushbu Kodeks 185-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 223-modda
Ulushli mulkdagi mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar oʻrtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin. Ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqli. Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari toʻgʻrisida kelishuvga erisha olmasalar, ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli. Agar ulushni asl holida ajratib olishga qonun yoʻl qoʻymasa yoki uni umumiy mulk boʻlgan mol-mulkka nomutanosib zarar yetkazmasdan ajratib olish mumkin boʻlmasa, ajralib chiqayotgan mulkdor ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari tomonidan ulushining qiymati toʻlanishini talab qilish huquqiga ega. Ushbu modda asosida ulushli mulk ishtirokchisiga asl holida ajratib berilayotgan mol-mulkning uning mulk huquqidagi ulushiga nomutanosibligi tegishli pul summasini toʻlash yoki boshqacha kompensatsiya toʻlash yoʻli bilan bartaraf etiladi. Ulushli mulk ishtirokchisiga uning ulushini asl holida ajratib berish oʻrniga boshqa mulkdorlar tomonidan kompensatsiya toʻlanishiga ishtirokchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Mulkdorning ulushi arzimas boʻlgan, amalda ajratib berilishi mumkin boʻlmagan va u umumiy mol-mulkdan foydalanishdan katta manfaatga ega boʻlmagan hollarda sud ushbu mulkdor rozilik bermagan taqdirda ham ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari zimmasiga mazkur mulkdorga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin. Ushbu moddaga muvofiq mulkdor kompensatsiya olganidan keyin umumiy mol-mulkdagi ulushiga boʻlgan huquqini yoʻqotadi.
- FuqarolikCIVIL · 224-modda
Imtiyozli sotib olish huquqi
Mulkdorlardan biri oʻz ulushini boshqa shaxsga sotgan vaqtida qolgan mulkdorlar sotilayotgan ulushni u sotiladigan narxda va boshqa teng shartlarda imtiyozli sotib olish huquqiga egadirlar, kimoshdi savdosi orqali sotish hollari bundan mustasno. Umumiy mulkdagi ulushni sotuvchi oʻz ulushini oʻzga shaxsga sotish niyati haqida boshqa mulkdorlarga yozma ravishda maʼlum qilib, ulushning narxini va uni sotishning boshqa shartlarini koʻrsatishi shart. Agar qolgan mulkdorlar imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirishdan voz kechsalar yoki bu huquqni xabar qilingan kundan eʼtiboran koʻchmas mulkka nisbatan bir oy davomida, boshqa mol-mulkka nisbatan esa — oʻn kun davomida amalga oshirmasalar, sotuvchi oʻz ulushini har qanday shaxsga sotishga haqli boʻladi. Ulush imtiyozli sotib olish huquqini buzgan holda sotilgan taqdirda, boshqa mulkdorlar uch oy mobaynida sotib oluvchining huquq va majburiyatlarini oʻzlariga oʻtkazishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar. Ulushni sotib olishning imtiyozli huquqini boshqa shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat organi yoki boshqa yuridik shaxs umumiy mulk boʻlgan uy-joy (xonadon)dagi oʻz ulushini sotgan vaqtida uyning (xonadonning) tegishli qismida ijaraga oluvchilar sifatida yashayotgan shaxslar ushbu modda qoidalari asosida imtiyozli sotib olish huquqiga ega boʻladilar, ular bu huquqdan voz kechsalar yoki uni amalga oshirmasalar — boshqa mulkdorlar bu huquqqa ega boʻladilar. Ushbu moddaning qoidalari ayirboshlash shartnomasi boʻyicha ulushni boshqa shaxsga berish chogʻida ham qoʻllaniladi.