Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 225-modda
Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish
Agar birgalikdagi mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuv bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ular umumiy mulkka birgalashib egalik qiladilar va undan foydalanadilar. Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulk barcha ishtirokchilarning roziligi bilan tasarruf etiladi, mol-mulkni tasarruf etish xususidagi bitim ishtirokchilardan qaysi biri tomonidan tuzilayotgan boʻlishidan qatʼi nazar, bunday rozilik talab qilinadi. Birgalikdagi mulkning har bir ishtirokchisi, agar barcha ishtirokchilarning kelishuvidan boshqacha tartib anglashilmasa, umumiy mol-mulkni tasarruf etish xususida bitimlar tuzishga haqli. Birgalikdagi mulk ishtirokchilaridan biri tuzgan umumiy mol-mulkni tasarruf etish bilan bogʻliq bitim uni tuzgan ishtirokchining zarur vakolatlari yoʻqligi sababli, bitimdagi ikkinchi taraf buni bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan taqdirdagina qolgan ishtirokchilarning talabiga muvofiq haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 226-modda
Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Umumiy mol-mulkni birgalikdagi mulk ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash, shuningdek ulardan birining ulushini ajratish dastlab ishtirokchilardan har birining umumiy mulk huquqidagi ulushi aniqlanganidan keyin amalga oshirilishi mumkin. Umumiy mulk taqsimlanganida va undan ulush ajratilganida, agar qonunda yoki ishtirokchilarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning ulushlari teng hisoblanadi. Umumiy mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish asoslari hamda tartibi ushbu Kodeks 223-moddasi bilan, birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun esa — boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 227-modda
Undiruvni umumiy mol-mulkdagi ulushga qaratish
Ulushli yoki birgalikdagi mulk ishtirokchisining kreditori mulkdorda boshqa mol-mulk yetarli boʻlmaganida undiruvni qarzdorning umumiy mol-mulkdagi ulushiga qaratish uchun bu ulushni ajratishni talab qilishga haqli. Agar bunday hollarda ulushni asli holida ajratish mumkin boʻlmasa yoki ulushli yoxud birgalikdagi mulkning qolgan ishtirokchilari bunga eʼtiroz bildirsalar, kreditor qarzdor oʻz ulushini umumiy mulkning qolgan ishtirokchilariga ushbu ulushning qiymatiga mutanosib narxda sotib, sotishdan tushgan mablagʻlarni qarzni uzishga qaratishini talab qilishga haqli. Umumiy mulkning qolgan ishtirokchilari qarzdorning ulushini sotib olishdan voz kechgan taqdirda kreditor undiruvni qarzdorning umumiy mulk huquqidagi ulushiga ushbu ulushni kimoshdi savdosi orqali sotish yoʻli bilan qaratishni sud orqali talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 228-modda
Mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish (vindikatsiya)
Mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya).
- FuqarolikCIVIL · 229-modda
Mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish
Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega boʻlmagan shaxsdan haq toʻlab olingan boʻlsa, oluvchi buni bilmagan va bilishi mumkin boʻlmagan (insofli egallovchi) boʻlsa, mol-mulk mulkdor tomonidan yoki egalik qilish uchun mulkdor bergan shaxs tomonidan yoʻqotib qoʻyilgan yoxud mulkdordan yoki u mol-mulkini bergan shaxsdan oʻgʻirlangan yo boʻlmasa, ularning ixtiyoridan tashqari boshqacha yoʻl bilan ularning egaligidan chiqib ketgan boʻlsa, mulkdor bu mol-mulkni olgan shaxsdan talab qilib olishga haqli. Agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan boʻlsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha talab qilib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega boʻlmagan shaxsdan haq toʻlamasdan olingan boʻlsa, mulkdor mol-mulkni barcha hollarda ham talab qilib olishga haqli. Pul insofli egallovchidan talab qilib olinishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 23-modda
Fuqaroning huquq layoqati va muomala layoqatini cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas. Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qoʻyilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgilaydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab boʻladi. Fuqaroning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan toʻla yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomonidan yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 230-modda
Mol-mulk boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olinganda daromadlar va xarajatlarni toʻlash
Ushbu Kodeksning 228-moddasiga muvofiq, mulkdor mol-mulkini talab qilib olayotganida quyidagilarni ham talab qilib olishga haqlidir: oʻz egaligining qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan shaxsdan (insofsiz egallovchi) ushbu shaxs mol-mulkka egalik qilgan butun vaqt davomida olgan yoki olishi lozim boʻlgan barcha daromadlarni qaytarib berishni yoki toʻlashni; insofli egallovchidan esa — u oʻzining egaligi qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan boshlab yoxud mulkdorning mol-mulkni talab qilib olish haqidagi daʼvosi boʻyicha talab kelgan paytdan boshlab olgan yoki chiqarib olishi lozim boʻlgan hamma daromadlarni. Oʻz navbatida insofli egallovchi ham, insofsiz egallovchi ham mol-mulkdan qancha vaqt davomida olingan daromad mulkdorga qaytarilishi kerak boʻlsa, shuncha vaqt davomida mol-mulkka qilingan zarur xarajatlarini toʻlashni mulkdordan talab qilishga haqli. Basharti, ashyoni yaxshilaydigan narsalarni ashyoga shikast yetkazmasdan ajratib olish mumkin boʻlsa, insofli egallovchi mazkur narsalarni oʻzida qoldirishga haqli. Agar bunday narsalarni ajratib olish mumkin boʻlmasa, insofli egallovchi ashyoni yaxshilash uchun qilingan xarajatlarni talab qilib olish huquqiga ega, lekin bu xarajatlar ashyoga qoʻshilgan qiymatdan koʻp boʻlmasligi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 231-modda
Mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan huquq- buzarliklardan himoya qilish (negator daʼvo)
Mulkdor oʻz huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, bartaraf etishni talab qilishi mumkin (negator daʼvo).
- FuqarolikCIVIL · 232-modda
Mulkdor boʻlmagan eganing huquqlarini himoya qilish
Garchi mulkdor boʻlmasa ham, lekin mol-mulkka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, operativ boshqarish huquqi asosida yoki qonun yoxud shartnomada nazarda tutilgan boshqa asosga koʻra egalik qilayotgan shaxs ham ushbu Kodeksning 228 — 231-moddalarida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi. Bu shaxs oʻz egaligini mulkdordan ham himoya qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 233-modda
Mulk huquqining qonunga muvofiq bekor boʻlish oqibatlari
Mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu Qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar, shu jumladan mol-mulkning qiymati davlat tomonidan toʻlanadi. Zararni toʻlash bilan bogʻliq nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 234-modda
Majburiyat tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabati boʻlib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini saqlashga majbur boʻladi, kreditor esa — qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
- FuqarolikCIVIL · 235-modda
Majburiyatning taraflari
Majburiyatning taraflari — kreditor yoki qarzdor sifatida bir yoki bir paytning oʻzida bir necha shaxs ishtirok etishi mumkin. Majburiyatda qarzdor tomonida ishtirok etgan shaxslardan biriga kreditor bildirgan talablarning haqiqiy emasligi, shuningdek bunday shaxsga talab qoʻyishga doir daʼvo muddati oʻtib ketganligi kreditorning qolgan shaxslarga boʻlgan talablariga oʻzicha daxl etmaydi. Agar taraflar shartnomaga binoan bir-birlariga nisbatan majburiyatli boʻlsa, taraflardan har biri boshqa taraf oldida uning foydasiga nima qilishi shart ekanligi jihatidan uning qarzdori va ayni bir paytning oʻzida undan nima talab qilishga huquqli ekanligi jihatidan uning kreditori hisoblanadi. Majburiyat unda taraflar sifatida qatnashmagan shaxslar (uchinchi shaxslar) uchun burchlar hosil qilmaydi. Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda majburiyat uchinchi shaxslar uchun majburiyatning bir tarafi yoki har ikkala tarafiga nisbatan huquq vujudga keltirishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 236-modda
Umumiy qoidalar
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 237-modda
Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmasligi
Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 238-modda
Majburiyatning kelishilgan va maqbul usulda bajarilishi
Majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shart. Majburiyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa va qonunchilik bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, shartnomada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 239-modda
Majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishi
Basharti boshqacha tartib qonunchilikda, shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli.
- FuqarolikCIVIL · 24-modda
Fuqaroning tadbirkorlik faoliyati
Fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga haqlidir. Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonunchilikdan yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, ushbu Kodeksning qoidalari qoʻllaniladi. Yuridik shaxs tashkil etmasdan ushbu moddaning birinchi qismi talablarini buzgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro tuzgan bitimlar xususida oʻzining tadbirkor emasligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emas. Sud bunday bitimlarga ushbu Kodeksning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq majburiyatlar toʻgʻrisidagi qoidalarini qoʻllashi mumkin. Aylanmadan olinadigan soliq yoki qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi yakka tartibdagi tadbirkor moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida oʻz faoliyatini tiklamagan taqdirda, u roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra tugatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 240-modda
Majburiyatning tegishli shaxs uchun bajarilishi
Agar boshqacha tartib taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan boʻlmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chogʻida ijroni kreditorning oʻzi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli boʻladi va bunday talabni qoʻymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 241-modda
Majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklash
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatni toʻla hajmda yoki uning bir qismini bajarish, agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek agar uchinchi shaxs taraflardan biri bilan tegishli shartnoma orqali bogʻliq boʻlsa, uchinchi shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin. Agar majburiyatni qarzdorning shaxsan oʻzi ijro etishga majburligi qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor qarzdor uchun uchinchi shaxs tomonidan taklif qilingan ijroni qabul qilishi shart. Majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomadagi taraf javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 242-modda
Majburiyatni bajarish muddati
Agar majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa — ijroni har qachon amalga oshirishga haqli boʻladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.