Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 243-modda
Majburiyatni muddatidan ilgari bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoxud majburiyatning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa –– ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 244-modda
Majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni boʻlib-boʻlib bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud qarzdorga majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish imkonini berishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 245-modda
Pul majburiyatlarining valyutasi
Pul majburiyatida u soʻmlar bilan chet el valyutasidagi muayyan summaga ekvivalent boʻlgan summada yoki shartli pul birliklari bilan (ekyu, “maxsus qarz olish huquqlari” va boshqalar) toʻlanishi lozimligi nazarda tutilishi mumkin. Bunday hollarda soʻmlar bilan toʻlanishi lozim boʻlgan summa tegishli valyutaning yoki shartli pul birliklarining toʻlov kunidagi rasmiy kursi boʻyicha belgilanadi, basharti uni belgilashning boshqacha kursi yoki boshqa sanasi qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida belgilab qoʻyilgan boʻlmasa. Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiyatlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish chogʻida chet el valyutasidan, shuningdek chet el valyutasidagi toʻlov hujjatlaridan foydalanishga qonunchilikda belgilangan hollar, tartib va shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 246-modda
Majburiyatni bajarish joyi
Agar majburiyatni bajarish joyi qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa va majburiyatning mohiyatidan yoxud ish muomalasi odatlaridan yoinki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi joylarda amalga oshirilishi kerak: 1) koʻchmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha — mol-mulk turgan joyda; 2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha — tovarni kreditorga yetkazib berish uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida; 3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan oʻzga majburiyatlari boʻyicha — mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida, basharti majburiyatning kelib chiqishi paytida bu joy kreditorga maʼlum boʻlgan boʻlsa; 4) pul majburiyati boʻyicha — majburiyat vujudga kelgan paytda kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaxs boʻlsa — uning majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor majburiyatni bajarish vaqtigacha oʻz yashash joyini yoki joylashgan yerini oʻzgartirgan boʻlsa va bu haqda qarzdorni xabardor qilgan boʻlsa — ijro etish joyi oʻzgartirilishi bilan bogʻliq hamma xarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida; 5) boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha — qarzdorning yashash joyida, agar qarzdor yuridik shaxs boʻlsa, uning joylashgan yerida.
- FuqarolikCIVIL · 247-modda
Fuqaroning taʼminoti uchun toʻlanadigan summani koʻpaytirish
Pul majburiyati boʻyicha bevosita fuqaroning taʼminoti uchun toʻlanadigan summa (hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash, umrbod taʼminlash shartnomasi boʻyicha va boshqa hollarda) mehnatga toʻlanadigan haqning qonun tomonidan belgilab qoʻyilgan eng kam miqdori oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytirib boriladi.
- FuqarolikCIVIL · 248-modda
Pul majburiyati boʻyicha talablarni qondirish navbati
Amalga oshirilgan toʻlov summasi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli boʻlmaganda, boshqa kelishuv boʻlmasa, u eng avvalo, kreditorning ijroni olishga qaratilgan chiqimlarini, soʻngra foizlarni, uning qolgan qismi esa — qarzning asosiy summasini uzadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar amalga oshirilgan toʻlov summasi qarz oluvchi jismoniy shaxsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik subyektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi navbatda qoplanadi: 1) asosiy qarz boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik va muddati oʻtgan foiz toʻlovlari mutanosib ravishda; 2) joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz boʻyicha qarzdorlik; 3) neustoyka (jarima, penya); 4) kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlari.
- FuqarolikCIVIL · 249-modda
Qarzni depozitga qoʻyish yoʻli bilan majburiyatni bajarish
Qarzdor oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan pul yoki qimmatli qogʻozlarni notariusning depozitiga, qonunda belgilangan hollarda esa — sudning depozitiga qoʻyishga haqli, basharti majburiyat qarzdor tomonidan quyidagilar tufayli bajarilishi mumkin boʻlmasa: 1) majburiyat bajarilishi lozim boʻlgan joyda kreditor yoki ijroni qabul qilib olish uchun u vakil qilgan shaxs boʻlmasa; 2) kreditor muomalaga layoqatsiz boʻlsa va uning vakili boʻlmasa yoki vakil rozi boʻlmasa; 3) majburiyat boʻyicha kim kreditor ekanligi xususida aniqlik yoʻqligi koʻrinib turgan boʻlsa, xususan bu haqda kreditor bilan boshqa shaxslar oʻrtasida nizo chiqqanligi munosabati bilan; 4) kreditorning ijroni qabul qilishdan boʻyin tovlashi yoki uning tomonidan boshqacha yoʻl bilan kechiktirilishi munosabati bilan. Pul summasini yoki qimmatli qogʻozlarni notarius yoxud sudning depozitiga qoʻyish majburiyatni bajarish hisoblanadi. Depozitiga pul yoki qimmatli qogʻozlar qoʻyilgan notarius yoxud sud kreditorni bundan xabardor qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 25-modda
Fuqaroning mulkiy javobgarligi
Fuqaro oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga qarashli butun mol-mulki bilan javob beradi, qonunga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 250-modda
Muqobil majburiyatni bajarish
Agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini qilishi yoxud kreditorga bir yoki boshqa mol-mulkni topshirishi lozim boʻlsa, basharti qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 251-modda
Bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etadigan majburiyatni bajarish
Agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda bajarishni talab qilishga haqli, har bir qarzdor esa bu talabni bajarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 252-modda
Solidar qarzdorlar majburiyati boʻyicha kreditorning huquqlari
Qarzdorlar sherik boʻlib majburiyat olganida kreditor hamma qarzdorlardan majburiyatni solidar bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham, shu bilan birga qarzni toʻla yoki uning bir qismini bajarishni ham talab qilishga haqli. Solidar qarzdorlarning biridan toʻliq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega. Solidar qarzdorlar majburiyat toʻla bajarilgunicha burchli boʻlib qolaveradilar.
- FuqarolikCIVIL · 253-modda
Solidar qarzdorlarning kreditor talablariga qarshi eʼtirozlari
Qarzdor solidar boʻlib majburiyat olgan taqdirda boshqa qarzdorlarning kreditor bilan mazkur qarzdor qatnashmaydigan munosabatlariga asoslangan eʼtirozlarni kreditorning talablariga qarshi qoʻyishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 254-modda
Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan bajarilishi
Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan toʻliq bajarilishi qolgan qarzdorlarni kreditor oldidagi majburiyatni bajarishdan ozod qiladi. Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, solidar majburiyatni bajargan qarzdor oʻz ulushini chegirib tashlab, boshqa qarzdorlarga teng ulushlarda regress talabi qoʻyish huquqiga ega boʻladi. Solidar majburiyatni bajargan qarzdorga toʻlanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi.
- FuqarolikCIVIL · 255-modda
Solidar talablar
Talab solidar boʻlib qoʻyilganida har qanday solidar kreditor qarzdorga toʻla hajmda talab qoʻyishga haqli boʻladi. Qarzdor solidar kreditorlardan birining talabiga qarshi oʻzining ushbu kreditor qatnashmaydigan boshqa solidar kreditorlar bilan munosabatlariga asoslangan eʼtirozlarni qoʻyishga haqli emas. Majburiyatni solidar kreditorlardan biriga nisbatan toʻla bajarish qarzdorni majburiyatni boshqa solidar kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi. Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan solidar kreditor, basharti ular oʻrtasidagi munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli boʻlgan ulushlarni ularga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 256-modda
Majburiyatlarni muqobil suratda bajarish
Taraflardan biri shartnomaga muvofiq boshqa tarafning oʻz majburiyatlarini bajarishiga bogʻliq qilib qoʻyilgan majburiyatni bajarishi muqobil bajarish hisoblanadi. Burchli taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan majburiyatni bajarmagan yoki majburiyat belgilangan muddatda bajarilmasligini ochiq koʻrsatib turgan vaziyat mavjud boʻlgan taqdirda, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatini bajarmay turishga yoki bu majburiyatni bajarishdan bosh tortishga va koʻrilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Agar shartnomada koʻrsatilgan majburiyat toʻla hajmda bajarilmagan boʻlsa, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatining ikkinchi tarafning toʻla hajmda bajarilmagan majburiyatiga mos keladigan qismini bajarishni toʻxtatib qoʻyishga yoki bajarishdan bosh tortishga haqli. Agar bir taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan oʻz majburiyatini bajarmagan boʻlishiga qaramay, ikkinchi taraf majburiyatning muqobil ijrosini amalga oshirgan boʻlsa, birinchi taraf oʻz majburiyatini bajarishi shart. Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar shartnoma yoki qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 257-modda
Majburiyatning bajarganligini tasdiqlash
Kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatning toʻla yoki qisman bajarilishini qabul qilib olganligi haqida tilxat berishi shart. Ogʻzaki bitimlar yuridik shaxslar bilan fuqarolar oʻrtasida bajarilganida tovarlar yoki xizmatlar haqini toʻlagan yuridik shaxs boshqa tarafdan pul toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatni va toʻlov asosini olishi kerak. Agar qarzdor majburiyatni tasdiqlash yuzasidan kreditorga qarz hujjati bergan boʻlsa, kreditor ijroni qabul qilib olayotgan vaqtida ushbu hujjatni qaytarib berishi, qaytarib berishning imkoni boʻlmaganida esa — buni oʻzi berayotgan tilxatda koʻrsatishi kerak. Tilxat oʻrniga qaytarib berilayotgan qarz hujjatiga ustxat yozilishi mumkin. Qarz hujjatining qarzdorda boʻlishi, boshqa bir hol isbotlanmaguncha, majburiyatning bekor boʻlganligini tasdiqlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 258-modda
Majburiyat bajarilganligini tasdiqlash haqidagi talabni bajarmaslik oqibatlari
Kreditor tilxat berishdan, qarz hujjatini qaytarishdan yoki qaytarib berish imkoni yoʻqligini tilxatda koʻrsatishdan bosh tortgan taqdirda, qarzdor ijroni toʻxtatib turishga haqli boʻladi. Bunday hollarda kreditor muddatni kechiktirgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 259-modda
Umumiy qoidalar
Majburiyatning bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan taʼminlanishi mumkin. Majburiyatning bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi kelishuvning haqiqiy emasligi ushbu majburiyatning (asosiy majburiyatning) haqiqiy emasligiga olib kelmaydi. Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini taʼminlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.
- FuqarolikCIVIL · 259¹-modda
Kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi hisobidan qanoatlantirish
Qarzdor tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, kreditorning mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bilan taʼminlangan majburiyatlar boʻyicha talablari ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan mazkur mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi oʻziga tegishli boʻlgan shaxsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi. Kreditorning imtiyozli huquqi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan yoki uni realizatsiya qilishdan olingan hosilga, mahsulotga va boshqa daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida yozuv kiritgan kreditorlar garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditorlar oldidagi oʻz talablarini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ayni bir mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida garov reyestriga yozuv kiritgan kreditorlarning talablari quyidagi navbatga muvofiq qanoatlantiriladi: birinchi navbatda mazkur mol-mulkni ushlab qolish yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotish orqali taʼminlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi; ikkinchi navbatda majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkni olish yoki kreditor tomonidan ushbu mol-mulkni qarzdorga berishdan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi; uchinchi navbatda, agar mol-mulk kreditor tomonidan taqdim etilgan mablagʻlar yoki mol-mulk hisobidan olingan (ishlab chiqarilgan) boʻlsa, mol-mulk bilan taʼminlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi; toʻrtinchi navbatda mazkur mol-mulk bilan taʼminlangan boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati ular tomonidan garov reyestriga tegishli mol-mulkka boʻlgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritishning xronologik tartibiga (vaqti va sanasiga) muvofiq aniqlanadi. Bunda kreditorlarning har bir keyingi navbatdagi talablari kreditorlarning oldingi navbatdagi talablari toʻliq qanoatlantirilganidan soʻng qanoatlantiriladi. Mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvni garov reyestriga kiritmagan kreditorlarning talablari mazkur mol-mulkka boʻlgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvni garov reyestriga kiritgan kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan keyin ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan kelib chiqqan holda, bunday huquqlar yuzaga kelishining kalendar navbatiga muvofiq qanoatlantiriladi. Kreditor oʻz talabini qanoatlantirish navbatidan oʻzganing foydasiga voz kechishga, agar bu voz kechish boshqa kreditorlarning huquqlarini cheklab qoʻymasa, haqli.
- FuqarolikCIVIL · 26-modda
Yakka tartibdagi tadbirkorning va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi
Yakka tartibdagi tadbirkor kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, agar tegishli talablar uning ilgarigi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, belgilangan tartibda sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi tartib-taomillarini amalga oshirishda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlari boʻyicha kreditorlari ham hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish haqidagi oʻz talablarini, shuningdek shaxsiy xususiyatga ega boʻlgan boshqa talablarni qoʻyishga haqli. Mazkur kreditorlarning ular tomonidan shunday tartibda qoʻyilmagan talablari toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili tugallanganidan keyin ham oʻz kuchini saqlab qoladi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxs bankrot deb topilgan taqdirda, uning kreditorlarining talablari ushbu Kodeksning 56-moddasida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxsni sud tomonidan bankrot deb topishning yoki uning oʻzini bankrot deb eʼlon qilishining asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.