Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki ogʻir holatlar yuz berishi taʼsirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi taʼsirida tuzilgan bitim, shuningdek fuqaro ogʻir holatlar yuz berishi tufayli oʻzi uchun oʻta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur boʻlgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Agar bitim yuqorida koʻrsatilgan asoslardan biriga koʻra haqiqiy emas deb topilsa, ikkinchi taraf jabrlanuvchiga uning bitim boʻyicha bajargan hamma narsasini qaytarib berishi kerak, olingan narsani asl holida qaytarishning iloji boʻlmaganida esa — uning qiymatini pul bilan toʻlashi kerak. Jabrlanuvchi bitim boʻyicha ikkinchi tarafdan olgan mol-mulk, shuningdek ikkinchi tarafga topshirilgan narsa evaziga oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk davlat daromadiga oʻtkaziladi. Mol-mulkni asl holida davlat daromadiga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, uning qiymati pul bilan undirib olinadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchiga ikkinchi taraf uning qilgan xarajatlarini, uning mol-mulki yoʻqotilishi yoki buzilishi natijasida yetkazilgan zararni toʻlaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish