Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 187-modda
Jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish
Ish joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bogʻlarida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish, bundan toʻylar, yubileylar hamda boshqa tantanalar va marosimlar oʻtkaziladigan joylar, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari mustasno, — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 187¹-modda
Jamoat joylarida giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish
Jamoat joylarida giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish, bundan retsept asosida tibbiy maqsadlarda isteʼmol qilish mustasno, — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 188-modda
Voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish
Voyaga yetmagan shaxsni spirtli ichimliklar isteʼmol qilishga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga, irodasiga taʼsir qiladigan moddalarni yoki vositalarni isteʼmol etishga jalb qilish, — oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq oʻziga nisbatan maʼmuriy qamoqqa olish qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 188¹-modda
Voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish
Voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 188²-modda
Voyaga yetmagan shaxsning koʻngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda boʻlishiga yoʻl qoʻyish
Restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar, kompyuter zallari, Internet tarmogʻidan foydalanish xizmatlarini koʻrsatish uchun jihozlangan xonalar yoki boshqa koʻngil ochish (dam olish) joylarining rahbarlari yoxud boshqa masʼul shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning tungi vaqtda ota-onasidan biri yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz koʻrsatilgan muassasalarda boʻlishiga yoʻl qoʻyish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 188³-modda
Tilanchilik qilish
Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bogʻlarida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, bekatlarda, yoʻllarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda soʻrab, tilanchilik bilan shugʻullanish, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi boʻlgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar boʻlmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi moddalarni majburan isteʼmol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 188⁴-modda
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon boʻlgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 189-modda
Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, pornografik mahsulotni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, — pornografik mahsulotni, shu jumladan uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan toʻrt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan toʻrt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 189¹-modda
Tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, uni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, — tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni, shu jumladan uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan toʻrt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan toʻrt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 189²-modda
Jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish
Jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) ragʻbatlantirish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 19-modda
Oxirgi zarurat
Ushbu Kodeksda yoki boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan, huquqlarga hamda qonun bilan himoya etiladigan manfaatlarga zarar yetkazgan, oxirgi zarurat holatida, yaʼni shaxsga yoki mazkur shaxsning yoxud boshqa shaxsning huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid etayotgan xavfni, basharti bu xavfni oʻsha holatda boshqacha choralar bilan bartaraf etib boʻlmasa hamda yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq boʻlsa, bartaraf etish uchun sodir etilgan harakatlar maʼmuriy huquqbuzarlik deb hisoblanmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 190-modda
Fohishalik bilan shugʻullanish
Fohishalik bilan shugʻullanish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 191-modda
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish — ana shu oʻyinlar buyumlarini, shuningdek oʻyinga tikilgan hamda oʻyindagi yutuq boʻlgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etishga jalb qilish — ana shu oʻyinlar buyumlarini, shuningdek oʻyinga tikilgan hamda oʻyindagi yutuq boʻlgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish yoki oʻtkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi provayderlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish yoki xizmatlar koʻrsatishga koʻmaklashish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa koʻpaytirish, uni koʻpaytirish, tarqatish — kompyuter va boshqa yordamchi vositalarni, shuningdek oʻyinga tikilgan hamda oʻyindagi yutuq boʻlgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 192-modda
Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish
Tungi vaqtda — soat 23.00 dan 06.00 gacha — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, yaʼni baland ovoz bilan qoʻshiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yoʻlaklari va eshiklarida, koʻchalarda ovozi baland qilib qoʻyilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur boʻlmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 192¹-modda
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni oʻtkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Toʻyxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 193-modda
Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish
Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan deputatlar hamda senatorlar oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaslik, ularning ishiga toʻsqinlik qilish, ularga ataylab soxta maʼlumot berish, deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan parlament soʻrovini, deputat, senator soʻrovini koʻrib chiqmasdan qoldirish yoki ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni qasddan taqdim etish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 193¹-modda
Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish
Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisiga mazkur xizmatchining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda: ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat tashkiloti; toʻliq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi. Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega boʻlmagan shaxs tushuniladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 193²-modda
Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi
Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda bajarishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda: ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat tashkiloti; toʻliq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi. Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega boʻlmagan shaxs tushuniladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 193³-modda
Notarial harakatni amalga oshirishni qonunga xilof ravishda rad etish
Notarial harakatni amalga oshirishni qonunga xilof ravishda rad etish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 193⁴-modda
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga maʼlum boʻlib qolgan, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.