Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215²-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining koʻrsatmalari va taqdimnomalarini bajarishdan boʻyin tovlaganlikda yoki oʻz vaqtida bajarmaganlikda, maʼlumotlar bazasiga kirishga ruxsat bermaganlikda va axborot taqdim etmaganlikda, bila turib notoʻgʻri maʼlumot taqdim etganlikda ifodalangan tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatiga aralashganlik hamda uning mansabdor shaxslariga ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni qonuniy ravishda bajarishiga toʻsqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda taʼsir koʻrsatganlik, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215³-modda
Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etish tartibini buzish
Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida qonunchilikka muvofiq axborot taqdim etadigan organlar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish tartibining koʻrsatilgan axborotni taqdim etmaslikda, oʻz vaqtida taqdim etmaslikda yoki buzib koʻrsatgan holda taqdim etishda ifodalangan buzilishi — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁴-modda
Arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Arxiv hujjatlarini topshirishning, saqlashning, ulardan foydalanishning, xuddi shuningdek arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar koʻrsatishning belgilangan tartibini buzish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga esa — ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁵-modda
Davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilikni buzish
Davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilikning arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda, davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonunchilikda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirigʻini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi, bundan ushbu Kodeksning 215⁹-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁶-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish haqidagi taqdimnomalarini bajarmaslik
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining davlat mulki obyektlari, shu jumladan xorijdagi davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish haqidagi taqdimnomalarini bajarmaslik yoki maʼlumotlarning toʻliqligini taʼminlamaslik, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁷-modda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik (bundan ushbu Kodeksning 175⁷ va 229-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno), jumladan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtiriladigan, ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarni eʼlon qilmaganlik yoki toʻliq eʼlon qilmaganlik, eʼlon qilish muddatlariga va tartibiga rioya etmaganlik yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatganlik, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁸-modda
Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzish
Davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasini tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga olingan davlat mulkini qabul qilib olishda, ijara munosabatlarining obyekti hududiga kirishda va undan foydalanishda ijaraga oluvchiga asossiz ravishda toʻsqinlik qilish yoki ijaraga berilayotgan davlat mulkining parametrlari va sonini ijara shartnomasida notoʻgʻri koʻrsatgan holda davlat mulkini ijaraga berish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215⁹-modda
Ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish sohasidagi qonunchilikni buzish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni va ijtimoiy kafolatlarni taʼminlamaslik
Ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish sohasidagi qonunchilikning arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda, ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish chogʻida murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonunchilikda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni va ijtimoiy kafolatlarni taʼminlamaslikda ifodalangan tarzda buzilishi, shuningdek ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish milliy standartlariga rioya etmaslik, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 216-modda
Kimoshdi savdosi yoki tanlovda qatnashish uchun berilgan talabnomalarni yashirish
Davlat aktivlari xususiylashtirilishi munosabati bilan yopiq tender tarzidagi kimoshdi savdosida yoki tanlovda qatnashish uchun berilgan talabnomalarni yashirish, kimoshdi savdosi, tanlov natijalarini yakunlashda talabnomalarni hisobga olmaslik — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 217-modda
Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalarini ochish hamda ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzish
Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalari va ustaxonalarini ochish va ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Matbaa uskunalari, harflar, matritsalar, muhrlar va shtamplarni qoʻlga kiritish, sotish, foydalanish, hisobga olish va saqlash qoidalariga rioya etish uchun masʼul boʻlgan shaxslarning bu qoidalarni buzishi — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 218-modda
Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazmasdan yoki ularni chiqarishni yoxud nashr etishni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish — bosma yoki boshqa mahsulotlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 219-modda
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni yoki tarkibida shunday metall hamda toshlar boʻlgan buyumlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, ulardan foydalanish chogʻida qabul qilib olish, sarflash, hisobga olish, saqlash, ularning parchalari va chiqindilarini toʻplash hamda Davlat fondiga topshirish qoidalarini, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va ularni tamgʻalash tartibini buzish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 219¹-modda
Rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni sotish qoidalarini buzish
Qimmatbaho metallar sirasiga kirmaydigan rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni sotish qoidalarini buzish, — rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 22-modda
Maʼmuriy jazoning maqsadi
Maʼmuriy jazo javobgarlikka tortish chorasi boʻlib, u maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning oʻzi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qoʻllaniladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 220-modda
Qurolning va uning oʻq-dorilarining muomalada boʻlishi qoidalarini buzish
Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomasiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarning fuqaroviy, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan qurolni va uning oʻq-dorilarini realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish qoidalarini buzishi — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki haqini toʻlab shu qurolni va oʻq-dorilarni olib qoʻyishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — qurolni va oʻq-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xizmat qurolini va uning oʻq-dorilarini saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish qoidalarini xizmat qurolidan va uning oʻq-dorilaridan foydalanish huquqiga ega boʻlgan davlat organlarining mansabdor shaxslari hamda maxsus xizmat vazifalariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan buzish, xuddi shuningdek qurolni va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini olish, berish, hisobga olish, realizatsiya qilish, tashish, saqlash, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish qoidalarini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari but saqlanishini, ularning belgilangan tartibda berilishi-qabul qilib olinishini hamda hisobga olinishini taʼminlashga doir majburiyatlar oʻz zimmasiga yuklatilgan masʼul xodimlari tomonidan buzish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Qurolni va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini qabul qilish, hisobga olish hamda sotish qoidalarini fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini realizatsiya qilishga doir litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari tomonidan buzish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalari rasmiylashtirilgan fuqaroviy va xizmat quroliga tovushsiz oʻq uzish moslamalarini hamda tunda koʻrish moʻljallagichlarini (bundan ov qilish uchun moʻljallagichlar mustasno) oʻrnatish — tovushsiz oʻq uzish moslamalarini va tunda koʻrish moʻljallagichlarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 220¹-modda
Qurolning qonunga xilof muomalasi
Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish, ulardan foydalanish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtish — qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini, oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli litsenziyalarisiz ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish — qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini va oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 221-modda
Qurolni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) qoidalarini yoki uning muomalasi sohasidagi ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish qoidalarini buzish
Fuqaroviy, xizmat qurolini, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan qurolni va uning oʻq-dorilarini ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) qoidalarini, shuningdek ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga va olib yurishga, saqlashga, kolleksiyalashga yoki koʻrgazmaga qoʻyishga doir ruxsatnomalarining amal qilish muddatlarini uzaytirish qoidalarini buzish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 223-modda
Pasport tizimi qoidalarini buzish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz, amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim boʻlgan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan yashashi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasiz (yashash guvohnomasisiz), amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim boʻlgan identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash guvohnomasi) bilan yashashi, — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud xorijga chiqish uchun biometrik pasportini yaroqsizlantirishi yoki yoʻqotib qoʻyishi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yoki harakatlanish hujjatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yaroqsizlantirishi yoxud yoʻqotib qoʻyishi, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan yashashi, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yoʻl qoʻyilishi, xuddi shuningdek shaxslar tomonidan oʻz turar joylarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan yashashiga yoʻl qoʻyilishi, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun quyidagi hollarda maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi, agar u: 1) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsa; 2) oltmish yoshdan oshgan boʻlsa; 3) toʻliq davlat taʼminotida boʻlsa; 4) Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet davlat hududida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun moʻljallanmagan joylarning yongʻinlari, qulashi, transport vositalarining yonishi) roʻy berganligi natijasida jabrlangan boʻlsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun); 5) qonunga xilof ravishda hukm qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilingan boʻlib, pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining amal qilishi sud ajrimiga koʻra toʻxtatib turilgan boʻlsa (ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun); 6) jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtayotgan boʻlsa yoki jazoni oʻtab chiqib, bir oy ichida identifikatsiyalovchi ID-karta rasmiylashtirish uchun murojaat qilsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun); 7) uchinchi shaxslarning gʻayrihuquqiy harakatlari yoki jinoyat sodir etilganligi oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ular yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu faktlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan hollarda); 8) xizmat vazifalarini yoki fuqarolik burchini bajarish chogʻida, shuningdek yengib boʻlmas kuch, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ularning yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu hollar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda aniqlangan taqdirda). Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ham javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 223¹-modda
Pasportdan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartadan gʻayriqonuniy ravishda foydalanish
Shaxslar tomonidan yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza berilgan oʻz pasportlaridan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalaridan, shuningdek boshqa shaxslarga tegishli boʻlgan pasportlardan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalardan gʻarazli maqsadlarda foydalanish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 223³-modda
Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani garovga olish yoxud pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qoʻyish
Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani garovga olish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani shaxslardan qonunga xilof ravishda olib qoʻyish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.