Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 204-modda
Favqulodda holat tartibining talablarini buzish
Favqulodda holat tartibining talablarini buzish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 204¹-modda
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek fuqaro muhofazasi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi, fuqaro muhofazasi toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek xavfli geologik jarayonlarning oldini olish yuzasidan vakolatli davlat organining koʻrsatmalari talablarini bajarmaslik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlar sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, shuningdek atrof tabiiy muhitga va odamlar hayotiga tahdid solsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborotni yashirish, oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoki ular haqida atayin soxta axborot taqdim etish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 205-modda
Favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilish
Favqulodda holat eʼlon qilingan joylarda mish-mishlar tarqatish va huquq-tartibotni buzishga undovchi yoki milliy adovatni avj oldiruvchi boshqa harakatlar, fuqarolar va mansabdor shaxslarning oʻz qonuniy huquqlari va burchlarini amalga oshirishlariga faol toʻsqinlik qilish, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimining, harbiy xizmatchi yoki jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarayotgan boshqa shaxslarning qonuniy farmoyishi yoki talabiga qasddan boʻysunmaslik yoxud jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini buzadigan boshqa shunga oʻxshash harakatlar yoki maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻttiz sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 206-modda
Maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish
Ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxslarning bunday nazorat qoidalarini buzishi — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 206¹-modda
Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik
Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 207-modda
Voyaga yetmaganni qarovga olish toʻgʻrisidagi yozma majburiyatni bajarmaslik
Ota-onalarning, ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning, bolalar muassasalari rahbarlarining oʻz qaroviga olgan voyaga yetmaganga nisbatan oʻzlari qabul qilgan yozma majburiyatlarni bajarmasligi — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 208-modda
Kafilning yozma majburiyatni bajarmasligi
Kafilning yozma majburiyatni bajarmasligi, oldini olish uchun shaxsiy kafolat qoʻllanilgan harakatlar ayblanuvchi tomonidan sodir etilishiga olib kelgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 209-modda
Davlat mukofotlariga nisbatan qonunga xilof harakatlar qilish
Orden, medal, faxriy unvonning koʻkrakka taqiladigan nishonini qonunga xilof ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, ayirboshlash yoki birovga boshqacha tarzda haq evaziga berish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 209¹-modda
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish
Formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish, — formali kiyim-boshni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 21-modda
Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish
Sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik kam ahamiyatli boʻlgan taqdirda, sud huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod etib, uni ogohlantirish bilan kifoyalanishi mumkin. Agar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi boshqa organ (mansabdor shaxs) sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi haqida xulosaga kelsa, ish huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ushbu Kodeksning 308¹-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 210-modda
Qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida, maxsus davolash-oldini olish yoki maxsus oʻquv-tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga taqiqlangan narsalarni berish
Qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida, maxsus davolash-oldini olish yoki maxsus oʻquv-tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga berilishi taqiqlangan narsalarni koʻzdan kechirishdan yashirib berish yoki boshqa har qanday usul bilan berishga urinish — berish taqiqlangan ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 210¹-modda
Oʻta muhim va toifalangan obyektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu obyektlarning qoʻriqlanishini taʼminlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik
Oʻta muhim va toifalangan obyektlarga kirish-chiqish rejimini buzish, yaʼni tegishli ruxsatnomasiz oʻta muhim va toifalangan obyektlarga shaxsning oʻzboshimchalik bilan kirishi, ushbu obyektlarda transport vositalarining harakatlanishi yoki mol-mulkning joyini oʻzgartirish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻta muhim va toifalangan obyektlarning qoʻriqlanishini taʼminlashga doir majburiyatlarni korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ularni bajarishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslari tomonidan bajarilmasligi, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 211-modda
Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish
Korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda, jamoat joylarida, omborxona binolarida, yotoqxonalar va turar joylarda, shuningdek tegishli obyektlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurish chogʻida yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish yoki yongʻinga qarshi inventarlar, uskunalar, yongʻinni aniqlash va oʻchirishning avtomat vositalaridan foydalanish va ularni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etish, agar yongʻin chiqishiga olib kelgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Shaxsning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda mazkur shaxs yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 21¹-modda
Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish
Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida ushbu Kodeks bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan shaxs, agar bunday majburlash yoki qoʻrqitish natijasida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan boʻlsa, maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi. Ushbu Kodeks bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida zarar yetkazganlik uchun maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi masala, agar bunday majburlash yoki qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqarish imkoniyatini saqlab qolgan boʻlsa, ushbu Kodeks 19-moddasining qoidalari inobatga olingan holda hal etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 212-modda
Texnik reglamentlarga yoki standartlarning majburiy talablariga rioya etmaslik
Xoʻjalik faoliyati subyektlarining texnik reglamentlarga yoki standartlarning majburiy talablariga rioya etmasligi; fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Standartlar va oʻlchov vositalarini nazorat qiluvchi davlat inspektorlarining tekshirilgan mahsulot texnik reglamentlarga yoki standartlarning majburiy talablariga nomuvofiq boʻlgan hollarda uni ishlab chiqarishni taqiqlash yoki realizatsiya qilishni (yetkazib berishni, sotishni), undan foydalanishni (uni ishlatishni) toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 21²-modda
Yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish
Ushbu Kodeksning 40-moddasida (tuhmat), 41-moddasida (haqorat qilish), 45-moddasida (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 46-moddasida (fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish), 46¹-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 52-moddasida (yengil tan jarohati yetkazish), 61-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (oz miqdorda talon-taroj qilish), 61²-moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 62-moddasida (topib olingan mol-mulkni yashirish), 104-moddasida (ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yoʻq qilib yuborish, koʻchatlarga shikast yetkazish), 121-moddasida (transport vositalarining ichki jihozlariga shikast yetkazish), 133-moddasida (transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi), 134-moddasida (haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi), 183-moddasida (mayda bezorilik), 200-moddasida (oʻzboshimchalik) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini ushbu Kodeksning 313¹-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboradi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 213-modda
Metrologiya qoidalarini buzish
Metrologiya qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 214-modda
Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish
Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Muvofiqlikni baholash qoidalarini muvofiqlikni baholash organlari tomonidan buzish, agar bu texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga, shu jumladan muvofiqlik sertifikatini berishni asossiz ravishda rad etganlik, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda toʻxtatib turganlik yoki tugatganlik natijasida foydaning boy berilishiga olib kelsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215-modda
Davlat statistik hisobotlarini taqdim etish tartibini buzish
Mansabdor shaxslarning davlat statistika kuzatuvini olib borish uchun zarur boʻlgan hisobot va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmaslikda ifodalangan davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzishi, hisobot maʼlumotlarini buzib koʻrsatishi yoki hisobotlarni taqdim etish muddatlarini buzishi — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 215¹-modda
Korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibini buzish
Korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni mansabdor shaxslar tomonidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organlariga taqdim etmaslik yoki vaqtida taqdim etmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.