Yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish
Ushbu Kodeksning 40-moddasida (tuhmat), 41-moddasida (haqorat qilish), 45-moddasida (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 46-moddasida (fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish), 46¹-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 52-moddasida (yengil tan jarohati yetkazish), 61-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (oz miqdorda talon-taroj qilish), 61²-moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 62-moddasida (topib olingan mol-mulkni yashirish), 104-moddasida (ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yoʻq qilib yuborish, koʻchatlarga shikast yetkazish), 121-moddasida (transport vositalarining ichki jihozlariga shikast yetkazish), 133-moddasida (transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi), 134-moddasida (haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi), 183-moddasida (mayda bezorilik), 200-moddasida (oʻzboshimchalik) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini ushbu Kodeksning 313¹-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish