Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 223-modda

Pasport tizimi qoidalarini buzish

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz, amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim boʻlgan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan yashashi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasiz (yashash guvohnomasisiz), amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim boʻlgan identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash guvohnomasi) bilan yashashi, —

bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud xorijga chiqish uchun biometrik pasportini yaroqsizlantirishi yoki yoʻqotib qoʻyishi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yoki harakatlanish hujjatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yaroqsizlantirishi yoxud yoʻqotib qoʻyishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan yashashi, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yoʻl qoʻyilishi, xuddi shuningdek shaxslar tomonidan oʻz turar joylarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan yashashiga yoʻl qoʻyilishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun quyidagi hollarda maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi, agar u:

1) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsa;

2) oltmish yoshdan oshgan boʻlsa;

3) toʻliq davlat taʼminotida boʻlsa;

4) Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet davlat hududida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun moʻljallanmagan joylarning yongʻinlari, qulashi, transport vositalarining yonishi) roʻy berganligi natijasida jabrlangan boʻlsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun);

5) qonunga xilof ravishda hukm qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilingan boʻlib, pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining amal qilishi sud ajrimiga koʻra toʻxtatib turilgan boʻlsa (ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun);

6) jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtayotgan boʻlsa yoki jazoni oʻtab chiqib, bir oy ichida identifikatsiyalovchi ID-karta rasmiylashtirish uchun murojaat qilsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun);

7) uchinchi shaxslarning gʻayrihuquqiy harakatlari yoki jinoyat sodir etilganligi oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ular yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu faktlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan hollarda);

8) xizmat vazifalarini yoki fuqarolik burchini bajarish chogʻida, shuningdek yengib boʻlmas kuch, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ularning yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu hollar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda aniqlangan taqdirda).

Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ham javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.