Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 555-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya kasaba uyushmasi qoʻmitasi va ish beruvchi vakillarining kelishuviga koʻra qaror qabul qiladi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori asoslantirilgan hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan boʻlishi kerak. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorida quyidagilar koʻrsatiladi: tashkilotning nomi, yakka tartibdagi mehnat nizosi tashkilot alohida boʻlinmasining mehnat nizolari boʻyicha komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan taqdirda esa boʻlinmaning nomi, komissiyaga murojaat etgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, kasbi yoki mutaxassisligi; komissiyaga murojaat etilgan va nizo koʻrib chiqilgan sana, nizoning mohiyati; komissiya aʼzolarining va majlisda hozir boʻlgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi; qarorning mohiyati va uning asoslanishi (qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga havola qilingan holda); ovoz berish natijalari. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning pulga oid talablar boʻyicha qarorida xodimga tegishli boʻlgan aniq summa koʻrsatilishi kerak. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori komissiya majlisining raisi va kotibi tomonidan imzolanib, majburiy kuchga ega boʻladi va biron-bir tarzda tasdiqlanmaydi. Mehnat nizosi boʻyicha komissiya qarorining koʻchirma nusxasi xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida topshiriladi (yuboriladi).
- MehnatLABOR · 556-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishni sudga oʻtkazish va mehnat nizolari boʻyicha komissiya qarori ustidan shikoyat qilish
Agar mehnat nizolari boʻyicha komissiya oʻn kunlik muddat ichida yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqmasa yoki hal etmasa, manfaatdor xodim yoki uning vakili sudga murojaat qilishga haqli. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori ustidan manfaatdor xodim yoki ish beruvchi komissiya qarorining koʻchirma nusxasi oʻziga topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sudga shikoyat qilishi mumkin. Ushbu muddat oʻtkazib yuborilganligi arizani qabul qilishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Sud oʻtkazib yuborilgan muddatni uzrli deb topib, bu muddatni tiklashi va yakka tartibdagi mehnat nizosini mohiyatiga koʻra koʻrib chiqishi mumkin.
- MehnatLABOR · 557-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning aʼzolari uchun kafolatlar
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning aʼzolari boʻlgan xodimlarga nisbatan ular oʻz vakolatlarini amalga oshirayotgan davrda tarif stavkasini (maoshni) pasaytirishga va ish beruvchining tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan hollar mustasno. Yakka tartibdagi mehnat nizosini bevosita koʻrib chiqish va ishni koʻrib chiqishga tayyorlash davrida mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning aʼzolari boʻlgan xodimlar oʻrtacha ish haqi saqlangan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi.
- MehnatLABOR · 558-modda
Bevosita sudda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan yakka tartibdagi mehnat nizolari
Quyidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda koʻrib chiqiladi: 1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari boʻyicha komissiya tuzilmagan boʻlsa; 2) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash toʻgʻrisidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari taʼrifini oʻzgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq toʻlanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq toʻlash toʻgʻrisidagi; 3) xodimga mehnatda mayib boʻlganligi yoki kasb kasalligi tufayli yetkazilgan ziyonning oʻrnini yoxud xodimning mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash haqidagi; 4) ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi; 5) ishga qabul qilish rad etilganligi haqidagi; 6) ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda oldindan hal etilgan masalalar yuzasidan; 7) xodimlar va ish beruvchi jismoniy shaxslar oʻrtasida yuzaga keladigan; 8) oʻzini mehnat qilish va mashgʻulotlar sohasida kamsitilishga uchragan deb hisoblayotgan shaxslarning; 9) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash haqidagi. Yakka tartibdagi mehnat nizolari, ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilganlaridan tashqari, xodimning xohishiga koʻra, bevosita sudlarda ham koʻrib chiqiladi. Xodimning arizasini koʻrib chiqishni yakka tartibdagi nizo mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqilmaganligiga asoslangan holda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 559-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizosining koʻrib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish huquqi
Quyidagilar yakka tartibdagi mehnat nizosining koʻrib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega: 1) xodim yoki kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari; 2) Davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari; 3) ish beruvchi, u mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qaroridan norozi boʻlganda, shuningdek oʻziga xodim tomonidan yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash haqidagi nizolar boʻyicha; 4) qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari; 5) prokuror.
- MehnatLABOR · 56-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya ishini rejalashtirish
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning navbatdagi yil uchun ish rejasi komissiyaning joriy yil toʻrtinchi choragidagi oxirgi majlisida tasdiqlanadi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning ish rejasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: komissiya reglamentini tayyorlash uchun masʼul boʻlgan komissiya aʼzolari; komissiya majlislari oʻtkaziladigan sanalar; komissiya muhokamasiga taqdim etiladigan masalalarning taʼrifi; komissiya majlisining kun tartibiga kiritiladigan masalalarni tayyorlash uchun masʼul boʻlgan komissiya aʼzolari; jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining bajarilishi, komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish choralari; komissiya ishining texnik taʼminotiga qaratilgan chora-tadbirlar. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning ish rejasida komissiyaning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga, tegishli darajadagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan boshqa masalalar ham nazarda tutilishi mumkin. Taraflarning kelishuviga koʻra ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning ish rejasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya majlislarida ish rejasiga kiritilmagan qoʻshimcha masalalar ijtimoiy sheriklik taraflarining kelishuviga koʻra koʻrib chiqilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 560-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizosining koʻrib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish muddatlari
Yakka tartibdagi mehnat nizosining koʻrib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi: ishga tiklash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrugʻining koʻchirma nusxasi topshirilgan kundan eʼtiboran uch oy; xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan eʼtiboran bir yil; boshqa mehnat nizolari boʻyicha — xodim oʻzining huquqi buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran olti oy. Xodimning hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha, shuningdek xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar boʻyicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha sudga murojaat etish muddatining oʻtishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida koʻrib chiqish davrida toʻxtatib turiladi.
- MehnatLABOR · 561-modda
Mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi va boshqa ishga oʻtkazish haqidagi nizolar boʻyicha qarorlar qabul qilish
Mehnat shartnomasi qonuniy asossiz bekor qilingan, gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan, mehnat shartlari oʻzgartirilgan yoxud ishdan chetlashtirilgan hollarda yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiquvchi organ xodimni avvalgi ishiga tiklaydi, shuningdek avvalgi mehnat shartlarini tiklaydi. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishning qonuniyligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilayotganda sud xodim bilan mehnat munosabatlarini tugatishning asosliligiga baho beradi. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqayotgan sud xodimga majburiy progulning butun vaqti uchun oʻrtacha ish haqini yoki kam ish haqi toʻlanadigan ishni bajargan butun vaqti uchun ish haqidagi farqni toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Gʻayriqonuniy ravishda hukm qilinganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoxud gʻayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan ishdan (lavozimidan) chetlashtirilgan xodimga avvalgi ishi (lavozimi) berilishi kerak, agar buning imkoni boʻlmasa (tashkilotning (uning alohida boʻlinmasining) tugatilishi, qisqartirishga olib kelgan shtatlar oʻzgarishi yoki ishiga (lavozimiga) tiklanishiga toʻsqinlik qiluvchi qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud boʻlgan taqdirda), avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi kerak. Tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilgan hollarda yoki ishga (lavozimga) tiklashga monelik qiladigan, qonunda nazarda tutilgan oʻzga asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, boshqa teng ish berish mahalliy mehnat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 562-modda
Xodimlarni sud xarajatlaridan ozod qilish
Xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar boʻyicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan ozod qilinadi.
- MehnatLABOR · 563-modda
Daʼvo miqdoriga va uni taʼminlashga doir cheklovlarning mavjud emasligi
Yakka tartibdagi mehnat nizolari boʻyicha daʼvo miqdoriga va daʼvoni taʼminlashga doir hech qanday cheklovlar belgilanishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 564-modda
Mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilishda, ishdan gʻayriqonuniy ravishda chetlashtirishda yoki xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxsning zimmasiga moddiy javobgarlikni yuklash
Oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimga, ishdan gʻayriqonuniy ravishda chetlashtirilgan xodimga yoki gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimga ish haqi toʻlash bilan bogʻliq holda mansabdor shaxs tomonidan ish beruvchiga zarar yetkazilgan taqdirda, sud yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor boʻlgan mansabdor shaxs zimmasiga yuklatadi. Bunday majburiyat mansabdor shaxs xodimni ishga tiklash toʻgʻrisidagi mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning yoki sudning qarorini kechiktirgan taqdirda ham yuklatiladi. Moddiy zararning oʻrnini qoplash miqdori mansabdor shaxsning uch oylik maoshidan ortiq boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 565-modda
Maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish
Xodimning mehnat huquqlari buzilishi unga maʼnaviy va (yoki) jismoniy azob-uqubatlar yetkazishga sabab boʻlgan hollarda, sud ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisida xodimning talabiga koʻra qaror chiqarishga haqli. Maʼnaviy ziyonning miqdori sud tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 566-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya qarorining ijro etilishi
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorini ish beruvchi ushbu qaror ustidan shikoyat qilish uchun nazarda tutilgan oʻn kun oʻtganidan keyin uch kunlik muddatda ijro etishi kerak. Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatda mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorini ijro etmagan taqdirda, komissiya tomonidan xodimga ijro varaqasi kuchiga ega boʻlgan guvohnoma (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) beriladi. Guvohnomada: mehnat nizosi boʻyicha qaror chiqargan mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning nomi; qaror qabul qilingan va guvohnoma berilgan sanalar; xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi; nizoning mohiyati boʻyicha qaror koʻrsatiladi. Guvohnoma komissiya raisi va kotibining imzolari bilan tasdiqlanadi hamda xodimga imzo qoʻydirib beriladi. Xodim mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida guvohnomani olish uchun komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Agar xodim yoki ish beruvchi yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan boʻlsa, guvohnoma berilmaydi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya tomonidan berilgan hamda olingan kunidan eʼtiboran uch oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etilgan guvohnoma asosida davlat ijrochisi komissiyaning qarorini “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq majburiy tartibda ijro etadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida belgilangan muddatlarni xodim uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborgan deb topsa, komissiya bu muddatlarni tiklaydi.
- MehnatLABOR · 567-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlarning qaroriga binoan toʻlangan summalarni qaytarib undirib olishning cheklanishi
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qaroriga, shuningdek yakka tartibdagi mehnat nizosi boʻyicha sudning qaroriga koʻra xodimga toʻlangan summalarni qaror bekor qilinganida undan qaytarib undirib olishga faqat bekor qilingan qaror xodim tomonidan berilgan yolgʻon maʼlumotlarga yoki uning tomonidan taqdim etilgan qalbaki hujjatlarga asoslangan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
- MehnatLABOR · 568-modda
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining taʼrifini oʻzgartirish
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining taʼrifi notoʻgʻri deb yoki qonunchilikka muvofiq emas deb topilgan taqdirda, sud ushbu taʼrifni oʻzgartiradi va qarorda mehnat shartnomasini bekor qilish asosini qonunchilikka qatʼiy muvofiq ravishda qonunning tegishli moddasiga (qismiga, bandiga, xatboshiga) havola qilgan holda koʻrsatadi. Sud qonunchilikda nazarda tutilgan kafolatlarni berish toʻgʻrisidagi va xodimga tegishli ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori haqidagi masalani bir vaqtning oʻzida hal qiladi. Agar sud mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining taʼrifi xodimning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadi deb topsa, unda sud xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni uning talabiga koʻra kompensatsiya qilish masalasini hal etadi.
- MehnatLABOR · 569-modda
Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari boʻyicha qarorlarning darhol ijro etilishi
Oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimni ishga tiklash, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining taʼrifini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi sud qarori yoxud gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash haqidagi yoxud gʻayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilgan xodimga avvalgi ishini berish toʻgʻrisidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organning qarori darhol ijro etilishi lozim. Ish beruvchi tomonidan bunday qarorning ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan mehnat nizosini koʻrib chiquvchi organ, xodimning murojaatiga koʻra, ajrimning yoki qarorning ijrosi kechiktirilgan butun vaqt uchun xodimga oʻrtacha ish haqini yoki ish haqidagi farqni toʻliq miqdorda toʻlash toʻgʻrisida tegishincha ajrim yoki qaror chiqaradi. Ish beruvchi mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorini oʻz vaqtida ijro etmagan taqdirda, gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan yoki gʻayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilgan xodim oʻziga ish beruvchi tomonidan komissiya qarorining ijrosi kechiktirilishi sabab boʻlgan majburiy progulning butun vaqti uchun oʻrtacha ish haqi yoki ish haqidagi farq toʻlanishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli. Mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organning xodimga ish haqini toʻlash, lekin uch oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun toʻlash toʻgʻrisidagi qarori ham darhol ijro etilishi lozim. Sud hujjatlari yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlardan kelib chiquvchi talablarga koʻra bekor qilingan taqdirda, agar bekor qilingan sud hujjati daʼvogar xabar qilgan yolgʻon maʼlumotlarga yoki uning tomonidan taqdim etilgan qalbaki hujjatlarga asoslangan boʻlsa, sud hujjatining qaytarma ijro etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
- MehnatLABOR · 57-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalarining reglamenti
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalarining faoliyati tegishli komissiyaning birinchi majlisida taraflarning kelishuvi bilan tasdiqlanadigan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya reglamentiga binoan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 570-modda
Asosiy tushunchalar
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini dastlab yarashtirish komissiyasida, unda kelishuvga erishilmaganda esa mehnat arbitrajida, shuningdek taraflarning oʻzaro kelishuviga koʻra mediatsiya tartib-taomillarini qoʻllagan holda tadrijiy hal etishdan (tartibga solishdan) iboratdir. Yarashtirish komissiyasi jamoaviy mehnat nizosini taraflarni yarashtirish yoʻli bilan hal etish (tartibga solish) uchun ish beruvchi va xodimlar (ularning vakillari) oʻrtasidagi kelishuv asosida tuziladigan organdir. Mehnat arbitraji yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda jamoaviy mehnat nizosi taraflari tomonidan nizoni hal etish uchun vakolatli shaxslarni jalb etgan holda tuziladigan vaqtincha yoki doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi organdir. Ish beruvchining (uning vakilining) xodimlar (ularning vakillari) talablarining barchasini yoki bir qismini rad etish toʻgʻrisidagi qarori xabar qilingan kun yoki ish beruvchi (uning vakili) ushbu Kodeks 572-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarda oʻz qarori haqida xabar qilmagan kun jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kun hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 571-modda
Xodimlarning va ular vakillarining talablar qoʻyishi
Ushbu Kodeksning 42-moddasiga muvofiq belgilangan xodimlar va ularning vakillari talablar qoʻyish huquqiga ega. Tashkilot (tashkilotning alohida boʻlinmasi) xodimlari va (yoki) ularning vakillari tomonidan qoʻyilgan talablar xodimlarning tegishli umumiy yigʻilishida (konferensiyasida) tasdiqlanadi, yozma shaklda bayon qilinadi hamda xodimlarning jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun ular vakolat bergan vakillar tomonidan ish beruvchiga yuboriladi. Ish beruvchi xodimlarga yoki xodimlarning vakillariga talablar qoʻyish yuzasidan umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazish uchun zarur xona berishi shart va uni oʻtkazishga toʻsqinlik qilishga haqli emas. Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining talablari ularning saylab qoʻyiladigan kollegial organlari tomonidan qoʻyiladi va ijtimoiy sheriklik taraflariga yuboriladi. Ushbu moddaning ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) boʻyicha tegishli davlat organiga yuborilishi, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Bu holda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) boʻyicha davlat organi talablarni jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi olganligini tekshirishi shart.
- MehnatLABOR · 572-modda
Xodimlarning va ular vakillarining talablarini koʻrib chiqish
Ish beruvchilar xodimlarning oʻzlariga yuborilgan talablarini koʻrib chiqish uchun qabul qilishi shart. Ish beruvchi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida kasaba uyushmasi qoʻmitasiga xodimlarning talablari olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda xabar beradi. Ish beruvchilarning (ish beruvchilar birlashmalarining) vakillari kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, agar tegishli darajada kasaba uyushmalari mavjud boʻlmasa, xodimlar boshqa birlashmalarining oʻzlariga yuborilgan talablarini koʻrib chiqishi va qabul qilingan qaror haqida ularga koʻrsatilgan talablar olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida xabar berishi shart.